— Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, uning ortidan barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
— Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilgan. Bundan asosiy maqsad — “Inson qadri” tamoyilining uzviy davomi sifatida har bir xonadondagi muhit bilan yaqindan tanishish deb o‘ylayman. Shu bilan birga, mamlakatimizda mutlaq yangi institut bo‘lgan “hokim yordamchisi” lavozimi joriy qilindi. Ushbu lavozimning asosiy mazmun-mohiyati hokimlarning hudud quyi bo‘g‘ini – mahalladagi odamlar orasidagi vakilidir. Ular aholining qiziqishi, xohish-istagi hamda turmush tarzi bilan yaqindan tanishib, yuzaga kelgan muammolarga tez fursatda yechim topilishiga ko‘maklashishlari zarur. Shuningdek, hokim yordamchilari fuqarolar bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanadi.
— O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Avvalgi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
— Men ushbu lavozimga o‘tishdan avval O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Namangan viloyat hududiy boshqarmasida faoliyat olib borganman. Ilk bor mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi, degan xabar bilan Telegram-kanallarda tanishganimda, o‘zim tug‘ilgan To‘raqo‘rg‘on tumanidagi biron-bir mahallada ishlash istagi paydo bo‘lgan. Ushbu lavozim joriy etilgandan keyin nomzodlarni saralash ishlari boshlanganda menga tuman hokimligi tomonidan mahallaga hokim yordamchisi lavozimiga o‘tish taklifi berildi. Hozirda faoliyat olib borayotgan “Istiqlol” mahallasi haqida ham tasavvurga ega edim, chunki ish faoliyatim davrida tumanda Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida faoliyat olib borganman. Ishlash davomida oldin ishlagan lavozim vazifalarimdan olgan tajribalarim menga ancha yordam bermoqda. Bu fuqarolar bilan muloqot qilishda, korxona va tashkilotlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda hamda eng asosiysi fuqarolarda xohish-istak uyg‘otib, ishonch hosil qilishda namoyon bo‘lmoqda.
— Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
— Mahalladagi 532 ta xonadonlarda 2585 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla tuman markazidan 2-3 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘rta darajadagi mahalla hisoblanadi. Mahalla hududi asosan, aholi xonadonlaridan iborat bo‘lib, aholining asosiy qismi hududdagi korxona, tashkilot va davlat tashkilotlarida ishlaydi. Hududda 6 ta yuridik hamda 8 ta YaTTlar faoliyat olib borib, savdo do‘konlari, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Aholi qo‘shimcha daromad topish maqsadida tikuvchilik, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib keladi. Hududda davlat muassasalari yo‘qligi uchun faoliyatim davomida 2 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularning sonini 4 taga yetkazildi. Mahallaning eski bo‘sh binosini ta’mirlab, mahalla bolalari uchun to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
— Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj?
— Hudud aholisining asosiy qismi doimiy va mavsumiy ishlar bilan band hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida mahallaning beshligi (hozirda yettilik bo‘lgan) bilan olib borilgan amaliy ishlar natijasida hududda kambag‘al oilalar deyarli qolmadi. Biroq kam daromadli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun alohida individual dastur ishlab chiqilib, muammosi mavjud har bir oila a’zosining muammosini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, kasalligi borlar tibbiyot muassasalariga yo‘naltirilib, ishsizlarning bandligini ta’minlanib, xohish-istagiga qarab imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish orqali ularni band qilish choralari ko‘rilmoqda.
— O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qaysi yondashuvlarni ishlab chiqdingiz?
— “Xonadonbay” o‘rganish natijasida kambag‘allikning asosiy sabablari fuqarolarda o‘ziga ishonch yo‘qligi, huquqiy va iqtisodiy bilim saviyalari yetishmasligi hamda boqimanda kayfiyatiga tushib qolganliklaridir. Ushbu toifadagi oilalarning muammolarini bartaraf etish maqsadida mahalladagi namunali, ilg‘or va tadbirkor xonadonlarda amaliy seminarlar tashkil etildi. O‘ziga ishonchi bo‘lmagan 15 ta oiladagi xonadon a’zolarida tadbirkorlik ko‘nikmalarini hosil qilish uchun Namangan va Qo‘qon shaharlaridagi tadbirkorlar ko‘rgazma maydonlariga sayohat uyushtirildi. Tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tadbirkorlar olib borayotgan ishlar aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilinib, tarbirkorlikka qiziqishlari shakllantirildi.
— Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi? 2023 yilda bu borada qanday natijalarga erishildi?
— 2022 yilgacha “Istiqlol” mahallasida atigi 6 ta tadbirkorlik sub’yektlari mavjud bo‘lgan. “Xonadonbay” o‘rganishlar natijasida tadbirkorlikka qiziqishi bor fuqarolarga davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalar olib berildi. Shuningdek, o‘z imkoniyatlaridan samarali foydalanishlari natijasida bugungi kunga kelib, savdo va xizmat ko‘rsatish xamda ishlab chiqarish yo‘nalishlarida ularning soni 15 taga yetdi. Bundan tashqari, mahalladagi xonadonlarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha daromad olishlari borasida 30 ga yaqin xonadonlar tikuvchilik, 40 dan ziyodida issiqxonalar tashkil etildi. Faoliyatim davomida aholida tadbirkorlik ko‘nikmasini tashkil etib, buning ortidan ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin ekanligini aholi ongiga singdirdim.
— Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar olib boryapsiz?
— Mahalla tumandagi 2-sektor hududiga kiradi. Mahallaning infratuzilmasi rivojlanishi aholi kayfiyatiga katta ta’sir qiladi. Shu ma’noda, sektor bilan birgalikda so‘nggi uch yilda 3,7 km ichki yo‘llar betonlashtirildi, 100 foiz xonadonlar toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 3 ta elektr podstansiyalar (TP) to‘liq ta’mirlandi hamda 6 km.dan ziyod gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Bundan tashqari, aholi murojaatidan kelib chiqib, 450 metr piyodalar yo‘lagi tashkil etildi. Xususan, homiylik asosida 2 ta ko‘chalarga tungi chiroqlar hamda xavfsiz hududga aylantirish maqsadida 8 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Mahalladagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan doimo tanishib, kuzatib boramiz.
— Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
— O‘z faoliyatimda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, eng avvalo, ko‘z oldimga oilamni keltiraman. Bugungi kunda davlat tomonidan menga berilayotgan oylik maoshim yetarli bo‘lib, qancha fuqarolar davlat xizmatchisi bo‘lishni orzu qilishlarini o‘ylayman. Shuningdek, har bir qilayotgan ishimni shaffof, mahalla “yettiligi” bilan bamaslahat tashkil etib, har chorakda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Kengash oldida hisobot berib boraman. Bu ham ish jarayonidagi turli korrupsiya holatlarining oldini olishga yordam beradi.
— 2024 yilda mahallani yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalaringiz bor?
— Mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan kelib chiqib, har bir xonadonni tomorqadan samarali foydalanishlariga erishish, tadbirkorlar sonini yanada orttirish asosiy maqsadlarimizdan biridir. 2024 yilning o‘zida 4 ta mikroloyiha ishga tushirib, ish o‘rinlari ko‘paytirish maqsadi belgilangan. Mahallada ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilmalar bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aniq “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilmoqda va manzilli ishlar tashkil etilyapti. Mas’ullar bilan birgalikda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirib, ish o‘rinlarini yaratish orqali kambag‘allikdan holi hududga aylantirish rejasi ishlab chiqilgan. Uni izchil amalga oshirish uchun hormay, tolmay ishlaymiz.
— “Mahallabay” ish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?
— Hurmatli Prezidentimiz tomonidan “Mahallabay” ish tizimi samaradorligi bo‘yicha barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, mahallaning o‘zida muammolarni barta’raf etish maqsadida “mahalla yettiligi” tashkil etildi. Menimcha endi faqat shu “yettilik” bir yoqadan bosh chiqarib faoliyatini olib borsa, tizimda samaradorlikka erishiladi.
— Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
— Mening fikrimcha, aholida mahalla institutiga ishonch yanada ortdi. Fuqarolar qayerga murojaat qilishsa ham muammolari mahallada yechilishiga ko‘zlari yetdi. To‘g‘risini aytsam, menga mahalladagilar “hokim” deb murojaat qilishadi. Bu ham fuqarolarning “hokim yordamchisi” institutiga ishonchini bildiradi. “Mahallabay” ish tizimi yangi O‘zbekistonni qurishda o‘z o‘rniga ega deb hisoblayman. Mahallalardagi aholi kayfiyatini olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush sharoitlarining yaxshilanayotganida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bu esa tizimga ishonch ortganidan dalolat beradi.
Jamoliddin Turdimov
"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2024
Izoh qoldirish