Nur-Culton shahrida (Qozog‘iston) O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va O‘zbekiston-Qozog‘iston ishbilarmonlar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ikki mamlakat hukumatlarining O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdoni faollashtirish borasida bevosita hamkorlik o‘rnatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligi qayd etildi.
Bu borada allaqachon ish olib borilmoqda. Jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni ta’minlash maqsadida qo‘shma ulgurji savdo markazlarini tashkil qilishni hamda boshqa tashabbuslarni o‘z ichiga olgan o‘zaro tovar aylanmasini oshirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” tasdiqlash uchun tayyorlandi.
Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat hamkorligini yo‘lga qo‘yish va shu orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiyotlarining qiyosiy ustuvorliklarini hisobga olgan holda uzluksiz qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishning keng istiqbollari qayd etildi. Bu boradagi hamkorlikka aniq misollar keltirildi.
Xususan, hozirgi kunda ikki mamlakat hududida to‘qimachilik, avtomobilsozlik, foydali qazilmalarni qazib olish, qurilish va boshqa sohalardagi qator korxonalar muvaffaqiyatli ishga tushirildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha alohida “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ham yutuqlarga erishildi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va tadbirkorlarni birgalikda biznes hamkorlikka jalb etishga o‘zaro intilish borligi bildirildi.
Shu nuqtai nazardan, yangi tashabbus – ikki mamlakatning chegara hududida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil qilinishi alohida qayd etildi. Markaz zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan jihozlanadi. Uning rezidentlari o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik tadbirkorlarini qo‘shma sanoat korxonalarini tashkil etishga jalb qiladigan bir qator imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ladi.
Forum davomida ikki mamlakatning vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, biznes vakillari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Unda hamkorlik salohiyati batafsil ochib berildi va kelgusida ishlab chiqish uchun istiqbolli loyihalar taqdim qilindi. “G2B” va “B2B” muzokaralarida hamkorlikning amaliy jihatlari hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Tadbirlar yakunida ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodliqligini bildirdilar.
Forum yakunida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarga teng bo‘lgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha savdo shartnomalari va ikki tomonlama bitimlar imzolandi.
Izoh qoldirish