Namanganda o‘tkazilgan sayyor qabul natijalari qanday bo‘ldi?

Namanganda o‘tkazilgan sayyor qabul natijalari qanday bo‘ldi?

Tadbirda viloyat sud, prokuratura, ichki ishlar, soliq, adliya va bojxona boshqarma rahbarlari tomonidan aholi masalalari tinglanib, ularga yechim topish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Xususan, kelib tushgan muojaatlar natijasida 24 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi, 16 nafar mahkumning jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilish to‘g‘risidagi xujjatlari tayyorlanib, tegishliligi bo‘yicha sudlarga taqdimnoma kiritildi.

Sayyor sud qarori bilan 3 nafar shaxs ishga tiklandi, ish haqi undirish yuzasidan 3 ta da’vo arizasi qanoatlantirilib, 33 mln so‘m undirildi, 100 mln so‘m moddiy zarar to‘liq qoplab berildi.

Misol uchun Karimjon Ergashev Pop tumanidagi 37-sonli maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. O‘qituvchi o‘z lavozimidan asossiz ravishda bo‘shatilganligini ma’lum qildi. Murojaatchi shu kunning o‘zida eski ish joyiga qaytadan tiklandi.

Bundan tashqari, 13 nafar shaxsni aliment undirish yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy hal etildi.

Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi mas’ullari tomonidan 2 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yuzasidan qilgan murojaatlari qayta o‘rganib chiqishlik uchun Namangan viloyati Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga topshirildi.

Shu bilan birga fuqarolarga zarurat tufayli xorijga chiqish pasportlari muddatidan avval tayyorlab berilshi yoki yangi biometrik pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnomalar olib berilishi ta’minlandi.

Misol uchun uychilik Ikromjon Haydarov Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan farzandiga tug‘ilganlik guvohnomasini ololmayotganini ma’lum qildi. Uning murojaati mas’ullar tomonidan ko‘rib chiqilib, shu kunning o‘zida guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Soliq qo‘mitasi vakillariga “Maftuna Ziyonatxon” MChJ hisobchisi Dilfuza Vahobova korxona qo‘shilgan qiymat solig‘idan to‘langan ortiqcha 200 mln so‘m to‘lovni qaytarish bo‘yicha murojaat qildi. Fuqaroning murojaati joyida hal etilib, ortiqcha to‘langan mablag‘lar qaytarilishi ta’minlandi.

Shu bilan birga aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida joylarda 3 km ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, 1 ta yangi tranformator o‘rnatildi.

Uch kun davom etgan qabullarda jami 505 nafar fuqaroning 509 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Sud-huquq masalalari bo‘yicha 425 ta hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 85 ta masalalar kelib tushdi.

Murojaatlarning 208 tasi, ya’ni 40% joyida hal etilgan bo‘lsa, 97 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat berildi, 204 ta murojaatni qo‘shimcha o‘rganish uchun vaqt talab etilganligi sababli ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar