2023 yilning 3-choragida viloyatdagi yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi 41,6 trln so‘mni, o‘sish ko‘rsatkichi 2022 yilning mos davriga nisbatan 104,5%ni (o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha Respublika hududlari orasida 9-o‘rin) tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM xajmi 11,9 mln so‘mni tashkil qilgan.
YaHMning tarmoqlar bo‘yicha tarkibida sanoatning ulushi – 16,9%, qishloq, o‘rmon va baliqchilik – 41%, qurilish – 6,8% va xizmat ko‘rsatish sohasi 35,3%ni tashkil qilgan.
Viloyatda yaratilgan YaHMning Respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 5,5% bo‘lgan holda Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan keyingi 7-o‘rinni egallagan. YaHMda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 68,5%ni tashkil qilgan.
YaHMning o‘sishi hudud iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘sish sur’atlari bilan bog‘liqdir. O‘sish sur’atlari sanoatda – 107%, qurilishda – 109%, xizmatlar sohasida – 109,4%ni tashkil etdi.
Sanoat. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida sanoat ishlab chiqarish hajmi 20,4 trln so‘mni tashkil qilib, respublikadagi ulushi 4,4%ni, hududlar ichida 8-o‘rinni egallagan.
Shu bilan birga, viloyatda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari hajmi 3,4 trln so‘mni, respublikadagi ulushi 2,6%ni tashkil qilgan.
Qashqadaryo viloyati qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi (28,1 trln so‘m) bo‘yicha respublikadagi ulushi 9,6%ni tashkil qilgan holda hududlar orasida 4-o‘rinni egallagan.
Aholiga ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmining yildan-yilga oshib borishi natijasida 2023 yilning 3-choragida xizmatlar hajmi 13,9 trln so‘mni tashkil qildi.
2023 yilning yanvar-iyun oylarida viloyatda jami 4,9 mingta kichik biznes sub’yektlari yangidan tashkil qilinib, o‘tgan yilga nisbatan 26,2%ga kamayishi kuzatildi.
Izoh qoldirish