Namangan viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabulda elektr toki, gaz, yo‘l va yana bir qancha muammolar o‘z yechimini topdi

Namangan viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabulda elektr toki, gaz, yo‘l va yana bir qancha muammolar o‘z yechimini topdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida Namangan viloyati aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.

Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlarida tashkil qilingan sayyor qabullarda asosan sud-huquq, uy-joy va moddiy yordam ajratish, gaz, elektr energiyasi ta’minoti, yo‘llar ta’miri, mehnat va bandlik kabi masalalarda murojaatlar kelib tushdi. Ichki ishlar, bank, prokuratura, sog‘liqni saqlash, kadastr singari sohalar bo‘yicha ham murojaatlar ko‘p bo‘ldi.

Muloqotlar davomida turli soha mutasaddilari qator murojaatlarni joyiga chiqib o‘rgandi.

Chortoq tumani “Oromgoh” mahallasida joylashgan 49-umumta’lim maktabida kompyuter yetishmas, internet tarmog‘i yo‘q, atrofdagi yo‘llar esa ta’mirtalab edi. Bu uch muammoni tegishli sohalar mutasaddilari birga o‘rganib, birga hal qilib berishdi. Deylik, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarining o‘rganishlaridan so‘ng mazkur 49-maktabga 16 dona kompyuter jamlanmasi, badiiy adabiyotlar to‘plami, sport anjomlari yetkazib berildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari esa 7 km. optik tolali aloqa tarmog‘i tortilishi va maktabning internet tarmog‘iga ulab berilishini, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari esa maktab atrofidagi 1,5 ming kvadrat metr yo‘lakda asfaltlab berilishini ta’minladi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosariga murojaatlardan so‘ng Pop va Chust tumanlaridagi ikkita maktabni rekonstruksiya qilish masalasi kelgusi yilgi dasturlarga kiritiladigan bo‘ldi, 6 nafar murojaatchi xalq ta’limi tizimida ish boshladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosariga murojaatlar asosida 12 ta xonadonga internet tarmog‘i tortildi. O‘tgan galgi sayyor qabullarda Uchqo‘rg‘on tumani “Qo‘rg‘ontepa”, “Paxtachi”, “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisidan “4G” tezlikdagi internet tarmog‘ini o‘rnatish borasida murojaatlar kelib tushgan edi. O‘rganishlardan so‘ng bu hududda keng qamrovli tayanch stansiyasi o‘rnatildi. 7 km. optik tolali aloqa tarmoqlari tortilib, 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari internetga ulandi.

Bu galgi sayyor qabullar jarayonida esa hududdagi 10 mingdan ziyod aholiga ko‘chma savdo shoxobchalari orqali “O‘zmobayl” milliy operatorining mobil aloqa kartalarini yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga murojaatlar asosida Chust, To‘raqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Chortoq tumanlarida 1,8 km. dan ziyod yo‘l asfalt qilindi, 3,6 km. chang-loy ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirildi, 1,5 km. yo‘l ta’mirlandi. Jumladan, Chortoq tumanidagi mana bu mahallaga “Nurafshon”, ko‘chaga esa “Obod” deb nom qo‘yilgan.

Mahalla ahli sayyor qabulga kelib murojaat qilgach, “Nurafshon” mahallasining “Obod” ko‘chasiga – 1,6 km. yo‘lga tosh-shag‘al to‘shaldi. Mahallada mana shunday ahvoldagi yana to‘rtta ko‘chani ikki kun ichida to‘liq shag‘allash bo‘yicha reja belgilab olinib, ishga kirishildi.

Xuddi shunday murojaatlar asosida Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Istiqlol” mahallasi Mirishkor ko‘chasining 1,1 km. qismi shag‘allandi, “Obod” mahallasidagi Yakkatut ko‘chasida esa asfaltlash ishlari boshlandi.

Sayyor qabullarda aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari –elektr energiyasi, gaz, ko‘mir, ichimlik suvi ta’minotidagi qator muammolar ham hamjihatlikda hal qilib berildi. Deylik, Chortoq tumani “Do‘stlik” mahallasi aholisi o‘n-o‘n besh yildan buyon elektr ta’minotidagi uzilishlar girdobida kun kechirib kelardi. Simyog‘ochlar eskirgan, transformator quvvati past – xonadonlardagi elektr chirog‘i shamchiroqdan deyarli farq qilmay qolgan edi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosariga murojaatlardan so‘ng mahallaga qo‘shimcha 250 kilovatli transformator o‘rnatildi. Ko‘chadagi temir-beton tayanchlarni yangilashga kirishildi.

Yoki chegaradosh hududda joylashgan Uchqo‘rg‘on tumani “Obod” mahallasidagi elektr tarmog‘i deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, yolg‘ondan shamol tursa, chindan chiroq o‘chib qolardi. Qishli qirovli kunlarda hatto televizor ko‘rish ham muammoga aylangan edi. Mahalla ahlining murojaatidan so‘ng bu yerda ham katta quvvatli yangi transformator, temir beton tayanchlar o‘rnatilib, 2,7 km. tarmoq tortish ishlari boshlandi.

Chortoqning Alixon adirliklari bag‘rida joylashgan “Dehqonobod” qishlog‘i aholisini esa ichimlik suvi muammosi bir necha yildan buyon qiynab kelardi. Sayyor qabuldagi murojaatdan so‘ng bu masala ham hal etiladigan bo‘ldi. Amaliy ishlar esa boshlab yuborildi.

“Hududgazta’minot” AJ raisi o‘rinbosariga murojaatlardan so‘ng esa aholiga 6 ming 745 dona gaz ballonida 134,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi, 15 ta mahallaning tabiiy gaz bosimi me’yoriga keltirildi. O‘zbekiston temir yo‘llarining “Ko‘mir ta’minot” korxonasi mas’ullariga murojaatlardan so‘ng esa esa 40 ta oilaga 66 tonna, 12 ta mahallaga 150 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi. Deylik, Uchqo‘rg‘onning “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shavkat Qo‘chqorovning murojaatidan so‘ng hududdagi Gulshan, Samarqand, Nizomiy ko‘chalaridagi xonadonlar ko‘mir bilan ta’minlandi.

Sud-huquq sohasiga oid murojaatlar ham qonuniylik va adolat tamoyillari asosida ko‘rib chiqildi. Oliy sud o‘rinbosariga murojaatlar asosida o‘tkazilgan sayyor sud majlislari yakunida 40 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Madaniyat vazirligi mas’ullariga murojaatlar asosida abgor ahvoldagi 7 ta madaniyat markazi kelgusi yilgi dasturlarga kiritiladigan bo‘ldi. Kadastr agentligi mas’ullari 40 nafar murojaatchining kadastr yig‘ma jildlarini rasmiylashtirib berdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga murojaatlardan keyin 16 nafar murojaatchiga davolanish uchun order, qariyb 30 nafar murojaatchiga protez-ortopediya buyumlari berildi.

Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi sayyor qabullarda 1 ming 878 ta murojaat asosida 1 ming 929 ta masala ko‘rib chiqildi. Ularning 1 ming 167 tasiga joyida yechim topildi, 177 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 585 ta murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar