O‘zbekistonda “iste’mol savatchasi” qabul qilinmayotganining sababi aytildi (+video)

O‘zbekistonda “iste’mol savatchasi” qabul qilinmayotganining sababi aytildi (+video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov 5 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda yashash minimumi ya’ni “iste’mol savatchasi”ning eng kam miqdori e’lon qilinishiga oid BBC muxbiri Avaz Tohirov savoliga javob berdi. Xususan, jurnalist Avaz Tohirov yashash minimumi ochiqlanmasligi uning byudjet xarajatlariga qo‘shimcha yuk bo‘lishi bilan izohlanadimi, deya savol berdi.

Yashash minimumi O‘zbekistonda joriy etilmasligining sababi nimada, ya’ni byudjet ko‘tarmasligidami?

Bu masalaning bitta sababi deb bo‘lmaydi. Bu ham sabablarni ichida bo‘lishi mumkin. Bu hali bizda chuqur tadqiq qilinmagan. Hisob-kitob qilinayotganda aholini daromadlarini o‘lchash degan narsa bor. Masalan, O‘zbekistonda 13 million aholi ishlayotgan bo‘lsa, shundan 4,5 millionga yaqini soliq to‘laydi. Qolganlarning daromadi haqida rasmiy hisob yo‘q. Masalan, har bitta oila qancha daromad qilayotganini qayerdan bilamiz? Chuqur tadqiqot qilish kerak. Qancha iste’mol qilayotganini qayerdan bilamiz? Chuqur tadqiqot qilish kerak.

O‘zbekiston Respublikasining ichida ham ko‘pgina hududlarni qarasangiz bir-biridan keskin farq qiladi. Ba’zi bir hududlarni odatlari boshqa hududlarga nisbatan farq qiladi. Bu narsalar yashash minimumida aks etishi kerakmi yo‘qmi?

“Iste’mol savatchasi” – muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam to‘plami. “Iste’mol savatchasi” eng kam ish haqi va pensiyalar, bazaviy ijtimoiy to‘lovlar, ishsizlik, bolani parvarishlash, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari, stipendiyalar kabi moddiy ehtiyoj miqdorlarini belgilash uchun hisob-kitobga asos bo‘lishi kerak.

An’anaga ko‘ra, “Iste’mol savatchasi” 3 qism – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlardan iborat. Nooziq-ovqat tovarlariga kiyim-kechak, poyabzal, birinchi navbatda zarur bo‘lgan buyumlar, dori-darmonlar, madaniy-maishiy va xo‘jalik uchun mo‘ljallangan tovarlar va hokazolar kiradi. Xizmatlar ro‘yxatidan esa kommunal, transport xizmatlari, madaniy-ma’rifiy jabhalar o‘rin oladi.

Odatda “Iste’mol savatchasi” aholining 3ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi – mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqiladi. Ya’ni aholining turli qatlamlari tirikchiligi uchun zarur eng kam miqdorni belgilashda muayyan davrda iste’mol savatchasidagi barcha ne’matlarni iste’mol qilish normalarini aniqlash zarur. Masalan, oddiy fuqaro normal hayot kechirishi uchun har kuni iste’mol qilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va miqdorini hisoblash yoki barcha kommunal xarajatlarni qoplashi uchun oyiga qancha summa zarurligi aniqlanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar