Mebel ishlab chiqaruvchilarga xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

Mebel ishlab chiqaruvchilarga xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

21 iyun kuni Prezident tomonidan “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Qarorda hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini (keyingi o‘rinlarda – kichik sanoat zonalari) tashkil qilish nazarda tutilgan.

Kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Ishlab chiqarish maydonlariga egalik qilishning majburiy sharti sifatida kichik sanoat zonasining bosh rejasiga asosan mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish ob’yektlarini joylashtirish belgilanadi.

Tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlari quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

- ichimlik suvi, oqava suv tarmoqlarini hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – 2021-2023 yillar uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag‘lar;

- elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha – o‘rnatilgan tartibda ta’minotchi korxonalar mablag‘lari.

Kichik sanoat zonalarini tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

2021 yil 15 iyundan boshlab quyidagi xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi:

a) 2021-2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30%ni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xom ashyo (TIF TN bo‘yicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50%i miqdorida;

b) 2024 yil 1 yanvarga qadar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan, qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l tashish xarajatlarining 50%i, biroq:

- mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5%idan;

- temir yo‘l transportida 7%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorida.

2023 yil 1 yanvarga qadar mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

2022 yildan boshlab har yili may oyida mahalliy va xorijiy korxona vakillari, salohiyatli investorlar, ekspertlar va tarmoqqa aloqador boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda Mebel xalqaro savdo ko‘rgazmasi («Uzbek International Furniture Fair») o‘tkaziladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar