Markaziy bank Toshkent shahrida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini baholash yuzasidan bank xizmatlari iste’molchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qilgan.
Mazkur so‘rovnoma tijorat banklari mijozlari bilan yuzma-yuz savol-javoblar shaklida o‘tkazilib, unda 1 092 ta respondent ishtirok etdi (450 nafar jismoniy shaxs va 642 nafar tadbirkorlik sub’yekti).
Tijorat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash yuzasidan so‘rovnoma 4 ta mezon (ishonchlilik, ko‘nikma, hozirjavoblik hamda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash) asosida o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchilar tomonidan 5 ta bankda (Ipak yo‘li bank, Aziya Alyans bank, Invest Finans bank, Oriyent Finans bank, Kapitalbank) xizmat ko‘rsatish sifati boshqa banklarga nisbatan “yaxshi”, 8 ta bankda esa (O‘zsanoatqurilishbank, O‘zmilliybank, Trastbank, Hamkorbank, Aloqabank, Ipoteka-bank, Turonbank, Asaka bank) ko‘rsatilayotgan xizmatlar “qoniqarli” deb baholandi.
Shuningdek, respondentlar fikriga ko‘ra, Poytaxtbank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Agrobank, Xalq banki va Davr-bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarning ehtiyojlarini “qoniqtirmaydi”.
Natijalar bank xizmatlari iste’molchilarining so‘rovnoma davomida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan va Markaziy bankning pozitsiyasi hisoblanmaydi.
Markaziy bank banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash bo‘yicha tadbirlarni bank xizmatlari iste’molchilari o‘rtasida davriy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali davom ettiradi hamda o‘rganish natijalarini Markaziy bankning kommunikatsiya kanallari orqali keng jamoatchilikka taqdim etadi.
Kelgusida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash vositalarini kengaytirish, shu jumladan, “sirli mijoz” mexanizmidan foydalanish hamda sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish