2025 yilning I yarim yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti

2025 yilning I yarim yilligida Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti

Qirg‘iziston 11,7% bilan eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 8,6%dan ancha yuqori bo‘lib, o‘sish sur’atining jadallashganini ko‘rsatadi. Tarmoqlar kesimida Qirg‘iziston iqtisodiyoti o‘sishining drayverlari quyidagilar bo‘ldi: qurilish – 42,5% o‘sish bilan, sanoat – 10,2% (qazib olish tarmog‘i 10,8% ga o‘sgan, qayta ishlash tarmog‘i esa bir oz sekinroq – 9,8% o‘sgan), xizmat ko‘rsatish sohasi – 10,1%. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida o‘sish sur’atlari sekinlashib, 3,8%ni tashkil etdi (2025 yil yanvar–iyun oylarida – 5,1%).

Tojikistonda YaIM o‘sishi 8,1%ni tashkil etdi. Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari sanoat sohasida kuzatildi — 24% (Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkich). Jumladan, qazib olish sanoati 71%ga o‘sgan bo‘lsa, qayta ishlash sanoati kamroq 5% o‘sishni qayd etdi — bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyoning aksar mamlakatlariga nisbatan past. Xizmat ko‘rsatish sohasida ham yuqori o‘sish kuzatildi — 12,8%, qishloq xo‘jaligida esa 9,7% (bu ham MOdagi eng yuqori ko‘rsatkich).

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur’ati 7,2%ga yetgan bo‘lsa, o‘tgan yilning shu davridagi o‘sish 6,6% ni tashkil etgan edi. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari xizmatlar sohasi (13,3%) va qurilish (10,7%) bo‘ldi. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari 22,1 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan Markaziy Osiyoda yetakchilik qildi. Joriy yilda sanoat o‘sishi 6,6 foizni tashkil etdi. Qazib olish sanoati 5,1 foizga, qayta ishlash sanoati esa 7,1 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligida esa o‘sish sur’ati tezlashib, 4 foizga yetdi.

Turkmanistonda iqtisodiy o‘sish o‘tgan yildagi darajada saqlanib, 6,3% ni tashkil etdi. Yuqori o‘sish qayd etilgan asosiy tarmoqlardan biri xizmatlar sohasi bo‘lib, u 8,6% ga oshdi. Qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish kuzatildi – 4,5% (ushbu tarmoq an’anaviy ravishda nisbatan past o‘sish ko‘rsatkichlari bilan tavsiflanishini hisobga olganda). Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari nisbatan past o‘sish sur’atlarini namoyon etdi. Qurilish sohasi 5,3% ga o‘sdi. Sanoat esa joriy yilda bor-yo‘g‘i 1% o‘sish bilan cheklandi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng past natija bo‘ldi.

Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish sur’atlari Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan pastroq bo‘lsa-da, joriy yilda so‘nggi yillardagi eng yuqori darajaga chiqdi – 6,2%. Solishtirish uchun, 2024 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 3,2% bo‘lgan. Iqtisodiyot tarmoqlari ichida eng katta o‘sish transport xizmatlarida (22,7%) va qurilish sohasida (18,4%) kuzatildi. Sanoatda o‘sish 6,5% ni tashkil etdi: qazib olish sohasida 8,4%, qayta ishlash sanoatida esa 5,5%. Qishloq xo‘jaligida esa Markaziy Osiyodagi eng past ko‘rsatkich qayd etildi – 3,7%.

Ichki talab mintaqadagi mamlakatlar iqtisodiyoti o‘sishining asosiy rag‘batlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘ldi, bu esa Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori o‘sish ko‘rsatkichlarida o‘z ifodasini topdi:

- savdo xizmatlari (Qozog‘iston – 8,4%, Qirg‘iziston – 12,1%, Tojikiston – 9%, Turkmaniston – 9,9%, O‘zbekiston – 11,1%);

- chakana tovar aylanmasi (Qozog‘iston – 6,6%, Qirg‘iziston – 19,9%, Tojikiston – 6,2%, Turkmaniston – 12,7%, O‘zbekiston – 9,7%);

- kreditlash hajmlari (Qozog‘iston – 21,9%, Qirg‘iziston – 48,3%, Tojikiston – 19,1%, Turkmaniston – 19,0%, O‘zbekiston – 16,5%).

Bundan tashqari, joriy yilda deyarli barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarida yuqori investitsiyaviy faollik kuzatildi. Shunday qilib, Qirg‘izistonda birinchi yarim yillikda asosiy kapitalga investitsiyalar o‘sishi 42,9 foizni, Qozog‘istonda 19,3 foizni, Turkmanistonda 15,6 foizni, Tojikistonda 14,6 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda investitsiyalarning o‘sishi o‘tgan yilning birinchi yarmidagi 45 foizlik kuchli o‘sishdan keyin 5,5 foizgacha pasaydi.

Tahlil qilinayotgan davrda inflyasion bosim Markaziy Osiyo mamlakatlarida turlicha kechdi. Shunday qilib, Tojikistonda nisbatan past ko‘rsatkichlar kuzatilmoqda – yil boshidan iste’mol narxlarining o‘sishi 1,8 foizni tashkil qildi (2024 yilning birinchi yarmida – 1,9 foiz). Qozog‘iston va Qirg‘izistonda o‘tgan yilga nisbatan narxlar o‘sishining tezlashishi kuzatilmoqda. Shunday qilib, Qozog‘istonda inflyasiya 2024 yilning birinchi yarmidagi 3,9 foizdan joriy yilning iyun oyi oxirida 7 foizgacha tezlashdi. Qirg‘izistonda narxlarning o‘sishi xuddi shunday tarzda 2,4 foizdan 4 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa, aksincha, narxlar o‘sishi 2024 yil iyun oyi oxiridagi 5,2 foizga nisbatan 4,2 foizgacha sekinlashdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tashqi savdo yo‘nalishlari turlicha shakillandi. Xususan, Qozog‘istonda 2025 yilning yanvar-may oylarida neft qazib olish ko‘payganiga qaramay, uning eksporti kamaymoqda. Bu esa mamlakat eksportining 9,2 foizga 30 milliard dollarga, tashqi savdo aylanmasining 4,5 foizga 54 milliard dollarga qisqarishida yetakchi omillardan biriga aylandi. Qirg‘izistonda ham shu davr mobaynida eksport 27 foizga (835 million dollar), import 11,7 foizga (4,9 milliard dollar) kamaygan, buning natijasida tashqi savdo aylanmasi hajmi 14,4 foizga (5,8 milliard dollar) kamaygan.

Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlarida esa tashqi savdo aylanmasi o‘sish tendensiyasini ko‘rsatdi. Tojikistonda tashqi savdo aylanmasi 7,2% ga oshib, 4,7 mlrd. dollarga yetdi. Shu bilan birga, eksport 4,3% ga kamayib 955 mln. dollarni, import esa 10,5% ga ko‘payib 3,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. Turkmanistonda tashqi savdo 2,9 foizga oshdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng yuqori sur’atda o‘sish O‘zbekistonda qayd etildi – tashqi savdo aylanmasi 16,1% ga ko‘payib 37 mlrd. dollarga yetdi. Eksport 29% ga o‘sib 17 mlrd. dollarga chiqdi, import esa nisbatan sekinlashib 7% ga ortib 20 mlrd. dollarni tashkil etdi.

2025 yilning birinchi yarim yilligida milliy valyutalarning AQSh dollariga nisbatan kursi turlicha o‘zgardi. Xususan, tenge 4,4%, qirg‘iz somi 0,5% va o‘zbek so‘mi 2,3% ga qadrsizlandi. Shu bilan birga, tojik somoni sezilarli darajada mustahkamlanib, 12,9% ga oshdi.

Umuman, ko‘rib chiqilayotgan davrda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Kengayib borayotgan kreditlash va investitsiya faoliyati ichki talabni yanada rag‘batlantirdi, bu esa inflyasiya bosimini kuchaytirdi. Narxlar o‘sishiga, shuningdek, kommunal xizmatlar tariflarining oshishi hamda import orqali kirib kelayotgan inflyasiya ham ta’sir ko‘rsatdi.

Shu sharoitda Qozog‘iston va O‘zbekiston yilning birinchi yarmida asosiy foiz stavkalarini oshirdi. Qirg‘iziston esa inflyasiya bosimi va iqtisodiy o‘sishning me’yoridan yuqori sur’atlari sabab iyul oyida stavkani ko‘tardi. Tojikiston, aksincha, yalpi ichki mahsulotning yetarli darajada yuqori o‘sishiga qaramay, iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, qayta moliyalash stavkasini bir necha bor pasaytirib, nisbatan past inflyasiya darajasini saqlab qolish va milliy valyutani mustahkamlash siyosatini olib bordi. Turkmanistonda yilning birinchi yarmida makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash yo‘nalishi saqlanib qoldi.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari ortib bormoqda, bu esa o‘sib borayotgan iqtisodiy faollikni diqqat bilan kuzatib borish va ichki talabning mumkin bo‘lgan haddan tashqari qizib ketishining oldini olish uchun tezkorlik bilan zarurat tug‘dirmoqda.

Ruslan Abaturov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar