Ochiq-jonli muloqotlar davomida tadbirkorlik yo‘nalishidagi qator masalalar ham joyida hal qilindi. Aytaylik, kosonlik tadbirkor Alisher Omonov tashkil qilgan chorvachilik majmuasida ming bosh qo‘y-echki, 200 bosh qoramol parvarishlanib, aholiga arzon-u sifatli go‘sht-sut yetkazib berilmoqda. Faoliyatini yanada kengaytirishni niyat qilgan tadbirkorga Markaziy bank mas’ullariga murojaatidan so‘ng 1 milliard so‘m kredit ajratishga qaror qilindi.
Muboraklik tadbirkor G‘ayrat Aliqulov korxonasi faoliyatini kengaytirish maqsadida 60 ming dollar kredit olishda muammolarga duch kelgan edi. Murojaatdan so‘ng bu masala ham o‘rganilib, tadbirkorga qonun doirasida amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Koson tumani Nartichuqur mahallasida yashovchi G‘ayrat Bo‘riyevning 1994 yildan buyon tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan binosini kimdir soxta hujjatlar bilan rasmiylashtib, sotib yuborishga urinayotganiga oid shikoyatini Bosh prokuratura mas’ullari o‘z nazoratiga oldi. Masala qonuniy-batafsil o‘rganilib, adolatli hal qilinadigan bo‘ldi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari esa muboraklik yosh tadbirkor Sardor Egamberdiyevning tumandagi Xitoy qishlog‘idan o‘tuvchi trassa bo‘yida avtobekat qurib, xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga oid loyihasini joyiga chiqib o‘rganib, qonuniy yordam ko‘rsatadigan bo‘ldi.
Kosonlik tashabbuskor tikuvchi Farida Sohibovaga esa tumanning Esaboy kishlog‘idagi tikuvchilik korxonasida xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlashi uchun mahalliy byudjet hisobidan 10 ta tikuv mashinasi olib berildi.
Kosonlik Asror Elmurodovning Ichki ishlar vazirligi mutasaddilariga murojaati asosida unga bir qarzdor tanishi 9 oydan buyon qaytarib bermayotgan 20 million so‘m mablag‘i olib berilishi ta’minlandi.
G‘uzorlik Nodira Xudoyorovaning o‘g‘li 2020 yilda elektron auksion orqali sotib olgan yer maydonini boshqa bir shaxs egallab olganiga oid shikoyatini viloyat hokimligi tezkor, batafsil o‘rganib, joyida hal qilib berdi.
Bosh prokuratura mas’ullariga murojaatdan so‘ng kosonlik Istad Ochilova va onasining qonuniy huquqlarini himoya qilish, muqim turar-joysiz og‘ir ahvolda qolgan bu oilani boshpana bilan ta’minlash bo‘yicha viloyat 2-sektoriga aniq muddatli topshiriq berildi.
Ochiq-jonli muloqotlarda yo‘llar ta’miri, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotiga oid qator masalalar ham hal qilindi. Deylik, Kosonning O‘rta Obron mahallasida yashovchi Dilmurod Xushvaqtov murojaati bo‘yicha mahalladagi 1968 yilda qurilgan yog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtiriladigan, katta quvvatli bitta qo‘shimcha transformator ham o‘rnatib beriladigan bo‘ldi.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ullarining kosonlik Sanobar Majidova murojaati yuzasidan Neko‘z mahallasidagi o‘rganishlari asosida mazkur hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasini 2023 yilgi dasturga kiritishga qaror qilindi.
Qabullar davomida mehnat va bandlik, ta’lim, ijtimoiy himoya bilan bog‘liq qator masalalarga ham yechim topildi.
Ishsiz 50 nafar murojaatchiga esa o‘z uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari, pishiriq pishirish pechlari, poyabzal tikish, charx uskunalari olib berildi.
Respublika ishchi guruhining Koson tumanidagi ommaviy qabulida 431 nafar murojaatchining 435 ta masalasi ko‘rib chiqilib, ularning 218 tasi joyida hal qilindi. 51 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 166 ta masala nazoratga olindi.
Izoh qoldirish