15 apreldan «Uzbekistan Airports» AJ havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun yig‘im va tariflarni pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, asosiy yig‘im va tariflar o‘rtacha 27 foizga pasaytirilib, O‘zbekiston aeroportlariga muntazam yo‘lovchi reyslarini bajaradigan xorijiy aviakompaniyalar uchun qo‘llaniladi.
Pasaytirilgan yig‘im va tariflar xalqaro aviatsiya ma’lumotnomalarida e’lon qilindi. Bu bilan IKAOga a’zo bo‘lgan 190 dan ortiq mamlakat va AIPdan foydalanuvchi barcha aviakompaniyalar O‘zbekiston aeroportlarida qo‘llaniladigan tariflar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratildi, deyiladi xabarda.
«Qabul qilingan qaror O‘zbekiston aeroportlarining raqobatbardoshligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish va ishlar samaradorligini rag‘batlantirish, aholi uchun havo transportidagi tashishlarni yanada arzon qilish uchun zamin yaratadi», — deydi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Izoh qoldirish