Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan “O‘zbekistonning barqaror rivojlanish milliy maqsadlari: BRMga yetish bo‘yicha erishilgan natijalar va muammolar” mavzuida Xalqaro davra suhbati tashkil etildi. Tadbir BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi (BMTTD) ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda 70 dan ziyod delegatlar, shu jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlarning ekspertlari ishtirok etdi. Ular orasida BMTTD, OPHI, XMT, YuNISEF, FAO va boshqa tashkilotlar vakillari bor.
Bu galgi xalqaro davra suhbati BRMga erishish yo‘lida o‘tgan yarim muddatga belgilangan vazifalarni amalga oshirishning borishi, shuningdek, milliy BRMga erishishni jadallashtirishning dolzarbligi bo‘yicha yangi tashabbuslarni BMTning O‘zbekistondagi mamlakat jamoasi bilan hamkorlikda, xalqaro tashkilotlar, mas’ul vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari ekspertlari ishtirokida muhokama qilish bosqichlaridan biriga aylandi.
Tadbir BRMga yetish yo‘lida erishilgan yutuqlarni muhokama qilish va baholash, amaliy tajriba almashish, joriy maqsadlarga aniqlik kiritish va ularga yetishni jadallashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni belgilash maqsadida tashkil etildi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Konsuelo Vidal Bryus xonim, BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy Vakili v.b. Anas Fayyad Karman, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimovlar ishtirokchilarga tabrik so‘zlari bilan murojaat qildilar.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy doimiy koordinatori v.b. Konsuelo Vidal Bryus ta’kidlaganidek, “BRM sammiti xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyatini va rivojlanish bo‘yicha sheriklarni 2030 yilgacha davr uchun Kun tartibiga erishish bo‘yicha birgalikdagi global sa’y-harakatlarning yangi bosqichini amalga oshirishda o‘z majburiyatlarini tiklashga rag‘batlantirdi. O‘zbekiston ham bu jarayonlarning faol ishtirokchisi hisoblanadi”.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov ishtirokchilarni qutlar ekan, joriy yilda O‘zbekiston BRMga erishish yo‘lining yarmidan o‘tganini nishonlayotganini qayd etdi. “Bu erishilgan yutuqlarni baholash, muhim tajribalar bilan o‘rtoqlashish va O‘zbekiston uchun maqsadlarni aniqlashtirishning muhim paytidir”.
Markaz direktori BMTning 2030 yilgacha Bosh kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga izchil erishilayotganini qayd etgan holda, uni mamlakatimiz Prezidenti yetakchiligida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ko‘rsatib o‘tdi.
Tadbir davomida “2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” doirasida 2022 yilda boshlangan keng ko‘lamli islohotlar barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalarga to‘liq mos kelishi ekspertlar tomonidan qayd etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston barqaror rivojlanish yo‘lidagi o‘zgarishlar dasturini ilgari surishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgani ham ishtirokchilar tarafidan qayd etildi. Bu barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ravishda davlat va xususiy moliyaviy ustuvorliklarni o‘zgartirishni ham o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, davra suhbatida jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, ularning natijasida BRMini moliyalashtirishda ustuvor yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati tug‘ilayotgani ham muhokama qilindi. Dunyoda saqlanib qolayotgan tarang vaziyat esa O‘zbekistonning BRMga yetish jarayonini sekinlashtirish bilan tahdid solmoqda.
Shu munosabat bilan yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan BRMga erishishni jadallashtirishning dolzarbligi, xususan, ushbu masalalarni hal etish yo‘llarini izlash bo‘yicha yangi tashabbuslar bilan chiqish zarurligi bildirildi.
O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlarini to‘liq amalga oshirish uchun investitsiyalar va texnologiyalarni faol izlamoqda, mamlakat bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin aloqalarni mustahkamlamoqda. Bu sa’y-harakatlar butun mintaqada suv, energetik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy Vakili v. b. Anas Karman o‘z ma’ruzasida shunday dedi: “Bizning barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiqligimiz raqamlar bilan cheklanmaydi. U avvalo odamlarning farovonligini oshirishga intilishdir. Shuni esda tutaylikki, BRMlarga erishish yo‘li nafaqat maqsadlarga erishishda, balki rivojlanishning mohiyatini o‘zgartirishdadir”.
“Biz barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lining yarmidan o‘tar ekanmiz, zarur tuzatishlar kiritishga ehtiyoj mavjud. Bu xususiy sektorni yanada taraqqiy ettirish uchun rivojlangan mamlakatlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, davlat-xususiy sheriklik va birgalikda moliyalashtirish dasturlarini rag‘batlantirish kabilarni o‘z ichiga oladi”, – deya xulosa qildi Markaz direktori.
Izoh qoldirish