Maxallalarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari davom etyapti

Maxallalarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari davom etyapti

Jumladan, ikki yarim oy avval Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Toshkent shahrining 5 ta tumanida ijtimoiy holati “og‘ir” mahallalar tanlab olinib, bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ilshlari boshlab yuborilgandi.

Natija o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shunday mahallardan biri Toshkent viloyatining Qibray tumanidan poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga qo‘shilgan “Ijodkor” mahallasida qurilish-ta’mirlash ishlari o‘z yakuniga yetkazildi.

Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan boshlandi. Unda Milliy Gvardiya Qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali va harbiy chiqishlar, harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari namoyish etildi.

Tadbirning madaniy qismida nuroniy va mahalla faollari o‘z bayram tabriklari, xonanda, estrada yulduzlari va madaniyat markazlari san’atkorlari konsert-dasturlari bilan chiqish qilishdi. Tadbir tashkilotchilari, aholi va mehmonlar uchun tayyorlangan bayram dasturxoni atrofida samimiy suhbatlar qurildi.

Shu kuni “Ijodkor” mahallasida qator yangi inshootlar ishga tushurildi. Qariyalar uchun dam olish maskani, bolalar va kattalar uchun vork-autlar, sport va futbol maydonchalari shular jumlasidan.

Umuman olganda, o‘tgan ikki yarim oy mobaynida mahalla infratuzilmasini yaxshilash va aholiga munosib turmush tarzini yarataish maqsadida hududda ichki yo‘llarning 3 km asfalt qilindi, 5 km shag‘alllashtirildi. Shuningdek, 4,3 km yo‘lga beton yotqizilib, piyodalar yo‘lagi barpo etildi.

Qish mavsumida aholiga elektroenergiya va gaz ta’minotini barqaror yetkazish uchun 11 km uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 2 ta yangi transformator o‘rnatilib, 1 tasi ta’mirlandi, 43 ta simyog‘ochlar temir beton ustunlarga almashtirildi va 30 ta ko‘cha yoritish moslamalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, 2 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlanib, 1 tasi yangi o‘rnatildi, 1 km uzunlikda yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortildi, 4 km gaz tarmog‘i ta’mirlandi.

Bir necha oy avval mahalla aholisi yomg‘irli va qorli kunlarni eslashsa, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushar edi. Nimaga deganda, uylarining tom qismi ta’mir talab ahvolga kelib qolgan edi. Endi esa bu muammolar ham ortda qoldi. 11 ta ko‘p qavatli uylarning tom qismi kapital ta’mirlandi, 14 tasining fasad qismi, 13 tasining kirish yo‘laklari va 31 ta pod’yezd oynalari yangilariga almashtirildi.

Mahallada 24 ta uy-joyi ta’mirga muhtoj, o‘ta og‘ir turmush sharoitida yashayotgan fuqarolarning turar joylari rekontrutsiya qilindi, kapital ta’mirlab berildi. 12 ta xonadonga esa kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.

Shu bilan birga bayram tadbirlari davomida “Yashil makon” loyihasi doriasida mehmonlar va mahalla aholisi tomonidan uylarning yon-atrofiga mevali va manzarali ko‘chatlar ham ekildi.

Tadbir yakunida so‘zga chiqqan nuroniylar amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi aholi bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashi uchun qilinayotganligini, ularning zamirida odamlarni rozi qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadi mujassam ekanligi ta’kidlandi.

Ana shunday tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida davom etmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar