O‘zbekistonda 5 yil davomida 6,8 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan

O‘zbekistonda 5 yil davomida 6,8 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan

5 oktyabr kuni AOKAda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Azizbek Bahodirov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan navbatdagi brifing 2016-2021 yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasi va 2022-2026 yillardagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlanadi.

2016-2021 yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijadorligi

Oxirgi yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotganligi natijasida, bugungi kunda ushbu tarmoq mamlakat iqtisodiyotining “drayver” sohasiga aylanmoqda.

Jumladan, tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yilda 6,8 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, islohotlar amalga oshirilishi natijasida o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 22 trln so‘mni, joriy yil yakuni bilan esa 24,2 trln so‘mni tashkil etadi (2016 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshadi).

Xususan, 2021 yil yakuni bilan:

  • Sement ishlab chiqarish – 15,4 mln tonna (2016 yilga nisbatan 1,8 baravar);
  • qurilish oynasi – 28 mln kv metr (2,2 baravar);
  • gipsokarton – 68 mln kv metr (2,3 baravar);
  • quruq aralashmalar – 800 ming tonna (4,4 baravar);
  • keramik plitka – 22 mln kv metr (2,3 baravar);
  • gulqog‘oz – 2,6 mln o‘ram (115 baravar);
  • gazobeton – 1,4 mln kub metr (2019 yilga nisbatan 4 baravar)ga yetkaziladi.

Shuningdek, 2016 yilda soha bo‘yicha 55 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yil yakunida bu ko‘rsatkich 288 mln dollarni yoki ushbu davrga nisbatan 5,2 baravarni tashkil etadi.

Shuni alohida kayd etish lozimki 2016-2021 yillarda sohaga investitsiyalar jalb qilish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2016 yilda sohaga jami 360 mln dollarlik investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan ushbu ko‘rsatkich 1 620 mln dollarni tashkil etishi va ushbu davrga nisbatan investitsiya hajmini 5,6 barabarga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Ushbu davrlarda jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning hajmi 72,5 mln dollardan 1 145 mln dollarga yetkaziladi (15,8 baravarga ko‘p).

Sohada mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali, ularning importini optimallashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yil yakuni bilan mahalliylashtirish dasturi doirasida 17 turdagi 920 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va natijada 86 mln dollarlik qurilish materiallarining importini o‘rnini bosish mo‘ljallanmoqda.

Bugungi kunda ayrim turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobidan qoplanmoqda. Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan issiqlik izolyasiya materiallariga bo‘lgan talab 83 foizga, linoleum – 81 foizga, qurilish oynasi – 70 foizga, lok-buyoq mahsulotlari – 65 foizga, gazbeton bloklari – 51 foizga, sanitar-texnik vositalari – 40 foizga, devorbop gulqog‘ozlar – 30 foizga ta’minlangan.

2022-2026 yillarda sohada amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar

Hurmatli Prezidentimizning joriy yil 9 iyun kunidagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qabul qilgan 6244-sonli Farmoniga asosan qurilish materiallari tarmog‘ini boshqarishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.

Jumladan, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil etilib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. “O‘zsanoatqurilishbank”ning joylardagi filiallarida Qurilish materiallarini rivojlantirish markazlari tashkil etilib, ular malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Mazkur qaror bilan respublikamiz hududlaridagi 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi. Ushbu tumanlarning sanoat infratuzilmasini rivojlantirishga 400 mlrd so‘m mablag‘ ajratish belgilandi.

Shuningdek, geologik-qidiruv ishlarini olib borish uchun 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Tarmoqni yanada takomillashtirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, eksport ko‘rsatkichlarini oshirish hamda yangi sanoat korxonalarini tashkil etish maqsadida 2022-2026 yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra 2026 yilga borib tarmoq bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 42,3 trln so‘mga yetkazish va bunda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning ulushini 2016 yildagi 32,3 foizdan 53 foizgacha yetkazish belgilangan.

Natijada, asosiy turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplanadi. Jumladan, gazobeton, issiqlik saqlovchi izolyasiya materiallari, qurilish oynasi, sement kabi mahsulotlar bo‘yicha ichki talab qoplanib, mahsulotlarning bir qismi xorijga eksportga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, dasturga ko‘ra 2026 yilga borib qurilish materiallarining eksporti 505 mln dollarga yoki 2021 yilga nisbatan 1,8 baravarga oshiriladi.

Tarmoqni rivojlantirishga 2,76 mlrd dollarlik invenstitsiyalar jalb qilinadi yoki joriy yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,7 baravarga oshiriladi.

Ushbu davrda mahalliylashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi joriy yildagidan 1,7 baravarga oshirilib 1,55 trln so‘mga yetkaziladi.

Bulardan tashqari, hurmatli Prezidentimizning joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdagi topshirig‘iga asosan nufuzli “BCG” xorijiy kompaniyasi tomonidan Qurilish materiallari sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.

Unda, tarmoq bo‘yicha mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, tarmoqning eksport salohiyatini yanada oshirish, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish kabi takliflar hamda strategiyani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar