Magistral elektr tarmoqlari bo‘yicha umumiy qiymati $140 mln bo‘lgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan

Magistral elektr tarmoqlari bo‘yicha umumiy qiymati  $140 mln bo‘lgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasi tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Joriy yilda elektr energetikasi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yildan-yilga ortib bormoqda. Buni ta’minlash maqsadida eskirgan podstansiyalar va uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilab kelinmoqda.

Xususan, bu yil magistral elektr tarmoqlari bo‘yicha umumiy qiymati 140 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri 14 ta podstansiyani modernizatsiya qilish loyihasidir. Buning samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 1 ming 430 MVt qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Yana bir muhim jihati, ushbu podstansiyalardagi yillik elektr energiyasi isrofi 1,5 million dollarga, ta’mirlashga sarflanadigan xarajatlar qariyb 16 million dollarga kamayadi. Hisobga olish tizimidagi xatoliklar barham topadi.

Qolgan 5 ta loyiha yangi podstansiyalar va magistral elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda tiklashga qaratilgan.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 4 mingta transformatorni yangilash choralari ko‘rilgan. Bu ishlar natijasida yurtimizdagi 5 ming 377 ta mahallaning elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Prezidentimiz bu loyihalarning iqtisodiy samardorligi va ijtimoiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, ularni sifatli bajarish, elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar