22 iyul kuni Koreya Respublikasi hukumati taqdim etgan va mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi uchun mo‘ljallangan insonparvarlik yordamining ikkinchi jo‘natmasi ortilgan «Korean Air» aviakompaniyasi samolyoti O‘zbekistonga yetib keldi.
Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 144 ming dona tibbiy niqobdan iborat insonparvarlik yordamining birinchi jo‘natmasi joriy yilning 10 iyul kuni yetkazib berilgan edi. Hozirgi ko‘mak yukida 206 ming dona shu kabi tibbiy niqoblar mavjud.
Shuningdek, Cingapurning «Temasek Foundation» fondi 30 dona «Yuwell 7F-5» kislorod konsentratorini beg‘araz asosda taqdim etdi. 22 iyul kuni yuklarni O‘zbekiston tomoniga rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kislorod konsentratorini mamlakatimizga jo‘natish bilan bog‘liq tashkiliy jarayon O‘zbekistonning Cingapurdagi elchixonasi tomonidan amalga oshirildi.
Cingapur tomonining 30 ta kislorod konsentratorini yetkazib berish bo‘yicha qaror O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi kompleks chora-tadbirlar va qat’iy harakatlarni amalga oshirish maqsadida o‘z vaqtida va manzilli ko‘rsatilgan yordam bo‘ldi.
Uskunalarni mamlakatimizga olib kelish uchun 22 iyul kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi tomonidan Shanxay shahri orqali reys tashkil qilindi. Ayni paytda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi kislorod konsentratorlarini qabul qilib oldi.
Izoh qoldirish