O‘zbekiston qonunchiligida 1 maydan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 1 maydan nimalar o‘zgaradi?

1. Xalqaro imtihon tizimlarida yuqori ball to‘plagan yoshlarga xarajatlari qoplab beriladi

Hukumat qarori bilan 1 maydan boshlab 5 ta xalqaro imtihon tizimi (IELTS, TOEFL, GMAT, GRE, SAT) bo‘yicha yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Xarajatlarni qoplash uchun faqat imtihon topshirish paytida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

2. Ijarada yashaydigan talabalarga ijara to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi

1 maydan yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijarada yashaydigan davlat OTM talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Bunda:

  • ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — BHMning 1 baravari, qolgan hududlarda — BHMning 0,5 baravaridan oshmasligi lozim;
  • ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun qoplab beriladi;
  • OTM tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.

3. Dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi

1 maydan dehqon xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi. Bunda, «ustoz-shogird» tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko‘rsatiladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga urug‘liklar va ko‘chatlarni xarid qilish uchun BHMning 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.

4. Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularni doimiy ish bilan ta’minlashning yangi tartiblari joriy etiladi

2021 yil 1 maydan 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi.

5. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ATda ro‘yxatga olingan fuqarolarning kreditlari bo‘yicha kafillik beriladi

2021 yil 1 maydan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi;

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ATda ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq BHMning 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik beriladi;

tadbirkorlarga bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat’i nazar beriladi. Bunda kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd so‘mdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd so‘mdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi lozim.

Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qo‘yishda ularning boshlang‘ich narxini 50 foizgacha kamaytirish vakolati, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga boshlang‘ich narxga chegirma belgilanadigan olis va chekka hududlar chegaralarini belgilash vakolati berildi.

Shuningdek, 2021 yil 1 maydan chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar va «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirishni, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni o‘z vaqtida ta’minlamagan import qiluvchilar uchun qonunchilikda belgilangan jarima miqdorlari 2 baravarga kamaytiriladi.

6. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatiladi

2021 yil 1 maydan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilib, uning qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkaziladi.

Shunga ko‘ra, Moliya vazirligiga kapital bozorini rivojlantirish sohasida bir qator vazifalar yuklatildi, shulardan:

Vazirlik qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish, nazorat qilish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

Vazirlik markaziy apparati tuzilmasida Kapital bozorini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Departamentning o‘z faoliyatini bevosita hududlarda olib boradigan xodimlari mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Moliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

7. Byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi

2021 yil may oyidan 14 ta tuman (shahar)da byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

8. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tuzilmasi maqbullashtiriladi

2021 yil 1 maydan davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtiriladi. Jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalarida jami 5288 ta shtat qisqariladi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari ham qisqartiriladi.

9. Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etiladi

2021 yil 1 maydan:

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat bojini elektron shaklda YaIDXP orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi;

Fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining xohishiga ko‘ra ko‘rsatilgan davlat xizmatining natijasi pochta aloqasi orqali yetkaziladi (Ro‘yxat);

FHDYo organlarining belgilangan organlarga (Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Davlat xizmatlari agentligi) jismoniy shaxsning o‘limi qayd qilinganligi haqidagi ma’lumotni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.

10. Ekologik xavfli mahsulotlar majburiy sertifikatlashtiriladi

Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimidagi akkreditatsiyadan o‘tgan ekologik sertifikatlash organi tomonidan beriladigan ekologik sertifikat asosida amalga oshiriladi.

Ekologik sertifikat olish uchun ariza beruvchi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi ekologik sertifikatlash organiga ariza bilan murojaat qiladi.

Ekologik sertifikatlash organi 1 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va hujjatlar to‘liq bo‘lganda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni sertifikatlashni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ekologik sertifikat:

Olib kirilayotgan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarga (transport vositalaridan tashqari) aniq hajmi (soni) ko‘rsatilgan bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) va yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi o‘rtasida tuzilgan kelishuv (lar) nusxasiga asosan — bir kalendar yildan oshmagan muddatga;

Ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har to‘piga — bir yildan oshmagan muddatga;

Mahsulotlarni seriyalab ishlab chiqarish jarayonlariga esa — 3 yil muddatga beriladi.

11. Barcha davlat tashkilotlarida ijroni nazorat qilish faqat «Ijro.gov.uz» tizimida amalga oshiriladi

2021 yil 1 maydan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat «Ijro.gov.uz» tizimida amalga oshiriladi, bunda boshqa har qanday nazorat dasturlari, hisobotlari va bazalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.

12. Ba’zi shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi beriladi

2021 yil 1 maydan mamlakatga 2005 yil 1 yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek mamlakatda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan (chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan) shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda O‘zbekiston fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilinadi.

13. Elektron texnik pasportlar joriy etiladi

2021 yil 1 maydan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli bino va inshootlarning konstruktiv tizimi, qurilish maydonining seysmiy darajasi kabilarni nazarda tutuvchi elektron texnik pasportlar shakllantiriladi.

Shuningdek:

«Shaffof xayriya» yagona interaktiv portali ishga tushiriladi;

Ob’yektlarni qo‘riqlash tizimi «Yuqori sifat va qulay narx» tamoyili asosida bosqichma-bosqich takomillashtiriladi;

Ayrim moliyaviy ma’lumotlarni OAV va internetda e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish doirasida — davlat sherigi boquvchisini yo‘qotgan ayollar farzandlarining ota-onalar badali to‘lovlarini tegishli hududdagi 9 soatlik davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan miqdorlarda qoplab beradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar