Muammolar o‘z yechimini topmoqda

Muammolar o‘z yechimini topmoqda

Ishchi guruh viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni o‘rganish hamda «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlarini joylarda joriy etish, aholi bilan muloqot o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib bordi.

Aholi murojaatlari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash borasida jami 29,5 km ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish va shag‘allashtirish ishlari bajarildi. Jumladan, Qarshi tumani “Dasht” mahallasida 2,8 km, Qamashi tumani “Qiziltepa” mahallasida 2,6 km, Ko‘kdala tumani “Suvliq” mahallasida 2,0 km, Chiroqchi tumani “Do‘stlik” mahallasida 2,1 km asfaltlash ishlari bajarildi.

Aholiga qo‘shimcha 1774 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 327 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatish, 2 ta transformator punktini tarmoqqa ulash hamda 11,29 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Jumladan, Qamashi tumanida 81 dona, G‘uzor tumanida 64 dona, Muborak tumanida 46 dona, Nishon tumanida 44 dona, Chiroqchi tumanida 15 dona elektr tarmoq tortish, shuningdek, Kitob tumani va Yakkabog‘ tumanida 1 donadan transformatorni tarmoqqa ulash ishlari bajarildi.

Ichimlik suvini yaxshilash borasida Qarshi, Kasbi, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlarida suv quduqlariga yangi suv nasos agregatlari, suv yig‘ish va uzatish inshootlari, yangi quvurlar tortildi.

Kommunal xo‘jaligi sohasini yaxshilash maqsadida Qarshi sharhri, Nishon, Muborak tumanlarida ko‘p qavatli uylarning kirish, tom, fasad qismlarida ta’mirlash ishlari olib borildi, uylarning yerto‘lalari ham tartibga keltirildi.

Aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan 3 489 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektlariga 133,6 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida 802 ta, xizmat ko‘rsatish sohasiga 92 ta, sanoat sohasi yo‘nalishida 3 ta, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish yo‘nalishida 11 ta kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi.

Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Koson, Kasbi, Yakkabog‘, Kitob, Nishon, G‘uzor, Qarshi Mirishkor tumanlari va Shahrisabz shahrida oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Kitob tumanida ijtimoiy yordamga muhtoj 360 nafar xotin-qizlarga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 237,6 mln. so‘m moddiy yordam pullari olib berildi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan Qarshi, Koson va Kitob tumanlaridan 83 nafar fuqaroga jami 349,0 mln. so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun to‘g‘ri chokli tikuv mashinalari topshirildi.

Respublika ishchi guruhining joylardagi faoliyati davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar