Marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi – Prezident qarori

Marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi – Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorda keltirilishicha, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining 2023 yil 1 martga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibini joriy qilinadi.

Birinchidan, qimmatbaho metallar keyinchalik xom ashyo ko‘rinishida qayta sotish huquqisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki tovar-xom ashyo birjasi orqali narxning 15 foizlik avans to‘lovini amalga oshirgan holda 180 kunga kechiktirib to‘lash sharti bilan sotiladi.

Shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib to‘lash sharti bilan olingan qimmatbaho metallar uchun to‘lovni kafolatlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bilan kelishilgan holda “O‘zmilliybank” AJ kafolatini taqdim etadi.

“O‘zmilliybank” AJ tovar-xom ashyo birjasi orqali 180 kunga kechiktirib to‘lash sharti bilan sotilgan qimmatbaho metallar uchun bank kafolatini shartnoma summasining 85 foizigacha (85 foizi ham kiradi) miqdorda yillik 2 foizgacha komissiya undirgan holda taqdim etadi.

Marvarid, olmos va qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari solinmaydi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3818-son qaroriga 1-ilovaning 7101–7104 TIF TN pozitsiyalari).

Ikkinchidan, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

a) zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi. Bunda zargarlik buyumlariga lazer usullari yordamida tushirilgan shaxsiy tamg‘aning haqiqiyligini tasdiqlash ishlab chiqaruvchining zimmasiga yuklanadi;

b) zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi bilan tamg‘alash usuli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil belgilanadi;

v) affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, yombilarni sotish narxi hisob-kitob amalga oshirilgan sanadagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam bo‘lmagan miqdorda ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi;

g) qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi;

d) quyidagi hollarda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish (ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, ta’sis hujjatlari va boshqa ma’lumotlarni so‘rab olish) talab etilmaydi:

naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravaridan oshmagan taqdirda;

operatsiyaning umumiy summasidan qat’i nazar, o‘zaro hisob-kitob naqd pulsiz va jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilganda.

Bunda, mijoz, uning vakili va benefitsiar mulkdorning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud bo‘lgan holatlarda operatsiyaning summasi va to‘lov shaklidan qat’i nazar, mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish choralari ko‘rilishi lozim.

Uchinchidan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy manba bilan ta’minlash maqsadida keyinchalik mikrokreditlar ajratish uchun “O‘zmilliybank” AJga 30 million AQSh dollari ekvivalentida 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past foiz stavkasida mablag‘ yo‘naltiriladi.

To‘rtinchidan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan mazkur qarorning 4-bandida belgilangan mablag‘lar hisobidan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlari va xom ashyo xarid qilish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish maqsadida kuyidagi shartlarda mikrokreditlar ajratiladi:

  • 300 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda 3 yil muddatga, 6 oygacha imtiyozli davr bilan;
  • Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta’minot turlari asosida.

Beshinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi bilan birgalikda:

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining asoslangan buyurtmalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida hamda “ustoz-shogird” uslubida zargarlik sohasida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy ko‘nikmalar asosida yoshlar uchun o‘quv kurslar tashkil etilishini;

zargarlik sohasidagi zamonaviy va innovatsion texnologiyalardan foydalanishga o‘rgatish jarayonlariga ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari va ulardan foydalanish ko‘nikmalariga ega malakali mutaxassislar jalb etilishini ta’minlaydi.

Oltinchidan, 2021–2023 yillarda zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va yaratiladigan yangi ish o‘rinlarining maqsadli parametrlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

Yettinchidan, Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar Soliq kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

  • qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning o‘lchov plastinalari va granulalari, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish;
  • 2023 yil 1 martga qadar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun berilgan soliq imtiyozlarini tatbiq etish.

Sakkizinchidan, Buxoro, Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari Buxoro, Samarqand, Namangan va Qo‘qon shaharlari hududlarida joylashgan yirik bozorlarning zargarlik buyumlarini chakana sotishga ixtisoslashgan savdo rastalari o‘rnida milliy brend asosida ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlarining zamonaviy ko‘rgazma-savdo do‘konlari va zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etiladi.

To‘qqizinchidan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston milliy zargarlik brendini jahonga tanitish maqsadida 2021 yilda Dubay (BAA) shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “World Expo – 2021”, keyinchalik xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan barcha nufuzli ko‘rgazmalar doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etiladi.

O‘ninchidan, 2023 yil 1 yanvarga qadar zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilinadi.

Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilangan.

Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda oltindan zamonaviy eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtiryapti. Loyihaning umumiy qiymati 5 million dollarga teng. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar