Qalbaki va sifatsiz doridan o‘zingizni asrang

Qalbaki va sifatsiz doridan o‘zingizni asrang

Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi! Ozroq shamollasak yoki betob bo‘lib qolsak, shifokor ko‘rigiga borishga erinib, darhol o‘z bilganimizcha muolajalarga kirishamiz. O‘zimiz bilgan yoki yaqinlarimiz maslahatiga qarab, juda bo‘lmasa turli reklamalarda ko‘zimiz tushgan dori vositalarini xarid qilishga shoshilamiz!

Ammo, dorini xarid qilishda uning asilligi va kontrafakt ekanligini aniqlashga harakat ham qilmaymiz. Dorixonadan olindimi demak hammasi joyida deb hisoblaymiz.

Vaxolanki, dunyo bo‘ylab kontrafakt dori vositalari savdosi hajmi hozirda 4,4 mlrd AQSh dollariga yetgan. Va biz ham bu muammodan holimiz deb ayta olmaymiz.

O‘zbekistonga nafaqat sifatsiz va qalbaki dori vositalarini olib kirishga, balki o‘zimizda ham yashirin sehlarda ishlab chiqarishga urinishlar aniqlanmoqda.

Shahboz Yusupov, Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv ma’muriy amaliyot boshqarmasi bosh inspektori:

Raqamlarga ko‘ra, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona organlari tomonidan aniqlangan 519 ta holatda qiymati salkam 30 mlrd so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlarining noqonuniy aylanmasi oldi olindi. Vaxolanki, bu ko‘rsatkich, 2024 yil davomida 1424 ta holatda 64,1 mlrd so‘mni tashkil qilgan edi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari va tibbiyot buyumlari 17 ta davlatdan kirib kelgan bo‘lsa-da, asosiy oqim Hindiston, Qozog‘iston va Xitoy davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Jumladan, 2024 yilda Hindistondan 6,5 mlrd so‘mlik, Qozog‘istondan 4,3 mlrd so‘mlik va Turkiya 4,2 mlrd so‘mlik dori vositalari, Xitoydan 4,6 mlrd so‘mlik, Qozog‘istondan 4 mlrd so‘mlik va Litva 2,9 mlrd so‘mlik tibbiyot buyumlarini noqonuniy olib kelishga urinishlarning oldi olindi.

Bunda turli usullardan foydalanilmoqda. Masalan, respublikamiz hududiga dastlab dori vositalarini xorijiy davlatlardan yirik miqdorda vaqtincha olib kiriladi va qo‘shni davlat hududiga go‘yoki reeksport qilinadi. So‘ngra mazkur dori vositalari kichik turkumlarda turli yo‘llar bilan qayta respublikaga olib kiriladi.

Shuningdek, dori vositalarini go‘yoki shahsiy ehtiyoj niqobi ostida, aslida esa tijorat maqsadlarida olib kirishga urinishlar ham ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarga yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 10 tagacha va har biri 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalarini hamda 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlarnishaxsiy foydalanish uchun olib kirishga va olib chiqishga ruxsat beriladi.

Mavzuning og‘riqli tomoni shundaki, hozirda qalbaki dori vositalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqarish holatlari ham ortib bormoqda.

Dori vositalarining noqonuniy aylanmasi va ichki hududda qalbaki dori mahsulotlarining qonunga xilof realizatsiyasiga chek qo‘yish maqsadida bojxona organlari tomonidan muntazam chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Hurshida Muradova, Bojxona qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh inspektori:

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan Toshkent viloyatidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, chet elda ishlab chiqarilgan, ammo hech qanday xujjatlari bo‘lmagan, qiymati taxminan yarim milliard so‘mlik 36 nomdagi 3585 dona stomatologiyada qo‘llaniladigan tibbiyot buyumlari noqonuniy ravishda saqlanayotgani aniqlandi.

Camarqand xalqaro aeroportida Istanbuldan uchib kelgan yo‘lovchi salkam 47 mln so‘mlik 6 turdagi 4190 dona dori vositalarini “yashil” yo‘lak orqali olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalarining hamkorlikdagi tezkor tadbirda esa shubha ostiga olingan shaxs tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan 480 dona dori vositasini 4 mln so‘mga sotayotgan vaqtida fosh qilindi. Shuningdek, ushbu shaxsning xonadonidan ham xuddi shu doridan yana 260 ta kapsula saqlanayotgani aniqlandi.

Sirdaryo viloyati bojxonachilari esa oldindan kuzatuvga olingan shaxsning yonida va avtomobilida 394 dona kuchli tasir qiluvchi dori vositasilari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida vaqtinchalik saqlovga olindi.

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi “Kosonsoy” chegara bojxona postida esa dori vositalarini yashirincha olib kirish uchun g‘ayrioddiy usulni qo‘llagan ayollar to‘xtatib qolindi.

Ular go‘yoki o‘zlarini xomilador ko‘rsatishga urinib, aslida qorin sohasiga bog‘lab olgan holda 3 turdagi 3912 dona dori vositalarini hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan 3587 dona kapsulalalarni, shuningdek ularning 62 dona bo‘sh idishlarini olib kirayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Bu kabi holatlar har birimizdan dori vositalarini xarid qilishda yanada hushyor bo‘lishni taqozo etadi.

Qonunchilikka binoan xorijdan import qilingan hamda mahalliy ishlab chiqarilgan barcha dori vositalari maxsus raqamli va davlat tilidagi markirovkalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim!

Dori vositalarini import qilishda bojxona organlari tomonidan ularning raqamli markirovka kodlari mavjudligi tekshiriladi. Agar bojxona yuk deklaratsiyasida markirovka kodlari bo‘yicha ma’lumotlar ko‘rsatilmagan taqdirda, tovarlarni erkin muomalaga chiqarishga ruxsat berilmaydi.

Shunday ekan, fuqarolarimizni O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirib kelgan hamda ichki hududda qonun normalariga xilof ravishda ishlab chiqarilgan qalbaki dori vositalariga duch kelmasliklari uchun quyidagilarga rioya qilishga chorlaymiz.

Eng avvalo ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilayotgan dori vositalarini xarid qilmang!

Dorixonalarda sotib olinayotgan dori vositalarining esa qadog‘iga alohida etibor bering. Siz olayotgan dori qadoqda ko‘rsatilgan haroratda saqlanayotganiga e’tibor qarating.

Shuningdek, dori qadoqlarining butligi, unda maxsus markirovka va identifikatsiya vositalrining borligini tekshiring. Bunda qadoqdagi QR kodni «Asl belgisi» mobil ilovasi orqali tekshirib, o‘zingiz uchun ko‘p narsani oydinlashtirib olishingiz mumkin.

Dilso‘z Akramjonova, “Asl belgisi” raqamli markirovka tizimi menedjeri

Iste’molchilar sotib olinayotgan dorining haqiqiyligini yoki soxtaligini mustaqil ravishda tekshirishlari mumkin. Buning uchun “Asl belgisi” mobil ilovasi yordamida qadoqdagi QR kodni skanerlacalar, kifoya.

Ilova mahsulot haqidagi to‘liq ma’lumotlarni - ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, tizimda ro‘yxatdan o‘tganligiga doir axborotlarni taqdim qiladi.

Agar sotib olingan dori qalbaki ekanligiga shubha tug‘ilsa, u holda “Asl belgisi” mobil ilovasi orqali qoidabuzarlik haqida nazorat qiluvchi organlarga xabar berish mumkin.

2024 yil yakuniga kelib O‘zbekistonda dori ishlab chiqaruvchilarning barchasi raqamli markirovka milliy tizimiga ulandi.

Hozirda tizimda 800 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi, 881 ta import qiluvchi va 958 ta ulgurji savdo ishtirokchilari dori vositalari toifasida ishtirok etmoqda.

2025 yilning birinchi choragida texnik yordam xizmatiga dori vositalari toifasi bo‘ yicha 8,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

Tizimda qoidabuzarliklar haqida xabar berish orqali ichki bozorda aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradigan qalbaki dori vositalaridan himoyalanish imkoni yanada ortib boradi. Shu boisdan fuqarolarimizni bu borada faollik chorlab qolamiz.

Xulosa qilib aytganda, duch kelgan dori vositalarini xarid qilish orqali o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini aslo xavfga qo‘ymang!

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar