O‘zbekistonning 2022 yil IV choragida eng faol banklari aniqlandi. Nimalar o‘zgardi?

O‘zbekistonning 2022 yil IV choragida eng faol banklari aniqlandi. Nimalar o‘zgardi?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekistonning 29 ta tijorat banki uchun "Banklar faollik indeksi"ni yangiladi va uning asosida banklarning choraklik reytingi tuzildi. Tadqiqot xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi o‘zgarishini monitoring qilish, shuningdek, O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida olib borilmoqda.

Indeksni hisoblashda bank ko‘rsatkichlari quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llanilgan: moliyaviy vositachilik, moliyaviy ommaboplik, kapitalning yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromadlilik, likvidlik.

Tadqiqotda banklar ikki guruhga bo‘lingan — katta va kichik. Guruhlarning har biri uchun reyting tuzildi. Shu bilan birga, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida (yoki faqat bitta hududda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.

2022 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra respublika bank tizimining aktivlari jami 555,3 trln. so‘m (2021 yil 1 dekabr holatiga nisbatan o‘sish - 29,9%), majburiyatlari – 476,9 trln. so‘m (+32,4%), kreditlar qoldig‘i – 382,1 trln. so‘m (+19,1%) hamda depozitlar qoldig‘i – 216,5 trln. so‘m (+50,9%)ni tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 57,8 ming kishi faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekistonda banklarning kredit portfeli qoldig‘i (banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha qarz qoldig‘i) 1 dekabr holatiga ko‘ra 382,1 trln so‘mni tashkil etdi. Depozitlarning umumiy hajmi 216,5 trln.so‘m, depozitlarning kreditlarga nisbati o‘tgan davrga (44,7%) nisbatan ijobiy (56,7%) o‘zgardi. Tarkibi bo‘yicha kredit qoldiqlarining asosiy qismi 74,4% – yuridik shaxslar, 25,6% – jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keldi, depozitlarning taqsimlanishi mos ravishda 73,3% va 26,7%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning faolligi o‘tgan yilga nisbatan 3-4 foizga oshdi.

Banklar faoliyatiga oid murojaatlar tahlili

2022 yilgi tadqiqot davomida Xalq qabulxonalariga kelib tushgan fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi. Xususan, bank sektori faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha 48 mingta (kuniga o‘rtacha 131 ta) murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning eng katta qismi, qariyb 25%i «Xalq bank» faoliyatiga tegishli bo‘lsa, undan keyin «Agrobank», «Mikrokreditbank» faoliyati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, takroriy 6 ming murojaatni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p ko‘rsatkich ham yuqorida ko‘rsatilgan banklarga to‘g‘ri kelgan.

Murojaatlarning 31,6%i ijobiy hal qilingan. Rad etilgan murojaatlarning aksariyati «Mikrokreditbank», «Agrobank» va «Xalq bankiga»ga tegishli.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, fuqarolardan banklar faoliyatidan norozilik mazmunidagi 9 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.

2022 yilning I V choragi uchun yirik banklar faoliyati reytingi

To‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha «Kapitalbank» O‘zbekistonning eng faol yirik banklari reytingida yana birinchi o‘rinni egalladi. «Hamkorbank» o‘z mavqeini saqlagan holda reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, «Azia Alyans bank» 1 pog‘onaga ko‘tarilib, «Trastbank» bilan o‘zaro o‘rin almashishdi va kuchli uchlikni yakunladi.

«Azia Alyans bank» likvidlik (1-o‘rin) va moliyaviy vositachilik (1-o‘rin) ko‘rsatkichlarini saqlab qoldi, aktivlar sifati ko‘rsatkichlarini ikki pog‘onaga yaxshilagan holda – 5-o‘ringa va boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlarini 3 pog‘onaga yaxshilab – 6-o‘ringa ko‘tardi. Biroq, reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, «Aziya Alyans bank» kapital yetarliligi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishi kerak, ular o‘zgarishsiz qolmoqda, chunki bank bir yil avvalgidek ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha reytingning so‘nggi qatorini (17-o‘rin) egallab turibdi. Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning IV choragida «Aziya Alyans bank» reytingdagi o‘rnini 2 pog‘onaga yaxshilagan va shu bilan birga moliyaviy vositachilik, potensial daromadlilik va likvidlik bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatib, 6-o‘rinni egallagan edi.

Transformatsiya jarayonida bo‘lgan davlat ulushi mavjud yirik banklardan «Ipoteka bank» yana reytingda o‘z o‘rnini yo‘qotdi va umumiy reytingda 9-o‘ringa tushib ketdi. Ushbu bank ketma-ket uchinchi chorakda moliyaviy vositachilikning pasayishini (15-o‘rin) ko‘rsatmoqda, bu muddatli depozitlarning kreditlarga nisbatini yanada oshirish, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini, shuningdek, Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlarini ko‘rsatdi. Bank moliyaviy likvidlik ko‘rsatkichini biroz yaxshilab, 11-o‘ringa ko‘tarilganiga qaramay, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlarga nisbati pasayishi maqsadga muvofiqdir.

4-chorakda moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichi bo‘yicha «O‘zmilliy bank» yirik banklar reytingida 17-o‘rinni saqlab qoldi, shuningdek, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha «Hamkorbank» 3 pog‘onaga, «Invest Finans bank» va «Agrobank» 2 pog‘onaga, «Xalq bank» 1 pog‘onaga pastladi.

Daromad olish salohiyati ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingda «Asaka bank» eng pastki pog‘onani saqlab qoldi, «Xalq bank» 2 pog‘onaga, «Aloqa bank» va «Agrobank» 1 pog‘onaga tushgan.

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» 4 pog‘onaga pastladi.

Aktivlar sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha «Xalq bank» oxirgi pog‘onani egalladi egalladi va eng katta pasayish 3 pog‘onaga tushgan Mikrokreditbank tomonidan ko‘rsatildi.

«Mikrokreditbank» boshqaruv samaradorligi va likvidligi jihatidan eng yomon bank bo‘lib chiqdi.

«Asaka banka»ning moliyaviy imkoniyatlari va likvidlik ko‘rsatkichlari biroz yaxshilanganiga qaramay, ushbu bank umumiy reytingda oxirgi o‘rinni egallab turibdi.

2022 yil IV choragi uchun kichik banklar faoliyati reytinggi

14 ta kichik banklar orasida Top-3 o‘zgarishsiz qoldi, shuning uchun joriy yilning uchinchi choragida «Davrbank», «Universal bank» va «Ziraat bank» yetakchi o‘rinlarini saqlab qolib, o‘z mavqeini yana bir bor mustahkamladi.

To‘rtinchi chorakda 14 ta kichik bank orasida «Tibisi bank» va «Garant bank» reytingda o‘z o‘rnini saqlab qola olmadi, «Tenge bank», «Anor bank» va «O‘zagroeksportbank» esa reytingda bir pog‘ona ko‘tarildi.

O‘zbekistonda bank tizimi hali ham faol rivojlanish bosqichida va davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bank sektoridagi davlat ulushini 2025 yilda joriy 82%dan 40%gacha kamaytirish rejalashtirilgan.

Bank tizimida davom etayotgan o‘zgarishlar va raqobat muhitining o‘sishi xususiy banklarni, xususan, innovatsion moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni izlash orqali yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

To‘liq hisobot, metodologiya va tadqiqot haqidagi batafsil ma’lumotni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga murojaat qilish orqali olishingiz mumkin.

Bank-moliya sohasi va kapital bozori faoliyatini o‘rganish sektori | tel: (78) 150 02 02 (410)

OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi |tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar