O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida ilk bor 1 388,3 mlrd so‘mlik forvard bitimlar tuzildi

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida ilk bor 1 388,3 mlrd  so‘mlik forvard bitimlar tuzildi

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida ilk bor 1 388,3 mlrd so‘mlik 1 195 ta forvard bitimlari tuzildi. Forvard savdolarida 17 xildagi mahsulotlar, shu jumladan shakar, sement, paxta tolasi, paxta yog‘i, texnik paxta chigiti, neft va yem mahsulotlari sotildi. Forvard shartnomalari asosida o‘tkazilgan elektron savdolarda 87 ta sotuvchi va 244 ta xaridor ishtirok etgan.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida forvard savdolari joriy yilning mart oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi “Tovar-xom ashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 170-son qaroriga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Ushbu mexanizm bir tomondan, kelajakda yetkaziladigan tovar uchun narxlarni oldindan belgilab olish, ikkinchi tomondan, mahsulotlar uchun to‘lovlarni bozor qiymatida oldindan olish imkonini beradi.

Mahalliy tadbirkorlar va fermerlar forvard yordamida xarid qilinadigan tovarlar bo‘yicha narxlar o‘zgaruvchanligidan o‘zlarini himoya qilishlari (xedjerlash), tovar ishlab chiqaruvchilari esa o‘z faoliyatlarini yanada samarali rejalashtirishlari mumkin.

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida forvard savdolarini joriy qilinishi kelajakda dunyoning yetakchi birjalarida keng qo‘llaniladigan fyuchers savdo mexanizmini shakllantirish uchun muhim boshlang‘ich poydevor vazifasini bajaradi.

Forvard shartnomasi – muddatli shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra sotilayotgan tovar uchun narx shartnoma tuzilgan kunda belgilanadi, tovarni yetkazib berilishi esa belgilangan muddatda kelajakda amalga oshiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar