“O‘zbekgidroenergo” AJ hamda Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi rahbari Vinsant Kope ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati xabar qildi.
Uchrashuv davomida gidroenergetika sohasida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama etildi, hamkorlikda amalga oshirilayotgan Andijon viloyatida Paytoq kichik GESi, Janubiy Farg‘ona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi hamda Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish loyihalari muhokama etildi.
Jamiyat Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Fozil Maxmudov Fransiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi rahbari Vinsant Kopega sohada amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar bilan tanishtirib, so‘nggi uch yil davomida Jamiyat tomonidan 30 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar asosida ishlar olib borilayotganligini, gidroenergetika ulushini oshayotganligini ma’lum qildi.
Uchrashuvda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi hamda mazkur loyihalarni o‘z muddatida ishga tushirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekgidroenergo” AJ va Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan Andijon viloyatida Paytoq kichik GESi, Janubiy Farg‘ona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi hamda Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 20 yil muddatga 55,8 million yevro ajratish to‘g‘risida zayom kelishuvi imzolangan edi.
Izoh qoldirish