Zamira Tasheva ushbu mualliflik maqolasida markirovkalashning davlat uchun, tadbirkor hamda xaridor uchun keltiradigan foydasi va maqsadi, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekiston tajribalarini keltirgan.
Markirovkalash nima?
Markirovkalash - bu mahsulotda maxsus shifrlangan belgi bo‘lib, u ishlab chiqaruvchi, mahsulot seriya raqami kabi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Tegishli ravishda, keng ko‘lamli markirovkalash ishlab chiqarish zanjirining barcha ishtirokchilariga (ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, ulgurji va chakana savdo nuqtalari, iste’molchilar) bir-biri bilan tezroq va ishonchli aloqada bo‘lishga yordam beradi.
Markirovkalashning asosiy maqsadi - aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi turishdir. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ushbu mexanizmning joriy etilishi nafaqat tovarlarning ishlab chiqarish/importidan to oxirgi sotish va muomaladan chiqarilishigacha bo‘lgan hayotiy siklini kuzatish, balki byudjetga soliq tushumlarini ko‘paytirish imkonini beradi.
Markirovkalashning foydasi
Mahsulot tarkibi: mahsulot yorlig‘i xaridorga nima iste’mol qilayotganini bilish imkonini beradi. Bu iste’molchiga mahsulot qanchalik sog‘lom yoki nosog‘lom ekanligini bilish, mahsulot asl ishlab chiqaruvchiga tegishli ekanligini o‘rganish imkoniyatini yaratadi.
Iste’molchi sotib olingan mahsulotlarning qonuniyligi, ularning hayoti va salomatligi uchun xavfsizligiga shubha qila olmaydi. Maxsus mobil ilova orqali istalgan fuqaro tovarlarni oldindan tekshirishi va aniqlangan noqonuniy mahsulotlar haqida xabar berishi mumkin va bu ma’lumotlar tegishli nazorat organiga o‘tkaziladi.
Tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimida ishtirok etuvchi qonuniy ishlab chiqaruvchilar va importchilar bozorda qalbakilashtirish va kontrabanda ulushining kamayishi hisobiga daromadning oshishiga va raqobatbardoshlikning oshishiga olib keladi.
Biznes mahsulotlarning harakatini kuzatishi va logistikani tejashi, mavsumiylik, intensivlik va sotish geografiyasi bo‘yicha dolzarb statistik ma’lumotlarga asoslanib, ta’minot va ombor zaxiralarini optimallashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada xarajatlar kamayadi va mehnat unumdorligi oshadi.
Davlat darajasida tovarlarning raqamli markirovkasi "qora" bozorini kamaytiradi, soliq to‘lovlari va bojxona to‘lovlarini oshiradi, tovar bozorlarini nazorat qilishni tashkil etish xarajatlarini kamaytiradi.
Markirovkalashning foydalari
Xaridor uchun | - tovar qayerda va qachon ishlab chiqarilgan, amal qilish muddati qanday, qayerda va qanday sotilgan, partiya raqamini bilish imkonini beradi; - sotib olingan mahsulot qalbakilashtirilmaganligiga ishonch hosil qilinadi; - hayot va sog‘liq uchun xavfsizlik darajasini bilish imkoni bo‘ladi. |
Tadbirkorlar uchun | - raqobat muhiti yaxshilanadi, qalbaki mahsulot sotish, soliq to‘lashdan qochish hollari kamayadi; - ta’minot zanjirini tahlil qilish, yetkazib berish xarajatlarini optimallashtirish, ombor zaxiralarini kamaytirish imkoni paydo bo‘ladi; - mahsulotlar harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish sikllarini rejalashtirish va uning aylanmasini ko‘paytirish imkoni bo‘ladi. |
Davlat uchun | - xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashiladi; - soliq va bojxona ajratmalari ko‘payadi. |
Qozog‘iston tajribasi
Qozog‘istonda majburiy markirovkalash tizimi 2018 yildan boshlab joriy qilingan. Mamlakatda mo‘ynali kiyimlar, filtrli sigaretalar va boshqa tamaki mahsulotlari majburiy markirovka qilinadi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda Qozog‘istonda poyafzallarni markalash va kuzatib borish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushgan. Agar poyabzal Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, markirovka mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘z-o‘zidan amalga oshiriladi. Agar poyabzal chet elda yoki Evropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan bo‘lsa, import qiluvchi tovarlarga belgi qo‘yishga mas’ul bo‘ladi. Bunda yoki ishlab chiqaruvchi o‘zi Qozog‘iston tashqarisidagi ishlab chiqarish maydonida markirovkalab beradi, yoki importchi markirovka kodlarini oldindan buyurtma qilib, import tovarlari deklaratsiyasida ko‘rsatadi.
Shuningdek, Qozog‘istonda 2019 yil 1 iyundan spirtli ichimliklar uchun, 2019 yil 9 sentyabrdan dori vositalari bo‘yicha va 2020 yil 1 oktyabrdan sut mahsulotlari uchun pilot loyihalar ishga tushirilgan. Bu turdagi mahsulotlarni keying 2-3 yilda to‘liq markirovkalash tizimiga o‘tish rejalashtirilgan.
Rossiya tajribasi
Rossiyada 2017 yil 31 dekabrda tovarlarni majburiy markalashni nazarda tutgan qonun ishga tushgan. 2021 yil boshiga kelib 9 ta mahsulot guruhi markalanadi va kuzatiladi. Ro‘yxat 2024 yilga borib asta-sekin kengaytiriladi.
Jumladan, tabiiy mo‘ynali mahsulotlar - 2016 yil 12 avgustdan, tamaki mahsulotlari - 2019 yil 1 martdan, dori vositalari va poyabzallar - 2020 yil 1 iyuldan, fotosurat uskunalari va chiroqlar - 2020 yil 1 oktyabrdan, parfyumeriya mahsulotlari - 2020 yil 1 oktyabrdan, shinalar - 2020 yil 1 noyabrdan, kiyim va ichki kiyim - 2021 yil 1 yanvardan, pishloq va muzqaymoq - 2021 yil 1 iyundan majburiy markalanadi.
Keyingi bosqichda zargarlik buyumlari - 2021 yil 1 iyuldan, sut mahsulotlari - 2021 yil 1 sentyabrdan majburiy markirovkalash yo‘lga qo‘yiladi. Velosipedlar, qadoqlangan suv, nogironlar aravachalari, pivo, biologik faol oziq-ovqat qo‘shimchalarini markirovkalashning pilot bosqichi davom etmoqda.
O‘zbekiston tajribasi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 noyabrdagi 737-sonli “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi, 2020 yil 31 dekabrdagi 833-sonli “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2021 yild 20 aprelagi 322-sonli “Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq O‘zbekistonda ham bosqichma-bosqich majburiy markirovkalash tizimiga o‘tilmoqda.
O‘zbekistondagi mahsulotni markirovkalash va kuzatishga mo‘ljallangan “Asl Belgisi” milliy tizimi yaratildi. Markirovkalash va mahsulotni kuzatishni monitoring qilish bo‘yicha milliy axborot tizimi davlat va xususiy sheriklik asosida ishlaydi. Tizim tomonidan taqdim etilgan maxsus raqamli kod tovarlarning haqiqiyligi va sifatini kafolatlashga qaratilgan. Tizimning asosiy vazifasi - fuqarolarning xavfsizlik darajasini oshirish, soxta va sifatsiz analoglariga qarshi kurash hisoblanadi.
Ushbu tizim nima beradi?
Bunday raqamli belgilarni qo‘llash mahsulot haqidagi barcha ma’lumotlarni olish imkoniyatini beradi. Jumladan, ishlab chiqaruvchining nomi, ishlab chiqarilgan yoki sotiladigan joy, sana va vaqt, yaroqlilik muddati, standart raqam kabi ma’lumotlar maxsus kod ostiga joylashtiriladi. Ma’lumotlar davlat axborot tizimida saqlanadi. Bu barcha turdagi noqonuniy mahsulotlarning (qalbaki, kontafakt, kontrabanda va boshqalar) tarqalishini kamaytiradi.
O‘zbekistonda nimalar markirovkalanadi?
Mamlakatimizda 2021 yilning 1 yanvaridan tamaki va alkogol mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash boshlandi. 1 apreldan pivo mahsulotlarining majburiy markirovkasiga start berildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, respublikadagi 3 ta yirik pivo zavodida markirovkalangan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Keyingi bosqichda dori-darmon va tibbiyot mahsulotlari, suv va alkogolsiz ichimliklar, shuningdek, maishiy texnika mahsulotlarini markirovka qilishga o‘tish rejalashtirilgan. Markirovkalangan mahsulotlar yangilanayotgan 1217 turdagi mahsulot (108 turdagi tamaki, 1039 turdagi alkogol, 70 turdagi pivo) haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Milliy katalogda” aks etadi.
O‘zbekistonda markirovka qilinishi kerak bo‘lgan mahsulotlar
| Boshlanishi | Markirovkalangan kodlar soni | Tovar aylanmasi ishtirokchilari soni |
Tamaki mahsulotlari | 2021 yil 1 yanvar | 198 564 716 ta | 4310 ta |
Alkogol mahsulotlari | 2021 yil 1 yanvar | 125 791 945 ta | 5498 ta |
Pivo | 2021 yil 1 aprel
| 16 994 046 ta | 4129 ta |
Tajriba loyihalari | |||
Dori vositalari va tibbiy mahsulotlar | 2021 yil 1 iyun | - | - |
Suv va alkogolsiz ichimliklar | 2021 yil 15 iyun | - | - |
Maishiy texnika | 2021 yil 1 iyul | - | - |
O‘tgan 7 oy ichida "CRPT TURON" MChJ 691 million ta markirovka kodini chiqargan. 1 yanvardan 1 avgustgacha bo‘lgan davrda spirtli ichimliklar emissiyasi uchun 205 millionta kod va tamaki mahsulotlari uchun 346 millionta kod chiqarilgan. O‘zbekistonda pivoni majburiy markalash 1 apreldan boshlangani tufayli oxirgi 4 oyda pivo uchun 139 millionta Data Matrix kodlari chiqarildi.
691 milliondan ortiq kodlardan jami qariyb 518 millionta kod ishlatilgan, shundan 288 million tamaki mahsulotlari, 82 million pivo va 148 millionga yaqin alkogolli ichimliklar uchun kodlar hisoblanadi.
Bugungi kunda mahsulotlarini sotib olayotganda, xaridor ularning haqiqiyligini tekshirish imkoniyatiga ega. Buning uchun "Asl Belgisi" bepul mobil ilovasini yuklab olish va Data Matrix kodini skanerlash kerak. Tovarlarning raqamli pasportida ishlab chiqaruvchi yoki importyorning nomi, tovar vazni va o‘lchamlari va ishlab chiqarilgan sanasini bilib olish mumkin. Lekin eng muhimi, mahsulotning haqiqiyligiga ishonch hosil qilish va halol ishlab chiqaruvchi foydasiga tanlovni amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.
Bundan tashqari, tajriba loyiha doirasida, yaqin kunlarda xaridor ma’lum turdagi dori-darmonlar, alkogolsiz ichimliklar va suv, shuningdek, maishiy texnikaning haqiqiyligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Milliy katalog loyihasi
"Asl belgisi" milliy raqamli markirovkalash tizimining bir qismi bo‘lgan Milliy katalog aynan katalogda ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar markirovkalashni rejalashtirgan mahsulotlar to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planadi va tekshiriladi. Belgilash kodini olishdan oldin ishlab chiqaruvchi (yoki import qiluvchi) mahsulotlarga tegishli barcha ma’lumotlarni Milliy katalogga kiritadi. Tovarlar haqida ma’lumotni Milliy katalog veb-saytida (http://catalog.milliykatalogi.uz) ham, shtrix-kodlarni skanerlash va yorliqli tovarlar to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beruvchi “Asl belgisi” mobil ilovasida ham topish mumkin bo‘ladi.
“Asl Belgisi” tizimini yo‘lga qo‘yish iste’molchiga qonuniy tovarlarni sotib olishga ishonchni orttirish, insonlar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, jamoat nazorati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish imkonini beradi. Biznes uchun daromadlarning o‘sishi va rasmiy biznesning raqobatbardoshligini oshirish, jarayonlarni optimallashtirish va xarajatlarni kamaytirish, ta’minot zanjiri bo‘ylab mahsulotlarning harakatlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kirishga imkon yaratadi. Davlat esa xufyona bozorni pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, soliq va bojxona to‘lovlarining ko‘payishi, tovar bozorlarini nazorat qilishni ta’minlash uchun byudjetni tejashdan foyda ko‘radi.
Zamira Tasheva
"CRPT TURON" MChJ matbuot xizmati rahbari
Izoh qoldirish