Ushbu qaror 2020 yildagi pul-kredit siyosati yumshatilishining iqtisodiyotga ta’sirini saqlab qolish, shuningdek, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va 2021 yilning I yarmida iqtisodiy faollik tiklanishining davom etishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyasiyaning 2021 yilga mo‘ljallangan yillik 10 foizdan past oraliq maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.
Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. Joriy yilning noyabr oyida inflyasiya darajasi pasayishda davom etdi va yillik 11,3 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, yoz mavsumida narxlar o‘sishining sezilarli sekinlashishidan so‘ng sentyabr oyining oxiridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining ma’lum darajada tezlashishi kuzatildi. Bunda asosan meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘zgarishi hamda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifidagi uzilishlar va sust raqobat sharoitlari ushbu tovarlar narxlarining o‘sishiga olib keldi.
Xususan, noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi yillik hisobda 16,3 foizni tashkil etdi. Bunda 2019 yil noyabr oyiga nisbatan go‘sht mahsulotlari 17,7 foizga, meva va sabzavotlar 18,5 foizga, non mahsulotlari 16 foizga qimmatlashdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur’atlari esa umumiy inflyasiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,3 foiz va 6,5 foizni tashkil etdi. Natijada yillik bazaviy inflyasiya darajasi sekinlashishda davom etib, 11,5 foizgacha pasaydi.
Joriy yilning noyabr oyida aholining inflyasion kutilmalari biroz pasaygan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari aksincha ortdi. Tadbirkorlikning bir qator sohalarida inflyasion kutilmalarning o‘sishi qish mavsumida an’anaviy energiya resurslari (tabiiy gaz, elektr energiyasi) ta’minotidagi uzulishlar bois ishlab chiqarish xarajatlarning oshishi va taklif hajmi pasayishining kutilayotganligi bilan izohlanadi.
Iqtisodiy faollik. Joriy yil yanvar-oktyabr oylari yakunlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bir qator asosiy ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etdi. Xususan, oktyabr oyi yakunlari bo‘yicha yillik sanoat ishlab chiqarish hajmining pasayishi 1,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa (yanvar-sentyabr oylaridagi pasayish 2,7 foiz), chakana savdo aylanmasining ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari 1,2 foiz darajasigacha tiklandi. Xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida bajarilgan ishlar hajmi o‘sishi mos ravishda 2,2 foiz va 9,1 foiz darajasida bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, qisqa muddatli davrda iqtisodiy o‘sish o‘z potensial darajasidan past bo‘lishi kutilmoqda. Bu talab hamda taklifning bosqichma-bosqich tiklanib borishi, shuningdek, ayrim iqtisodiyot tarmoqlarining to‘liq tiklanishi uchun uzoqroq muddat talab etilishi bilan izohlanadi.
Iqtisodiy faollikning operativ ko‘rsatkichlari bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasini namoyon etmoqda. Xususan, bank to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni joriy yil oktyabr oyida o‘tgan oyga nisbatan 7,3 foizga, noyabr oyida esa 1,1 foizga oshdi.
Savdo va pullik xizmatlar sohasida bank kassalariga pul tushumlari hajmi noyabr oyida oktyabrdagi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga kamayib, 14,3 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 11,8 foizga oshdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha YaIMning real o‘sishi 1-1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari. Joriy yilning noyabr oyida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi noyabr oyida Markaziy bank asosiy stavkasidan kichik ijobiy spred bilan 14,1 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda asosiy stavkaning pasaytirilishi, maqbul foiz stavkalari mexanizmining joriy etilishi, majburiy zaxiralash me’yorlarining yumshatilishi va likvidlik taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari hajmining ortishi fonida pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshab borishi davom etdi.
Oktyabr oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 19,2 foizgacha pasaydi. Yuridik shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari 14,2 foiz, jismoniy shaxslar uchun esa 17 foiz darajasida shakllandi.
Ushbu davrda bank tizimidagi depozitlar o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qoldi. Xususan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida milliy valyutadagi jami depozitlar 16 foizga, jumladan, jismoniy shaxslarning depozitlari 22,5 foizga ko‘paydi.
Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida tijorat banklari tomonidan jami 112,2 trln. so‘mlik kreditlar ajratilib, iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i o‘sishi 32,1 foizni (67 trln. so‘m) tashkil etdi.
Milliy valyuta almashuv kursining 2020 yil aprel oyidagi to‘g‘rilanishidan so‘ng valyuta kursi dinamikasi nisbatan past darajadagi tebranish bilan xarakterlandi va asosan xorijiy valyutaga talab va taklifning ichki fundamental omillari ta’sirida shakllandi. Milliy valyuta devalvatsiyasi noyabr oyida 0,6 foizni va yil boshiga nisbatan 9,7 foizni tashkil etdi.
Bunda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab trendi milliy valyuta kursi shakllanishining asosiy omili bo‘ldi. Pandemiya sharoitida eksport tushumlarining qisqarishi oltin narxining ko‘tarilishi va mos ravishda Markaziy bank tomonidan “oltin-valyuta zaxiralari neytralligi tamoyili”ni saqlab qolgan holda amalga oshirilgan intervensiyalar hajmining ortishi va inqirozga qarshi jamg‘armaning valyuta mablag‘lari ishlatilishi hisobidan qoplandi.
Shu sababli, qat’iy karantin sharoitlarida ham valyuta kursi nisbatan barqaror bo‘ldi (joriy yil aprel oyini istisno qilganda) va iqtisodiy faollikning tiklanishi sharoitida chet el valyutasiga bo‘lgan kechikkan talabning namoyon bo‘lishi bilan devalvatsiya sur’atining biroz tezlashishi kuzatildi. Xususan, karantindan keyingi avgust-noyabr oylarida milliy valyuta kursi 2,2 foizga qadrsizlandi.
Joriy yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha, so‘mning real samarali almashuv kursi ijobiy tafovuti qisqarib, o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllandi.
Kelgusi yilda inflyasiya darajasining yanada pasayishi real samarali almashuv kursining muvozanat qiymatiga yaqin darajada saqlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Prognozlar va xatarlar. Kelgusi oylarda iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi xatarlar ehtimoli past darajada saqlanib qolmoqda.
Asosiy xatarlar oziq-ovqatlar bozoridagi qisqa muddatli tendensiyalar bilan bog‘liq. Jumladan, mavsumiy omillar, raqobat sharoitlari, shuningdek, jahon oziq-ovqat bozorlari kon’yunkturasi ta’sirida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning qimmatlashishi yaqin kelajakda inflyasiyani oshiruvchi xatar sifatida qaralishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, ichki bozorda tovarlar taklifining zarur hajmini barqaror darajada ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bunda ushbu tovarlar guruhi uchun tarif va notarif cheklovlarni yumshatish orqali muhim iste’mol tovarlari narxlarining yanada pasayishiga erishish imkoniyati mavjud.
Ayrim tarmoqlarda narxlarning ko‘tarilishiga ishlab chiqaruvchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashdagi uzilishlar sababli xarajatlarning ko‘payishi va ishlab chiqarishning vaqtincha to‘xtashi sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, iqtisodiyotda kredit yuki (iqtisodiyotdagi kredit qo‘yilmalarining YaIMga nisbati) o‘sish sur’atlarining tezlashishi kuzatilmoqda. Yil yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkichning YaIMga nisbatan 48-50 foizgacha yetishi kutilmoqda, 2017 yil oxirida YaIMga nisbatan 35-37 foiz atrofida shakllangan.
2020 yil yakuni bo‘yicha yillik inflyasiya darajasining 11-11,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Asosiy ssenariy bo‘yicha 2021 yilda inflyasiya darajasining yillik 9-10 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyasiyaning omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishni davom etadi va inflyasiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqib asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi tayanch yig‘ilishi 2021 yil 21 yanvarga belgilangan.
Izoh qoldirish