Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 noyabrdagi farmoniga muvofiq, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi negizida ikkita – “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlari tuzilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar qatorida mazkur kompaniyalar ham transformatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy qiyin vaziyat aviatsiya tarmog‘ini takomillashtirishni talab etmoqda.
Yurtimiz aviakompaniyalarini transformatsiya qilishda asosiy e’tibor iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Masalan, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati xarajatlarini 46,5 million dollarga qisqartirish hisob-kitob qilingan. Buning uchun kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlarda ish o‘rinlarini optimallashtirish, foydalanilmayotgan 12 ta samolyotni tasarrufdan chiqarish, aviachiptalarni xorijda sotish bo‘yicha agentlar komissiyasi foizini tushirish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, daromadlarni yiliga 40 million dollarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Buning uchun talab yuqori bo‘lgan shaharlarga charter parvozlarni va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kargo tashuvlarini amalga oshirish, barcha mahalliy reyslarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish va joylarni tanlash imkoniyatini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Yangi biznes strategiyasiga ko‘ra, qatnovlar gibrid usulga o‘tkazilib, to‘liq xizmatlar va byudjet xizmatlar modeli bo‘yicha amalga oshiriladi. Talab kam bo‘lgan yo‘nalishlarda biznes klass bekor qilinib, o‘rindiqlar soni ko‘paytiriladi.
Izoh qoldirish