Ommaviy qabullar: yeridan ajralgan fermer, firibgar xo‘jalik raisi, tiklangan oila, ozod etilgan mahbuslar va boshqa masalalar

Ommaviy qabullar: yeridan ajralgan fermer, firibgar xo‘jalik raisi, tiklangan oila, ozod etilgan mahbuslar va boshqa masalalar

Toshkent viloyati Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan fuqarolarning sud-huquq sohasidagi muammolarini hal etish maqsadida tashkil etilayotgan ommaviy qabullarning navbatdagi manzili bo‘ldi.

Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, ichki ishlar vazirligi mas’ullari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokida Bekobod shahri hamda Bo‘ka tumanida Bekobod va Piskent tumanlari aholisini ham qamrab olgan holda o‘tkazildi.

Mazkur qabulda ishtirok etgan Gulnora Qurbonaliyeva Bekobod tumanidagi “Achamayli” MFYda istiqomat qiladi. Oila ro‘zg‘origa ko‘maklashay degan onaxon yil boshida o‘z uyida savdo do‘koni tashkil etadi-yu ammo tadbirkorlikni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan turib, faoliyatni boshlab yuboradi. Bu holat soliq organlari tomonidan aniqlanib, kamchiliklarni bartaraf etish, faoliyatni qonuniylashtirish uchun 30 kun muddat beriladi. Shu davr mobaynida barcha hujjatlarda risoladagidek rasmiylashtirgan tadbirkor opa ommaviy qabulda ishtirok etib, jarimadan ozod qilishni so‘radi. Murojaatni ko‘rib chiqqan Bekobod tumani sudi onaxonning oilaviy sharoiti, endi faoliyat boshlagani, xatosini tushunib, kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etgani bois uni jarima to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Biz istaymizmi-yo‘qmi hayotda turli-tuman holatlar, xursandchilik ham, ko‘ngilsizlik ham birdek uchraydi. Umr yo‘lidagi shunday notekisliklar, murakkabliklar inson zoti boshidagi bor savdo aslida. Bunday savdoga duch kelgan Bekobod shahrilik Yo‘ldoshevlar oilasining fuqarolik ishiga doir hal bo‘lmay kelayotgan muammosiga nihoyat mazkur ommaviy qabulda nuqta qo‘yildi. Bu fuqarolar umumiy mulk hisoblangan xonadonni o‘zaro bo‘lib olish masalasida sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Gap shundaki, sobiq er va xotin qonuniy ajrashgan, ammo oilaga tegishli bo‘lgan uy kimning egaligida qolishi yuzasidan kelishmovchilikning hech oxiri ko‘rinmadi. Ommaviy qabul doirasidagi sud jarayonida sobiq er ayolning xonadondagi ulushini sotib olib, uni uydan chiqib ketishi bo‘yicha da’vo kiritdi. O‘z o‘rnida sobiq xotin uydan chiqishni istamasligi, sobiq erining ulushini sotib olishi mumkinligini bildirdi. Sud tomonlarning har birini tinglab, holatni tahlil qilib, fuqarolarni o‘zaro kelishish, insoniylik tamoyillariga amal qilishga da’vat etdi. Natijada sobiq er ekspertiza xulosasiga ko‘ra 100 million so‘mdan oshiqroqqa baholangan uydagi ulushini sobiq turmush o‘rtog‘iga sotishga rozi bo‘ldi. Sud hukmiga ko‘ra uyning yarim bahosini naqd pul shaklida olgan erkakning mulkka nisbatan egalik huquqi tugatilib, mulk ayolning nomiga rasmiylashtirib berildi.

Qabul doirasida Bekobod tumanining “Paxtakor” mahallasida yashovchi Shokirovlar oilasining ajrim so‘ragan murojaati sudda ko‘rildi. Ayol oilaviy janjallar sabab, ikki nafar farzandi bo‘lishiga qaramay ajrashish bo‘yicha sudga da’vo kiritgan. Jarayonda turmush o‘rtog‘i va oiladagilarning ruhiy va jismoniy bosimi uni toliqtirganini bayon etdi. Yarashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlarga qaramasdan ish sudgacha kelgan. Er va xotin bilan suhbat paytida ajrim sabab bo‘ladigan noxush holatlar, farzandlar hayotiga bu holatning salbiy ta’siri yotig‘i bilan tushuntirilgach, tomonlarning kelishuviga asosan oila saqlab qolindi.

Bosh prokuratura mas’ullari ko‘tarilgan masalalarning har birini murojaatchi va viloyat prokuraturasi rahbariyati bilan yuzma-yuz muhokama qildi. Ular asosan tergov-surishtiruv, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik va boshqa masalalardagi ariza-yu shikoyatlardan iborat.

Bo‘kalik Anvar Abdurahimov 2017 yilda bog‘dorchilik uchun 22,5 gektar yer oladi. Ammo 2017-2018 yillarda yerda tuman hokimligi ko‘rsatmasi asosida paxta yetishtirib kelingan. 2018 yil oxirida ko‘chatlar olib kelib, ularni o‘tqazishdan avval o‘ziga tegishli yer maydoni chegaralariga aniqlik kiritish maqsadida 2019 yil yanvar oyida yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tuman bo‘limiga borganida, unga ajratilgan yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarib olinib, boshqa bir MChJga ajratib berilganidan xabar topadi. Shundan so‘ng tuman hokimining qarorini asossiz deb hisoblab, sudga murojaat qiladi. Sud ishni ko‘rib chiqib hokim qarorini bekor qiladi. Ammo hokimlik ijara shartnomasini bekor qilib, shu paytga qadar fuqaro bilan yangi shartnoma tuzishni paysalga solib kelayotganini aytib, murojaat qildi. Prokuratura mas’ullari ushbu holatni o‘rganib chiqib, yechimi ta’minlanishi qat’iy nazoratga olindi.

Muloqotlar davomida o‘zgalar mulkiga zarar yetkazilgan firibgarlik holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ijro jarayonlari ustidan ham nazorat o‘rnatildi. Bo‘ka tumanida istiqomat qiluvchi Dilbar Parpiyeva o‘g‘li Abdurauf Abdurahmonov firibgar tuzog‘iga tushib, katta miqdorda moddiy zarar ko‘rganini, 2018 yilda bo‘lib o‘tgan sud hukmiga ko‘ra da’vogarga 40 million so‘m undirib berilishi belgilangani, ijro varaqasi majburiy ijro byurosiga topshirilgani, lekin javobgarning nomida mulk bo‘lmagani sababli hukm ijrosi mana uch yildirki ortga surilayotganini aytib, prokuratura mas’ullariga murojaat qildi. Murojaatchining ta’kidlashicha, javobgar aslida fermer xo‘jaligi raisi, unga tegishli mol-mulk ham bor. Ushbu masala ham Bosh prokuratura nazoratiga olinib, sud qarori ijrosi ta’minlanishi yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bo‘kalik bir guruh fuqarolarning jamoaviy murojaatida tuman markazida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi aholi zich yashaydigan hududda barpo etilgani, bu esa odamlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani aytib o‘tilgan. Prokuratura mas’ullari bu masala qo‘shimcha o‘rganishlarni talab etishi, tadbirkorning ham, aholining ham qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda masalaga oydinlik kiritish uchun vaqt talab etilishini aytib, muddat so‘rashdi. Eng muhimi, muammoga adolatli va qonuniy yechim topilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladigan bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi mas’ullari ichki ishlar organlariga ishga tiklanish va ishga kirish, surishtiruv va tergov, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulk yoki buyumlarni qaytarib olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jazoni ijro etish va boshqa masalalarga oid ko‘plab murojaatlarni ko‘rib chiqdi. Munosib xulq-atvori, mehnatga bo‘lgan ijobiy munosabati, to‘g‘ri yo‘lga o‘tganligini inobatga olib, bir guruh shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha sudlarga taqdimnoma kiritildi.

Bekobod tumani “Dehqonobod” mahallasida yashovchi Asadbek Kamolov adashib jinoyat yo‘liga kirgan. O‘g‘rilik qilgani uchun 2 yilga ozodlikdan cheklash jazosiga hukm qilingan edi. Hali voyaga yetmagani, namunali xulqi inobatga olinib, probatsiya guruhi unga nisbatan sudga taqdimnoma kiritdi. Bekobod tumani sudi Asadbek Kamolovning ishini ko‘rib chiqib, unga yana bir bor imkoniyat berildi. U o‘talmay qolgan 1 yil 5 oylik ozodlikdan cheklash jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Umuman ommaviy qabullar doirasida o‘tkazilgan sayyor sud majlislarida shu kabi jami 40 nafar mahkumga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilib, ulardan 2 nafari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 38 nafarining o‘talmay qolgan jazosi yengilroq jazoga almashtirildi. Shuningdek, qabullar davomida, bandlik, uy-joy ta’minoti, kadastr, bankdan kredit olish kabi boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha ham murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularni hal etish choralari ko‘rildi.

Sud-huquq organlarining aholi bilan jonli muloqotlari bugun Angren va Ohangaron tumanlarida Olmaliq shahri hamda Ohangaron tumani aholisini ham qamrab olgan holda davom ettirilgan bo‘lsa, ertaga Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlarida qo‘shni tumanlar aholisi ham jalb etilgan holda o‘tkaziladi. Ularning tafsilotlari haqida ham xabar beramiz.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar