Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida kundalik ehtiyojni qoplaydigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini saqlash davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu boradagi ishlar bugungi kunda juda dolzarb bo‘lib, zarur hayotiy ahamiyat kasb etmoqda.
Global inqiroz sharoitida, oziq-ovqat mahsulotlari uchun jahon narxlarining keskin o‘zgaruvchanligi sharoitida ichki bozorning narx-navo sakrashlariga nisbatan barqarorligini ta’minlash ayniqsa juda muhimdir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) ichki bozorda narxlar bo‘yicha doimiy monitoring olib bormoqda. Xususan, 2021 yil 28 apreldan 5 mayga qadar O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan narxlarning viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha o‘zgarishi tahlili amalga oshirildi.
O‘simlik yog‘i e’tibor markazida
So‘nggi paytlarda o‘simlik yog‘ining narxlari kon’yukturasi hukumat va jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Tashqi bozorda ushbu mahsulotga bo‘lgan talabning ortishi va natijada tadbirkorlarning narxlar farqidan foydalangan holda yuqori foyda olishga intilishi oqibatida narxlarning ko‘tarilishi davlat tomonidan bozorni barqarorlashtiruvchi chora-tadbirlarning joriy etilishiga olib keldi. Monitoring shuni ko‘rsatmoqdaki, amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, hafta oxiriga kelib respublikada bir litr o‘simlik yog‘ining o‘rtacha narx 0,5% ga pasayib, 19 104 so‘mni tashkil etdi. O‘rtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17 218 so‘m, Toshkent shahrida 20 596 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib bordi.
9 ta viloyatda o‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi kuzatilmoqda, eng yuqorisi Navoiy (2,4% ga) va Samarqand (2,2% ga) viloyatlarida qayd etildi.
Tumanlar tarkibida o‘simlik yog‘i narxining bir litri uchun eng katta pasayish Vobkent (8,3%), To‘rtko‘l (6,3%), Jomboy (5,5%), Ellikqal’a (5,4%), Paxtachi (5,1%), Mirzacho‘l (5%) tumanlarida kuzatildi.
Hafta davomida narxlar faqat 5 ta viloyatda oshdi, ulardan eng balandi Sirdaryo (1,6% ga), Toshkent viloyatlari va Toshkent shahriga (0,7% ga) to‘g‘ri keladi.
O‘simlik yog‘i narxlarining pasayishi ichki bozordagi vaziyatning barqarorlashayotganidan dalolat beradi.
Quyida mol go‘shti, sut, tuxum, kartoshka, guruch, bug‘doy uni, shakar narxlarining o‘zgarishi keltirilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida respublikada o‘rtacha narxlarning o‘sishi mol go‘shti (0,4%ga, kilosi 61 ming so‘mgacha), kartoshka (1,6%ga, kilosi 4,655 so‘mgacha), tuxum (0,1 %ga, o‘ntasi 10,761 so‘mgacha), bug‘doy uni (0,1%ga, kilosi 4,839 so‘mgacha), shakar (0,5 %ga, kilosi 8,309 so‘mgacha) uchun qayd etildi.
Hududlar kesimida eng yuqori narx o‘sishi:
- mol go‘shti Navoiy (1,7%) va Surxondaryo (1,8%) viloyatlarida;
- sut Toshkent shahrida (0,8%);
- tuxum Toshkent viloyati (1,1%) va Qoraqalpog‘istonda (0,8%);
- kartoshka Xorazm (7,9%), Toshkent (6,1%), Samarqand (4,2%) viloyatlarida;
- guruch Sirdaryo (0,9%) va Toshkent (0,8%) viloyatlarida;
- bug‘doy uni Andijon (3,5%) va Xorazm (1,4%) viloyatlarida;
- shakar Surxondaryo viloyatida (3,3%), Toshkent shahrida (1,8%) kuzatildi.
Respublikada hafta davomida o‘rtacha narxlarning pasayishi sut (0,2%ga, litriga 6 102 so‘mgacha), guruch (0,1% ga, kilosi ga 10 169 gacha), o‘simlik yog‘i (0,5% ga, litriga 19 104 so‘mgacha) uchun qayd etilgan.
Hududlar kesimida narxlarning eng katta pasayishi quyidagilar uchun qayd etildi:
- mol go‘shti – Toshkent shahrida (0,5%), Qoraqalpog‘istonda (0,2%);
- sut – Buxoro (2,4%), Samarqand (2,2%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘istonda (2,3%);
- tuxum – Jizzax (1,4%), Andijon (0,7%), Samarqand (0,5%) viloyatlarida;
- kartoshka – Andijonda (2,7% ga), Buxoroda (2,2% ga) viloyatlarida;
- guruch – Andijon (1,2%), Navoiy (0,4%) viloyatlarida, Toshkent shahrida (0,8%);
- bug‘doy uni – Namangan (3,1%), Navoiy (0,8%) viloyatlarida;
- shakar – Samarqand (2,3%), Xorazm (0,8%), Navoiy (0,5%) viloyatlarida);
Shunday qilib, O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan hafta davomida asosiy iste’mol tovarlari uchun narx muhiti nisbatan past darajada o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi.
Andijon va Buxoro viloyatlarida kartoshka narxining ko‘tarilishi haqida xavotirlar bor.
Ruslan Abaturov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish