O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi va uni o‘lchash borasida milliy strategiya ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi va uni o‘lchash borasida milliy strategiya ishlab chiqiladi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi asosiy muammo va to‘siqlarni aniqlash hamda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilab olish maqsadida 2021-2030 yillarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha milliy strategiya loyihasini ishlab chiqdi.

Unda mamlakatda kambag‘allik darajasi va uni o‘lchash hamda bu boradagi muammo va to‘siqlar haqida gap boradi. Jumladan, ayni paytda mamlakatda amalda bo‘lgan kambag‘allikni jon boshiga kunlik iste’mol qilinishi lozim bo‘lgan kaloriyalar qiymatiga asoslangan holda o‘lchash uslubi – oziq-ovqat kambag‘alligi darajasining o‘lchovi bo‘lib, bu uslub odatda daromad darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichning quyi qismida bo‘lgan mamlakatlar uchun qo‘llanilmasligi ta’kidlanadi.

Shu sababli endilikda undan siyosatni shakllantirish jarayonidagi vosita sifatida foydalanish mumkin emasligi, bundan tashqari, ma’lumotlar to‘plash va kambag‘allik darajasini o‘lchashning amaldagi metodologiyasi xalqaro darajada taqqoslash o‘tkazish imkonini bermayotganligi aytiladi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatga quyidagi imkoniyatlarni yaratadigan yangi yondashuvlar sinovdan o‘tkazilmoqda:

– o‘ta kambag‘allik darajasini xalqaro darajada qabul qilingan kambag‘allik chegarasi (kuniga 1,90 AQSh dollaridan kamroq mablag‘ hisobiga kun kechiradigan aholi ulushi) asosida hisoblash hamda kambag‘allik darajasini daromad darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichning quyi qismida bo‘lgan mamlakatlar uchun belgilangan 3,20 AQSh dollariga teng bo‘lgan xalqaro kambag‘allik chegarasi darajasi asosida hisoblash;
– kambag‘allikning turli jihatlarini aks ettirish maqsadida, sog‘liqni saqlash, ta’lim va uy xo‘jaliklarining daromad yoki xarajatlari kesimidagi ko‘rsatkichlarni birlashtirgan ko‘p o‘lchamli kambag‘allik indeksini ishlab chiqish;
– milliy kambag‘allik darajasini mamlakat uchun minimal turmush darajasining yangi qabul qilingan o‘lchovidan foydalangan holda hisoblash.

Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan kambag‘allik darajasi 2000 yildan beri ikki barobarga kamayib, 2000 yildagi 28% dan 2019 yilda 11% ga tushdi. Shu bilan birga, hududiy tengsizlik saqlanib qolmoqda va hatto yildan-yilga oshib bormoqda.

Loyiha muhokamasi 18 martga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi. Kambag‘allikni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirdi. Yangi mexanizm Toshkent viloyatida sinovdan o‘tkazilmoqda

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar