Olis hududlardagi ishga jalb qilingan malakali mutaxassislarga har oylik kompensatsiya to‘lanadi

Olis hududlardagi ishga jalb qilingan malakali mutaxassislarga har oylik kompensatsiya to‘lanadi

“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan olis va chekka hududlarda quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m) miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi;
  • oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilingan shifokorlarga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 mln so‘m miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi.

Boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq to‘lovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.

Mazkur imtiyozlardan OTMning bakalavriati yoki magistraturasini (ta’lim shaklidan qat’i nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari, shu jumladan tibbiyot muassasalariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega.

Bunda uy-joy uchun har oylik pul kompensatsiyasi mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oygacha to‘lanadi.

Oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi bo‘yicha olis va chekka hududda joylashgan bir byudjet tashkilotidan va (yoki) tibbiyot muassasasidan boshqasiga o‘tkazilganida, har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash belgilangan muddat tugagunga qadar davom ettiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar