Bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining markaziy ofisida “Birja savdolari hamda elektron tijoratning rivojlanish natijalari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 martdagi "Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-5031-son Qarorining ijrosini ta’minlash doirasida birjada birja savdolari va elektron tijorat sohalarida bir qator yangi loyihalar ishga tushirildi.
Mazkur Qarorga muvofiq, ochiq birja savdolari orqali sotiladigan tovarlarning ro‘yxati kengaytirildi, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, jumladan, tadbirkorlarning tovar resurslaridan foydalanish imkoniyati oshdi, sog‘lom raqobat kuchaydi va real bozor sharoitlarini hisobga olgan holda, tovarlarga narx belgilashning zamonaviy mexanizmi joriy etildi.
Xususan, birja savdolari orqali polivinilxlorid, formalin, iste’mol va texnik etil spirti, kumush, ekstraksiya paxta moyi va neft va gaz kondensati kabi yangi yuqori likvidli mahsulotlarning sotilishi yo‘lga qo‘yilib, ular bo‘yicha haqiqiy va shaffof bozor narxlari shakllandi.
Shuningdek O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi davlat xaridlari elektron tizimining operatori sifatida davlat xaridlari tizimida shaffoflikni oshirish va qo‘shimcha qulayliklarni yaratish maqsadida 2021 yilning may oyida xarid.uzex.uz yangi yagona portalini joriy etgan.
Mazkur portalda davlat xaridlarining barcha turlari birlashtirildi va mahsulotlarning barcha parametrlarini aks ettiruvchi tovarlar va xizmatlarning yagona milliy klassifikatori joriy etildi. Bu, o‘z navbatida, portalga lotlarni joylashtirishni yengillashtiradi va buyurtmachilarga sifatsiz tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga ko‘mak beradi.
Portalda, shuningdek, davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmachilar va ishtirokchilar bir marotaba onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari va birjaning hisob-kitob palatasida bitta hisobvaraqdan foydalanishlari mumkin.
2022 yilning yanvar-fevral oylarida davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2021 yilning mos davriga nisbatan 2,2 marotabaga oshib, qariyb 1,7 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 44,5% ga o‘sib, 222,4 mlrd so‘mga teng bo‘ldi.
Shuningdek, birja savdolariga yangi savdo instrumentlarini joriy qilish hamda mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlarining to‘liq raqamlashgan shaffof navbat tamoyiliga asoslangan elektron logistika savdo portalini tashkil etish maqsadida 2021 yil 27 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 777-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq o‘tgan yili birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni tashish sohasida shaffoflikni ta’minlash va sof raqobatni rivojlantirish maqsadida ishga tushirilgan e-logistika.uzex.uz elektron logistika savdo portali takomillashtirilmoqda.
Ayni paytda, mazkur portal orqali birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari narxlarni pasaytirishga qaratilgan auksion tartibida amalga oshirilmoqda. Bunda buyurtmachilar va yuk tashuvchilar elektron savdolarda qatnashish uchun elektron tizimda onlayn ro‘yxatdan o‘tib, birjaning hisob-kitob kliring palatasiga avans to‘lovlarini kiritishadi.
Buyurtmachi birja savdolari orqali xarid qilingan mahsulotni tashish xizmatidan foydalanish maqsadida mustaqil ravishda yoki dispetcher-agent orqali portalda e’lon joylashtiradi. O‘z navbatida, yuk tashuvchilar o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali portalga joylashtirilgan e’lon bo‘yicha o‘z takliflarini berishadi.
Yuk tashuvchilardan takliflarni qabul qilish muddati tugagandan keyin 24 soat davomida buyurtmachi yuk tashuvchilardan tushgan takliflarni o‘rganib chiqib, o‘zi uchun maqbulini tanlaydi. Maqbul takliflar ichidan eng arzon narx taklif etgan yuk tashuvchi elektron tizim tomonidan avtomatik tarzda g‘olib, deb belgilanadi hamda buyurtmachi va yuk tashuvchi g‘olib o‘rtasidagi shartnoma tuziladi.
Birja savdolari orqali sotilgan mahsulotlarni yuklash o‘tkazilgan to‘lovlarning ketma-ketligidan kelib chiqqan holda “shaffof navbat” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Xaridorlar yuklar harakatlanishini transport vositalariga o‘rnatilgan GPS-trekerlar yordamida real vaqt rejimida kuzatishlari mumkin.
O‘z navbatida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda portal orqali birja tovarlarini tashish xizmatlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan savdo jarayolarini kuzatish, zarur ma’lumotlar bilan almashish, noxalol yuktashuvchilarni aniqlash va ularga tegishli choralarni ko‘rishlari mumkin.
Ayni paytda mazkur portalda 799 ta yuk tashuvchilar, 2 235 ta avtotransport va 626 ta buyurtmachilar onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, hamda 1,5 mlrd so‘mlik 800 dan ziyod shartnomalar tuzilgan.
Umuman olganda, 2022 yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2021 yilning mos davriga nisbatan 44,7% ga o‘sib, 16,0 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 89% birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri keldi.
2022 yil yanvar-fevral oylarida avtoraqam.uzex.uz veb-saytida onlayn-auksionlar orqali 56,1 mlrd so‘mlik 26,3 mingdan ziyod avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 40% ga, hajmi bo‘yicha – 43% ga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi – 545,4 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 267,6 mln so‘mni tashkil qildi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 mln so‘mga teng bo‘ldi.
Izoh qoldirish