Joriy yil 4 iyulda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali ilk bor GTL dizel yoqilg‘isi sotildi, deb xabar bermoqda “O‘zRTXB” axborot xizmati.
Birja savdolarida mazkur sintetik suyuq yoqilg‘ining sotuvchisi sifatida Uzbekistan GTL zavodi ishtirok etdi. Sotuvchi korxona tomonidan ochiq birja savdolariga 660 tonna GTL dizel yoqilg‘isi qo‘yildi va undan barcha hajmi sotildi.
O‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra sintetik dizel yoqilg‘isining o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 15 324,7 ming so‘mni tashkil qildi. Birjada GTL dizel bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxi (15 050,0 ming so‘m)ga nisbatan 1,8% ga o‘sdi.
GTL dizeli yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega va tarkibida oltingugurt miqdori deyarli nolga teng bo‘lgan, atmosferaga juda kam miqdorda ifloslantiruvchi moddalarni chiqaruvchi mahsulotdir. GTL dizelini dizel dvigatellarida sof holda yoki uni aralashtirish uchun xom ashyo sifatida qo‘llash mumkin.
Izoh qoldirish