Ana shunday ezgu maqsadlarda davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatida o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Ishchi guruh faoliyati doirasida davlatimiz rahbarining joriy yil 4 martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan bandlarni, ya’ni tuman va shaharlar, mahalla va ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida barcha mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mehr-saxovat ko‘rsatish bo‘yicha “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlarini hamda viloyatda umumxalq hasharini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Qolaversa, joriy yilning 11 martidan boshlab yurtimizda Muborak Ramazon oyi boshlanadi. Ushbu ulug‘ oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru-saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, oila va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bu borada Respublika ishchi guruhi boshchiligida Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan 72 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalar, 5700 ga yaqin boquvchisini yo‘qotgan oilalar, 600 dan ziyod yolg‘iz keksalar hamda 50 mingga yaqin nogironligi bor shaxslarning holidan xabar olish, amaliy ko‘mak ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ayni vaqtda, mahallalarda, ko‘cha va guzarlar, xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyillarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezident maslahatchi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi mahallalarda bo‘lib, mahalla yettiliklari, aholi bilan muloqot olib borib, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bu jarayonda Qorako‘l tumanining Qorahoji, Romitanning Sho‘rcha, G‘ijduvonning Ko‘lijabbor, Kogon shahrining Xo‘jabargi mahallalarida “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy qilish ishlari ham jadallashtirilmoqda. Mazkur hududlarda yangi mahalla binolari qad rostlamoqda, ta’lim, tibbiyot, madaniyat muassasalari rekonstruksiya qilinmoqda.
Mazkur mahallalardagi ta’mirtalab 18 km yo‘lga shag‘al yotqizildi, 340 ta simyog‘och ustunlar o‘rniga temir beton tayanch o‘rnatildi, 126 ta yangi beton tayanchlar qurish ishlari olib borildi va 13 km SIP kabellari tortildi. Gaz ta’minoti yaxshilash maqsadida aholiga 822 ta gaz ballon yetkazib berildi, 5,2 km tabiiy gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, aholi xonadonlariga 7 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida 3 km suv quvurlari ta’mirlandi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
Izoh qoldirish