Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi

Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Qishloq aholisi bandligini ta’minlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi. Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida Farg‘ona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperatsiya tashkil qilinadi. Har bir kooperatsiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro a’zolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan yerlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablag‘lar jalb etish orqali gilos, o‘rik, anor, shaftoli, olxo‘ri, yong‘oq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bog‘ tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan “manzilli dastur” tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovatsiyani keng qo‘llagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz bog‘dorchilik rivoji uchun avvalo ko‘chat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona ko‘chat yetishtirishni yo‘lga qo‘yish va eksport qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili o‘rik, gilos, shaftoli, xo‘raki va sanoatbop uzum, anor, yong‘oq, bodom ko‘chatlari yetishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Jahon banki mablag‘lari hisobidan Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Intensiv ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020 yil 1 apreldan boshlab “sog‘lomlik” sertifikatiga ega bo‘lmagan ko‘chatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni to‘xtatish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8-10 foizga ko‘paytirish va qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyat va tumanlar hokimlariga 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘simliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoyev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral o‘g‘itlar do‘konlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish zarurligini ta’kidladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar