Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, qariyb o‘ttizta vazirliklar, qo‘mitalar va tashkilotlar rahbarlarining Navoiy shahridan 250 km. olisdagi Zarafshon shahrining “Tinchlik” mahallasidan boshlangan muloqotlari Navbahor tumanining “Keskanterak”, Karmana tumanining “Zarafshon” mahallalarida davom etdi.
Uch kunlik qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas’ullari 67 ta masalani ko‘rib chiqib, ularning 32 tasini joyida hal qildi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana, Tomdi, tumanlari, Zarafshon shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 9 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi, 9 nafarining jazosi yengilrog‘iga almashtirildi.
Farrux Xalilov “Zarafshon golden grupp” korxonasi huquqshunosi. U Oliy sud vakillariga mazkur tadbirkorlik sub’yekti manfaatini himoya qilish maqsadida murojaat etdi. Xususan, Sud hukmiga ko‘ra ushbu korxonaga 5 mln so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Biroq, prokuror protestida bu summa 350 million etib belgilanishi keltirilgan. Sayyor qabulda huquqshunos sudning birinchi hukmin o‘z kuchida qoldirishni so‘rab qilgan murojaati apelyasiya tartibida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Bosh prokuratura mas’ullari tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik, kredit ajratish va ishga joylashish kabi masalalarga oid 131 ta murojaatning 43 tasini joyida hal qildi.
Navbahorlik Ziyodullo Kamolovning ham muammosiga shu yerda yechim topdi. Shuncha vaqtdan beri yurak xastaligidan aziyat chekib kelayotgan bu insonga bepul davolanishi uchun yo‘llanma berildi.
Navbahorlik Gavhar Tursunovaga 3 nafar farzandi uchun aliment pullari olib berilib, tikuvchilik yo‘nalishida kasbga o‘qitiladigan va subsidiya asosida tikuv mashinasi olib beriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Karmana tumani bo‘limiga murojaat qilgan Sanobar Rahmonova ma’lum sabablar bilan oilasidagi kelishmovchilik tufayli ajrashishga qaror qilgandi. U va turmush o‘rtog‘i o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgach, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila yarashtirildi.
Ichki ishlar vazirligi mas’ullari qabullarda 144 ta masalani ko‘rib chiqib, ularning 61 tasini joyida hal qildi. Xususan, Zarafshonlik 21 yoshli Jonibek Yarashev sohada ishlash ko‘p yillik orzusi ekanini aytgach, u Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” mahallasi profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.
Nodir Jo‘rayev 9 yil oldin Nurota tuman ichki ishlar bo‘limida faoliyat yuritgan. 2013 yilda ishdan bo‘shatilganidan noroziligini bildirib, ishga tiklash masalasida o‘z murojaatini yo‘lladi. Uning bu muamosi ham ko‘rib chiqilib, endilikda tizimda o‘z ishini davom ettiradigan bo‘ldi.
Adliya vazirligi mas’ullari sud-huquq masalalarga oid 67 ta murojaatning 30 tasini joyida hal qildi. Jumladan, konimexlik tadbirkor Tursun Isayevga Adliya organlariga qilgan murojaatidan so‘ng davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan savdo do‘koni uchun kompensatsiya ajratiladigan bo‘ldi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilariga murojaatidan so‘ng xatirchilik Nurxon Jo‘rayeva ham avvalgi ish joyi – Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qaytdi. Bu ayol avval o‘rindoshlik asosida ishlab ishdan bo‘shagan bo‘lsa, endi alohida shtatga ishga olindi.
2019 yilda oilaviy sharoiti tufayli Navoiy davlat pedagogika institutidan o‘qishdan chetlatilgan navbahorlik Zarifa Shomurodovani ham o‘qishga tiklash masalasi shu yerda hal etildi.
Sayyora Egamovaning ikki farzandi xorijda tahsil oladi. Biroq bu oila uchun bir muncha qiynchilik keltirib chiqarmoqda. Ikki yildan buyon Koreya davlatida Ayti sohasida tahsil olayotgan o‘g‘li Bekzod Umrqulovni yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga ko‘chirishni so‘rab qilgan murojaati hal etildi. Ya’ni, Bekzod yangi o‘quv yilini Moskva davlat universtitining Toshkentdagi filialida davom ettiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullariga qabullar davomida jami 102 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 83 tasi ijobiy yechim topdi. Deylik, murojaatlardan so‘ng o‘tgan yili onkologik kasallikni yengib o‘tgan zarafshonlik Zulfiya Ummatovaning to‘liq sog‘lom hayotga qaytishi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi uchun yo‘llanma ajratildi.
Uzoq yillardan beri xastalik bilan kurashib kelayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj Olmaxon Boltayevaga jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 43 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
Umuman, qabullarda mehnat-bandlik yo‘nalishida ko‘plab insonlarning muammosi shu yerda hal qilindi. Ancha vaqtdan buyon ishsizlikdan qiynalib yurgan Gulnoza Boynazarova esa Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mas’ullari bilan muloqotdan so‘ng tikuvchilik korxonasida ishlaydigan bo‘ldi.
Tomdi tumanida tuya junidan kiyim-kechak tayyorlaydigan kichik korxona egasi Aynara Do‘stovaga esa faoliyatini kengaytirish maqsadida, yangi uskunlarni harid qilish uchun imtiyozli kredit ajratildi.
Xalqimiz azaldan yo‘l qurganlarning mehnatini ulug‘laydi. Chunki bir yo‘l bilan yuzlab odamlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘ladi. Ommaviy qabullarda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari bu boradagi qator murojaatlarga ham yechim topdi. Deylik, Navbahor tumani “Dul-dul” mahallasida yashovchi Boboqul Hilolov murojaatidan so‘ng ta’mirga muhtoj mahalla ko‘chalariga tosh-shag‘al va beton yotqiziladigan bo‘ldi. Endi mahalladagi 3 ming nafarga yaqin aholi ravon yo‘ldan ishga-o‘qishga borib keladi.
Karmana tumanining “Uyrot” mahallasida istiqomat qiluvchi Ismatulla Ibodov hamda San’at Xasanov shu vaqtgacha ishsizligi bois oilada ham bir muncha muammolar yuzaga kelayotganini ta’kidlab, bandlik masalasida qo‘mita rahbariyatiga murojaat qildi. Quvonarlisi, ularga sayyor qabulning o‘zida ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi bo‘yruq rasmiylashtirib, maxsus kiyim bosh ham topshirildi.
Viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan 200 ta murojaat tinglanib, shundan 58 tasi joyida hal etildi. Xususan, murojaatidan so‘ng ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisada tan jarohati olgan 2-guruh nogironi Jalil Temirovga moddiy yordam ko‘rsatilib, uning ayoli tikuvchilik sexiga ishga joylashtirildi.
Qiziltepalik Qo‘zi Ibragimov esa jigar serrozi bilan og‘rib kelayotgan farzandida o‘tkazilishi zarur bo‘lgan jarrohlik operatsiyasi uchun moliyaviy yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat rahbarining qarori bilan unga 50 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi ommaviy qabullarida 1 ming 713 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 743 tasi joyida hal qilindi. 306 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qolgan 664 ta masalani hal qilish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.
Izoh qoldirish