Bugun, 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev "Inno" innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkiga tashrif buyurib, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Yig‘ilishda 36 ta oliygoh rektorlari ham ishtirok etishdi.
Davlatimiz rahbari bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotganini qayd etdi.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda ilm, ta’lim va innovatsiyaga e’tibor tubdan o‘zgardi. Masalan, o‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shundan muhandislik-texnika yo‘nalishidagi 176 ta loyihaga 152 milliard so‘m berilgan. Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar o‘sgan. Bu mablag‘larning 41 foizi davlat ulushi bor korxonalarga, 34 foizi xususiy sektorga va 25 foizi oliygohlarga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, oliygohlar fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklangani, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kamligi ko‘rsatib o‘tildi.
Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshmay qolib ketayotgani qayd etildi. Sababi – oliygoh bilan sanoat o‘rtasida uzilish bor. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmayotgani, uskuna va dastgohlarni o‘rganmayotgani, hokim va vazirlar esa o‘rtada ko‘prik bo‘lib, buni tashkillashtirmayotgani haqida qat’iy e’tiroz bildirildi.
Prezident sohadagi muammo va yechimlarga to‘xtalib o‘tdi.
Yurtimizda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, ularda 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilmoqda. Shundan 35 mingtasi texnika yo‘nalishida. Hozirda 36 ta davlat oliygohida ushbu yo‘nalishda 264 ming bakalavr, 3 ming magistr o‘qimoqda. Yiliga 67 ming nafar talaba bitirmoqda.
Lekin, texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emas. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yo‘nalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida o‘qitilmaydi. Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishida ishlamayapti.
Davlatimiz rahbari bu borada yana bir misolni keltirdi.
Joriy yilda to‘qimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish o‘rni yaratiladi. Shundan 4 mingta muhandisga talab bor. Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yo‘nalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Farg‘onada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 153 nafar talaba bitirmoqda. Hokimlar o‘z hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj bo‘la turib, rektorlar bilan ishlamayotgani, oliygohlarga buyurtma bermayotgani tanqid qilindi.
Bugungi kunda butun dunyoda sanoatda tannarxni kamaytirish masalasi juda dolzarb. Xorijiy oliygohlarda “tannarx muhandisligi” (kost injiniring) degan fan bor, hatto kadrlar tayyorlanadi. Yoki, “qiyoslash muhandisligi” (benchmarking) orqali eng yaxshi amaliyot va yutuqlar tahlil qilinib, ulardan andoza olib, ishlab chiqarishda joriy qilish o‘rgatiladi. “Qayta muhandislik” (reversiv injiniring) tayyor mahsulotni olib, ishlash mexanizmini bo‘laklarga bo‘lib, mualliflik huquqini buzmagan holda, o‘xshash mahsulot yaratishni o‘rgatadi.
Prezident birorta texnika oliygohida bularga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmaganini afsus bilan qayd etdi.
Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.
Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 5 barobar, ya’ni 9 foizdan 42 foizga oshgani bilan yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda pastligi qayd etildi. 2023 yil so‘rovnomasida atigi 8 foiz maktab bitiruvchisi shu sohani tanlagan. Ko‘pgina professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Muhandislik bo‘yicha 9 ming 600 nafar professor-o‘qituvchining 40 foizi so‘nggi 5 yilda malaka oshirmagan.
Ayrim institutlardagi o‘qituvchilarning yuklamasi xorijga nisbatan 2 karra ko‘p. Ba’zi universitetlar ilmiy laboratoriyalaridagi uskunaning 50 foizi eskirgan, qo‘shimcha laboratoriya va zamonaviy jihozlarga ehtiyoj mavjud.
Oliygohlarda ilmiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi ta’kidlandi.
So‘nggi to‘rt yilda oliygohlarni ilmiy tadqiqot uchun tuzgan shartnomalari 3 karra ko‘paydi. Ulardan daromad 6 karra oshgan. Lekin, ayrim oliygohlardagi ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda past. Ixtirolarini patentlashda ham hamma birdek emas. Kooperatsiya yarmarkalarida oliygohlarning aksariyati faqat sotib oluvchi bo‘lib ishtirok etayotgani, daromadni xorijiy loyihalar hisobiga ham oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorijda oliygohlar tajriba ishlab chiqarish korxonalarini (spin-of) ochib, davlat va ishlab chiqaruvchi mablag‘larini jalb qiladi, tadqiqot o‘tkazadi, innovatsion mahsulot yaratib, tijoratlashtiradi. Ular 5-7 yil ichida universitetdan ajraladi va kichik korxonaga aylanadi.
Bizda Farg‘ona politexnika instituti 14 ta korxona (spin-of) ochib, 21 milliard so‘m daromad qilgan. Bu yil daromadni 40 milliard so‘mga, kelasi yili – 100 milliard so‘mga olib chiqish bo‘yicha aniq hisob-kitoblari bor. Eng muhimi, ushbu korxonalar ishchilarining 90 foizi oliygoh o‘qituvchilari va talabalari.
Umuman, jami 12 ta oliygohda bunday 28 ta korxona tashkil qilinib, ular 47 milliard so‘m daromad olgan. Lekin, qolgan 24 ta oliygoh rektorida ham, hokimlarda ham bu borada birorta tashabbus yo‘qligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Texnika yo‘nalishidagi 36 ta oliygohda o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Davlat texnika universitetida mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklarni qisqartirish, kafedralarni birlashtirish mumkin. Universitet to‘liq dual ta’lim tizimiga o‘tadi. Fanlar kamida 30 foizga qisqaradi.
Oliygohdagi ta’lim Drezden texnika universiteti (Germaniya) va Sukuba universiteti (Yaponiya) dasturlariga moslashtiriladi. Universitetda dekanatlarni talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashadi. Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi. Yoki, Toshkent kimyo texnologiyalari institutida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini maqbullashtirib, 8 ta yangi yo‘nalish va mutaxassislik kiritish mumkin. Har yili iqtisod bo‘ladigan mablag‘ institutni moddiy-texnika bazasini kuchaytirishga sarflanadi.
Shuningdek, 36 ta muhandislik oliygohi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Har bir hududda kamida 1 tadan texnika universiteti bo‘ladi. Rektorlar hamkorlik uchun xorijiy oliygohlarni tanlashda ular faoliyatiga to‘g‘ri kelishini tahlil qilib, shoshma-shosharliksiz qaror qabul qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi. Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi. Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga har yili mablag‘ berishga tayyor.
Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi. Shuningdek, tarmoq vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular oliygohlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.
Birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi.
Birinchi yilda talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi.
Ikkinchi yilda yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.
Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlash uchun mablag‘ yo‘naltirsa, bu xarajatlar korxonaning foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi. Davlat ham byudjetdan shuncha mablag‘ ajratadi.
Prezident endilikda oliygohlarning tajriba ishlab chiqarish korxonalari maqomi qonun bilan mustahkamlanishini aytdi. Ularga IT-park rezidentlariga qo‘llanilayotgan imtiyozlar beriladi. Sho‘’ba korxonasi ishchilarining kamida 60 foizi doktorant va talabalardan iborat bo‘ladi. Kelgusi yildan texnika yo‘nalishidagi loyihalarga davlat grantlari 4 karra oshiriladi.
Korxonaga oliygoh bilan hamkor tashkilot ham ta’sischi bo‘lishiga ruxsat beriladi. Viloyat hokimlari va tarmoq rahbari ilmiy va ishlab chiqarish loyihalari uchun oliygohlarga 10 milliard so‘mgacha buyurtmani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berishi mumkin bo‘ladi. Investitsiya loyihalari qiymatining kamida yarim foizini ilmiy ishlarga ajratish tizimi joriy qilinadi.
Muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Tanlovda o‘qituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Birinchi o‘ringa elektromobil beriladi. Shuningdek, g‘oya, loyiha va ixtiro muallifi bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuboriladi. Bu maqsadlar uchun har yili 15 milliard so‘m ajratiladi.
So‘ng davlatimiz rahbari olimlar, texnik yo‘nalishdagi oliygoh kafedra mudirlari, o‘quv va ilmiy markazlar rahbarlari bilan muloqot qildi. Muloqot chog‘ida bildirilgan fikr va takliflarni chuqur o‘rganib, amaliyotga joriy etish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.
Bugungi ko‘tarilgan masalalar, berilgan takliflar ertangi kunimiz uchun, iqtisodiyotimiz uchun juda muhim, dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida.
Iqtisodiyotimizni jadal o‘sishini ta’minlashda bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur ekani ta’kidlandi. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bu vazifani albatta uddalashiga ishonch bildirildi.
Izoh qoldirish