Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan Xalq qabulxonalari poytaxtimizda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya yo‘nalishlari bo‘yicha ommaviy qabul tashkil etdi. Mutasaddi vazirlik va idoralar, yigirmaga yaqin tibbiyot, dalolash-reabilitatsiya markazlari, tibbiyot birlashmalari bilan aholisi o‘rtasida kechgan ochiq muloqotlar natijasida fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab masalalarga yechim topishga erishildi.
Qibraylik Rahimbergan Masharipov 2-guruh nogironi, boz ustiga, katarakta kasalligi bilan xastalangan. Ammo jarrohlik amaliyoti uchun qo‘li kaltalik qilayotgan ekan. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan suhbat asnosida masala atroflicha ko‘rib chiqilib, otaxonda bepul yo‘llanma asosida Respublika ko‘z kasalliklar mikroxirurgiyasi shifoxonasida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Yashnobodlik Dilbar Begmatova farzandlarini yolg‘iz o‘zi katta qilmoqda. Ustiga-ustak 4 yoshli o‘g‘liga tug‘ma miopatiya tashxisi qo‘yilgan, jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarur. Tashkil etilgan jonli muloqot uni qiynab kelayotgan masala yechimida yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Murojaati sinchiklab o‘rganilgach, uning o‘g‘lida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi, dori-darmonlari uchun homiylik hisobidan qo‘shimcha 8 million so‘m ajratilishi belgilab olindi.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi Gulnoza Jalolova bir o‘zi 3 nafar farzandni voyaga yetkazmoqda. Sog‘lig‘i yo‘l qo‘ymagani tufayli hozir ishsiz bo‘lib, ro‘zg‘or tebratishda qiynalib qolgan. Shu bois Toshkent pediatriya tibbiyot institutida tahsil olayotgan qizi uchun nafaqa ajratishda yordam so‘rab moliya vazirligi huzuridagi byujetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mas’ullariga murojaat qildi. Gulnoza Jalolovaning mazukr murojaati amaldagi qonunchilik talablariga to‘la mos kelganligi sababli mutasaddilar tez kunlarda uni hal qilib beradigan bo‘ldi.
48 yil o‘qituvchilik qilgan Shahribonu Hayitova taqdir ekan nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan. Vaqt o‘tib aravacha nosoz holga kelib qolgan, yangisiga ehtiyoj tug‘ilgan. Mas’ullar bilan muloqot yakuni bo‘yicha faxriy pedagogga zamonaviy elektr yuritmali aravacha topshirildi. Umuman, ommaviy qabul jarayonida tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan 10 dan ortiq ehtiyojmand fuqarolarga ana shunday aravachalar topshirildi.
E’tiborli jihati, ommaviy qabul jarayonida ayon bo‘lgan ma’lumotlar asosida respublika tibbiyot markazlarining yuqori malakali mutaxassislari bevosita xonadonlarga borib, bemorlarni chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazdi.
Yunusobod tumanining Zarbuloq mahallasida yashovchi Maxsuma va Abdurahmon To‘laganovlar yurtimizda inson omiliga berilayotgan e’tibordan mamnun. Onaxon bundan avval to‘rtinchi darajali bo‘ksa artrozi tashxisi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ajarrohlik amaliyoti o‘tkazish orqali bepul davolangan bo‘lsa, uning turmush o‘rtog‘i ko‘p yillar qandli diabet bilan og‘rigan. Onaxon shifokorlar e’tibori, malakali tibbiy muolajalar tufayli qisqa vaqtda oyoqqa turib, o‘zi harakatlanayotgani haqida aytadi. Bu galgi ko‘zdan kechiruv yakunida shifokorlar otaxonga nogironlik belgilanishi hamda tez orada oyoqqa protez o‘rnatilishini bayon qilishdi.
Sirojiddin Mirzayev Yunusobod tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaatidan keyin otaxonda ko‘z kasalligini davolash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, qo‘shimcha muolajalar olib borilmoqda. Bu gal shifokorlar tuzalish jarayoni qanday ketayotganini tekshirib, kerakli maslahat va yo‘l-yo‘riqlarni berdi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Umid Eshimov navqiron yoshida taqdirning og‘ir zarbasiga uchraydi. Naqd 18 yoshida baxtsiz hodisa tufayli nogironlik aravasiga mixlanib qoladi. Mana shundan beri 30 yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, shifokorlar nazoratida. Aslida bir og‘iz shirin so‘z, ozgina e’tibor Umid aka singari insonlar hayot sifatini yaxshilashda dori-darmondan kam ahamiyat kasb etmasligini shifokorlar yaxshi biladi. Shu bois ham qabul doirasida uning xonadonida ham bo‘lib, Umid Eshimov nazoratdan o‘tkazib, unga reabilitatsiya markazida davolanishi uchun yo‘llanma va zamonaviy aravacha ajratiladigan bo‘ldi.
Poytaxtimizning “Turon” mahallasida yashovchi Ollomurod Isaqulov va Nasiba Isaqulovalar qandli diabet bilan og‘rib keladi. Tibbiyot xodimlari ularning xonadonida ham bo‘lib, ko‘rikdan o‘tkazishdi. Endokrinologiya markazida davolanishlarini aytishdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchi kurslar talabalari darsdan bo‘sh vaqtida ishlashi uchun keng imkoniyat yaratib berilgani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Shundan kelib chiqib, ommaviy qabul jarayonida mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalari 470 ta bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi. Yarmarkada 48 nafar fuqaro ishga qabul qilindi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistraturasining 3-kursida ta’lim olayotgan Surayyo Mehmonova o‘qish bilan birga ishlash istagi borligini ham ma’lum qilib, ma’sullarga murojaat qildi. Murojaati ko‘rib chiqilib, Mirzo Ulug‘bek tumani tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirish uchun mehnat shartnomasi tuzildi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kelgusi yilda tamomlaydigan 223 nafar bakalavriat, 29 nafar magistratura talabalari, 44 nafar ordinatura talabalari bilan to‘rt tamonlama shartnomalar rasmiylashtirildi. Shuni hisobidan Toshkent shahridagi muassasalarda mavjud bo‘lgan 344 ta vakant o‘rinlar to‘ldirilishi reja qilib olindi.
Ommaviy muloqotlar davomida aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar ham tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan besh yuzga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlari xodimlari ham yolg‘iz qariyalar holidan xabar olib, zarur tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishini tashkil qildi.
Umuman olganda, ommaviy qabulda 328 nafar fuqarodan sog‘liqni saqlash, pensiya, bandlik kabi masalalar bo‘yicha 331 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 157 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 41 tasi bo‘yicha huquqiy axborot va maslahat, 17 tasi bo‘yicha tushuntirish berildi, 116 ta murojaatni o‘rganish uchun qo‘shimcha vaqt talab etilgani sababli nazoratga olindi.
Izoh qoldirish