Obid Hakimov: Eng katta qo‘shilgan qiymatni eng tez vaqt ichida yaratish mumkin bo‘lgan soha bu xizmatlar sohasi (+video)

Obid Hakimov: Eng katta qo‘shilgan qiymatni eng tez vaqt ichida yaratish mumkin bo‘lgan soha bu xizmatlar sohasi (+video)

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Joriy yil 11 mayda davlatimiz rahbarining “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda mazkur sohani muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish belgilandi.

30 sentyabrda yana bir muhim hujjat – “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilinib, pandemiya davrida umumiy ovqatlanish, savdo, turizm, transport sohalari uchun berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda aytilgan muammolar hal etildi.

Shundan kelib chiqib Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori Obid Hakimov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida quyidagilarni ta’kidladi:

– “Mahallalar o‘rganilganida har bir mahallada o‘rtacha 21 turdagi xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarga ehtiyoj bor va ushbu shoxobchalar orqali minglab bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish mumkin.

Mamlakatimizdagi yirik shaharlarning har birida o‘nlab yuqori salohiyatga ega muzeylar mavjud bo‘lib, ularning potensialidan to‘liq foydalanilmayapti. Prezidentimiz tomonidan ushbu turdagi muzeylarni rivojlantirish maqsadida Italiya, Fransiya, Turkiya mamlakatlaridagi yuqori tajribaga ega ekspert restavratorlarni olib kelib, muzeylarni turistlarbop qilib, qaytadan ta’mirlash taklifi berildi.

Birgina uch yirik shahardagi muzeylarni qayta ta’mirlash orqali qo‘shimcha 500 mingdan ortiq turistlarni jalb qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Aholining daromadlari oshib borishi bilan birga katta savdo maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlariga talab ortib bormoqda. Shu sababli Samarqand va Namangan shaharlarida keyingi yilda 600 ming kv metrdan ortiq bo‘lgan maydonda 10 ta yirik savdo va ko‘ngil ochar markazlar tashkil etiladi.

Turistlarga qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida bojsiz xarid qilish nuqtalari tashkil etiladi. Bu esa xorijlik sayyohlarning mahsulotlarimizga ishonchi va talabi ortishiga olib keladi. Qolaversa, buning natijasida 750 ming bo‘sh ish o‘rinlari yaratiladi.

Eng katta qo‘shilgan qiymatni eng tez vaqt ichida yaratish mumkin bo‘lgan soha bu xizmatlar sohasi hisoblanadi. Birgina shu strategik sohani rivojlantirish orqali bir vaqtning o‘zida sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida ham rivojlantirish mumkin”, – dedi Obid Hakimov.

Markaz direktorining ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari tomonidan hokim yordamchilari tizimi joriy qilinmoqda va bu tizimni joriy qilishda 600 dan ortiq loyiha shakllantirilgan. Hokim yordamchilari mahallalarda yashovchi aholi qatlamiga zarur bo‘lgan xizmat turlarini aniqlaydi. Masalan, sartarosh, santexnik vahokozo. Ushbu tizim tufayli eng yuqoridagi islohotlarni amaliyotga joriy qilinishi eng chekka hududlardagi mahallalargacha olib kiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar