Markaziy bankning 2022 yilning yanvar oyi uchun taqdim qilgan hisobotiga ko‘ra, so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi o‘tgan yil dekabr oyiga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlangan (2021 yil mos davriga nisbatan 5,4 foizga, bazaviy oy – 2018 yilning iyuniga nisbatan 6,3 foizga mustahkamlandi).
Nominal va real effektiv almashuv kurslari indeksi dinamikasi
Yanvar oyida real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga, asosan, savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining qadrsizlanishi, shuningdek, ichki inflyasiya darajasining savdo-hamkorlarga nisbatan yuqoriligi hissa qo‘shdi.
Joriy yilning yanvar oyidagi real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasida:
oshiruvchi omillar: savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslari o‘zgarishi – 3,1 foiz band, ichki inflyasiya – 0,9 foiz band, so‘m almashuv kursi – 0,3 foiz band;
pasaytiruvchi omil: savdo-hamkor davlatlar inflyasiyasi – 3,5 foiz bandni tashkil etdi.
Real samarali almashuv kursi (REER) indeksining o‘zgarish dekompozitsiyasi
Savdo-hamkor davlatlar valyutalari kursi yanvar oyi davomida AQSh dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi:
- Rossiya rubli 3,4 foizga (74,8 dan 77,3 ga) qadrsizlandi. Bu Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida geosiyosiy masalalarda konsensusga erishilmayotgani va yuqori noaniqliklar bilan izohlanadi.
- Qozog‘iston tengesi neft narxining o‘sishi fonida biroz (0,07 foizga) mustahkamlandi.
- Turk lirasi 2022 yil yanvar oyi davomida tebranish bilan shakllanib, biroz mustahkamlandi. Bunga o‘tgan yil dekabr oyida amalga oshirilgan katta hajmdagi intervensiyalar va Turkiya hukumati tomonidan milliy valyutani qo‘llab-quvvatlovchi chora tadbirlar asosiy hissa qo‘shdi.
- Xitoy yuani yanvar oyi davomida kichik tebranishlar bilan shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmadi.
2022 yil yanvar oyida ham asosiy savdo-hamkor davlatlarning deyarli barchasida inflyasiya ko‘rsatkichi o‘sishda davom etdi:
- Rossiyada oylik inflyasiya 1,07 foizni tashkil etib, yillik hisobda 8,8 foizdan oshdi (28 yanvar holatiga ko‘ra). Aholining inflyasion kutilmalari esa joriy yil yanvar oyida 13,7 foizga 3 tushdi (2021 yil dekabr oyida 14,8 foizni tashkil etgan). Sezilgan inflyasiya darajasi ham 17,7 foizdan 16,7 foizga pasaydi. Rossiya Markaziy banki ta’kidlashicha, yanvar oyida asosiy oziq-ovqat tovarlarning narxlari o‘sishining sekinlashishi inflyasion kutilmalar va sezilgan inflyasiya darajasining pasayishiga olib kelgan.
- Qozog‘istonda oylik inflyasiya darajasi 0,7 foizni tashkil etib, yillik inflyasiya ko‘rsatkichi 8,5 foizga yetdi. Bunga, asosan, xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi hissa qo‘shgan. Xizmatlar yanvar oyida 0,6 foizga o‘sib, yillik hisobda 6,8 foizda shakllandi. Nooziq-ovqat inflyasiyasi esa oylik 0,3 foiz va yillik 8,5 foizni tashkil etdi. Bunda energiya resurslar va avtomobillar narxining oshishi inflyasiyaning tezlashishiga hissa qo‘shmoqda. Oziq-ovqat inflyasiyasi esa oylik 0,1 foizda shakllanib, nisbatan barqaror bo‘ldi.
- Turkiyada oylik inflyasiya ko‘rsatkichi 11,1 foizni tashkil etib, yillik hisobda 48,7 foizga yetdi. Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda deyarli 10,5 foizga o‘sib, yillik 93,5 foizgacha ko‘tarildi.
2022 yilning 1 yanvar sanasidan Turkiyada mamlakat bo‘ylab elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilishi, shuningdek, import narxlari hisobiga inflyasiya ko‘rsatkichi yuqori darajada shakllandi.
Izoh qoldirish