Laylo Rustamova: Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qog‘oz kundalikdan voz kechilmoqda

Laylo Rustamova: Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qog‘oz kundalikdan voz kechilmoqda

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova maxsus brifing orqali ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan elektron kundalik masalasidagi qator savollarga javob berdi.

«O‘zbekistonda har kim bepul ta’lim olish huquqiga ega. Elektron kundalik uchun to‘lov bolaning bu huquqini cheklamaydimi?» degan savolga XTV rasmiysi «Yo‘q» deya javob berdi.

«Yo‘q, cheklamaydi. Sababi kundalik yoki boshqa o‘quv anjomlari maktab tomonidan bepul berilmaydi. Ota-onalar har doim o‘z farzandlari uchun zarur barcha narsalarni o‘zlari xarid qilib kelishgan.

Elektron kundalikning joriy etilishi bilan qog‘oz kundalikdan voz kechilmoqda. Bunda qog‘ozli kundalikning o‘rtacha bahosi hisobi olinib, uning elektron muqobili uchun yillik obuna 9200 so‘mga baholanmoqda.

Shularni inobatga olib, Xalq ta’limi vazirligi 2020/2021-o‘quv yili boshlanishidan oldin elektron kundalik joriy etilayotgan maktablarning ota-onalariga qog‘oz kundalik sotib olmaslikni so‘rab murojaat qilgan», – dedi Laylo Rustamova.

Uning aytishicha, kundalikning elektron talqini ota-onaga va bolaning boshqa yaqinlariga darslarni, uy vazifalarni, bolalarning davomatini uydan chiqmasdan turib, ishdan chalg‘imagan holda va hatto chet elda turib ham nazorat qilish imkoniyatini beradi.

«Ushbu kundalik yordamida ota-onada bolaning uy vazifasi, davomati, sharhlar, baholar, maktab hayotidan doimiy xabardor bo‘lish imkoniyati mavjud. Agar uy vazifasini bajarish jarayonida bolada savol tug‘ilsa, u o‘qituvchisiga tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi ham mumkin. O‘qituvchi esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarga qo‘shimcha o‘quv materialini taqdim etishi, video darsiga havola yuborishi mumkin bo‘ladi», – dedi vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, Laylo Rustamova ota-onalarda tanlash huquqi borligini ta’kidladi.

«Ular ushbu tizim orqali farzandlarining bilim olish darajasini nazorat qilishi va bu bilan uning sifatini oshirib borishi yoki elektron kundalikdan voz kechgan holda bolaning baholarini maktabga borganda bilib turishlari mumkin. Hech kimga hech qanday majburiy talab yo‘q.

Bilamizki, hech qanday yangilik osonlik bilan qabul qilinmaydi. Lekin aytish joizki, elektron kundalikning afzalliklari juda ko‘p. Bu birinchi navbatda o‘qituvchining vaqtini tejashdir. O‘qituvchilar endilikda qog‘oz jurnalini to‘ldiradigan vaqtini o‘zi va o‘quvchilari ustida ishlashga sarflashi mumkin bo‘ladi.

Ko‘p yillar davomida elektron jurnal va kundalik qo‘llanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejay oladi», – dedi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Laylo Rustamova.

Shuningdek, vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda bugungi kunga qadar elektron Kundalik tizimida ro‘yxatdan o‘tgan maktablar soni 1557 ta bo‘lib, shundan 1482 ta maktab qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron obuna uchun 9200 so‘m bo‘lgan to‘lovni 30 noyabrdan e’tiboran amalga oshirish mumkin.

«23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlangan. Ota-onalarga o‘zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko‘ra olayotganliklarini tekshirishlari tavsiya etiladi», – dedi vazirlik vakili.

Elektron kundalik xorijiy kompaniyaniki bo‘lsa, bu bolalarning ma’lumotlarini xavfga qo‘ymaydimi? Ushbu savolga Laylo Rustamova quyidagicha javob berdi.

«Elektron kundalik foydalanuvchilari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa, o‘quv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyasini ta’minlaydi. Bundan tashqari, Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalanilganda internet-trafik sarflanmaydi.

Agar elektron kundalikni qo‘llash bo‘yicha savollar yuzaga kelsa, ularga javoblarni kompaniyaning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga +998 (78) 888-82-82 raqami orqali murojaat qilgan holda olish mumkin», – deydi Laylo Rustamova.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar