Moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi bo‘yicha ma’lumot berdi

Moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi bo‘yicha ma’lumot berdi

Moliya vazirligi 2021 yil birinchi yarim yillikda O‘zbekiston davlat qarzi holati va dinamikasiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, birinchi yarim yillikda davlat qarzi yil boshiga nisbatan 858,6 mln dollarga yoki 3,7 foizga oshib, 1 iyul holatiga jami 24,2 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 38,5 foizni tashkil etgan.

Davlat tashqi qarzi qoldig‘i yilning birinchi choragiga nisbatan 800 mln dollarga ko‘payib, 21,8 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 34,7 foiz) tashkil etgan. Shundan hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i — 15,4 mlrd dollar, davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i — 6,4 mlrd dollarga teng.

Davlat ichki qarzi qoldig‘i ham birinchi chorakka nisbatan 200 mln dollarga oshganligi kuzatilib, 2,4 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 3,8 foiz) tashkil etgan. Shundan davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha qarz qoldig‘i — 3,17 trln so‘m hamda davlat kafolati ostida jalb qilingan va davlat byudjetidan qaytariladigan ichki qarz qoldig‘i — 2,1 mlrd dollarga teng.

Vazirlik birinchi yarim yillikda davlat qarzi qoldig‘i 858,6 mln dollarga oshishini «O‘zbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida investitsiya loyihalarini va davlat byudjeti defitsitini moliyalashtirish uchun tashqi va ichki manbalardan jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi, qarz majburiyatlari bo‘yicha asosiy qarzning so‘ndirilishi hamda davlat qarzi portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar» bilan izohlagan.

Natijada:

– O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 363,4 mln dollarga oshdi;

– davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 319,1 mln dollarga oshdi;

– davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat byudjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i 250,8 mln dollarga oshdi;

– O‘zbekiston Respublikasi nomidan 2 240,9 mlrd so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlarini emissiya qilinishi hamda 3 020,0 mlrd so‘m miqdoridagi DQQ so‘ndirilishi natijasida DQQ bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘i 779,1 mlrd so‘mga kamaydi;

– davlat tashqi qarzi portfeli tarkibida 11,7 foizni tashkil qiluvchi valyuta — Yaponiya iyenasi 2021 yilning yanvar-iyun oylarida AQSh dollariga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi.

Davlat qarzi ikkinchi chorakda birinchi chorakka nisbatan 1 mlrd dollarga oshganligiga qaramay, uning YaIMga nisbati har ikki chorak natijalariga ko‘ra pasayish tendensiyasini namoyon qilgan.

Xususan, Davlat statistika qo‘mitasining yangilangan ma’lumotlari asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat qarzi qoldig‘ining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2021 yil boshida 38,9 foizni, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha 38,6 foizni va birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha 38,5 foizni tashkil etdi.

Mazkur tendensiyaning shakllanishi, asosan, mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining oshib borishi, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlarining qayta ko‘rib chiqilishi va boshqa qator omillar bilan bog‘liqligi qayd etilgan. Xususan, birinchi yarim yillikda davlat qarzi qoldig‘ining o‘sish sur’ati — 3,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mos davrda yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati — 6,2 foizni (AQSh dollaridagi nominal o‘sish sur’ati — 11,4 foizni) tashkil etgan.

Davlat qarzini o‘zlashtirish yo‘nalishlari

Qayd etilishicha, 2020 yildan boshlab O‘zbekiston nomidan yoki davlat kafolati ostida yangi jalb qilinadigan qarzi hajmiga yillik limitlarni qonuniy belgilash amaliyoti joriy qilindi. Xususan, «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq 2021 yil uchun O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 mlrd AQSh dollari, shundan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun — 2,2 mlrd AQSh dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun — 3,3 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilangan.

2021 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston nomidan umumiy qiymati 972 mln dollar miqdoridagi 8 ta tashqi qarz bitimi imzolangan.

Jumladan:

– byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun — 330 mln dollar;

– sog‘liqni saqlash, aholini toza ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash, chorvachilik, kimyo sanoatini rivojlantirish va boshqa muhim ijtimoiy va strategik ahamiyat kasb etuvchi loyihalarni moliyalashtirish uchun — 642,0 mln dollar.

Mazkur mablag‘lar nufuzli xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli shartlardagi uzoq muddatli (40 yilgacha) kreditlari hisobidan jalb qilingan.

2021 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasining kafolati taqdim qilinmagan. Yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi nomidan umumiy qiymati 2,24 trln so‘m miqdorida davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirilgan.

Davlat tashqi qarzining tarmoqlar kesimida taqsimoti

Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra jami davlat tashqi qarzining 21,6 foizi (4,7 mlrd dollar) davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga, 14,1 foizi (3,1 mlrd dollar) elektr-energetika sohasiga, 12,5 foizi (2,7 mlrd dollar) energetika sohasiga, 11,6 foizi (2,5 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 9,2 foizi (2,0 mlrd. Dollar) uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan.

Davlat tashqi qarzi kreditorlar kesimida

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 10,2 mlrd. dollarni tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.

Qayd etish kerakki, davlat tashqi qarzining manbalari diversifikatsiyasi ta’minlangan bo‘lib, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga davlat tashqi qarzining 45,1 foizi to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan.

Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat tashqi qarzining valyuta tarkibi

O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzi portfeli valyuta tarkibining 70,3 foizi – AQSh dollari, 11,7 foizi - Yaponiya iyenasi, 9,2 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,7 foizi – Yevro, 0,9 foizi – so‘m, 3,2 foizi - boshqa valyutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilning birinchi yarim yilligida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari 1,1 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 47% bandga oshgan.

Xususan, davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 212,5 mln dollar (asosiy qarz to‘lovlari — 131,9 mln dollar, foiz to‘lovlari — 80,6 mln dollar) va ichki qarz majburiyatlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar 551 mln dollarni (asosiy qarz to‘lovlari — 472 mln dollar, foiz to‘lovlari — 79 mln dollar) tashkil etgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar