O‘zbekistonda meva-sabzavotlikni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari

O‘zbekistonda meva-sabzavotlikni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari

Ma’lumki, mamlakatimizdagi mavjud tabiy-iqlim sharoiti qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan, meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirish imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan sohani bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga ustuvor yo‘nalishlar sifatida katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda sotish hisobiga mamlakat valyuta tushumining sezilarli qismi shakllanayotganligi ham sohani tubdan isloh qilish va jadal rivojlantirishning ustuvorligidan dalolat beradi.

Xususan, so‘nggi yillarda bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Bularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5388 va 2019 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5853 sonli farmonlari hamda 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3978, 2019 yil 14 martdagi “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4239 qarorlarini keltirish mumkin.

O‘zbekiston iqtisodiyotida myeva-sabzavotchilik tarmog‘ining o‘rni

Umuman olganda, tarmoqda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar quyidagi iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qilish imkonini yaratmoqda:

iqtisodiy masalada – meva-sabzavotchilik jami ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 32,2 foizini (mamlakat yalpi ichki mahsulotining 8,7 foizi) tashkil etgani holda qishloq joylarida aholining asosiy daromadlaridan biri hisoblanadi. Sanoatning qator tarmoqlarini rivojlanishiga o‘zining bevosita ta’sirini ko‘rsatadi. Shuningdek, ushbu tarmoq mamlakat qishloq xo‘jaligi eksportida asosiy o‘rinlarni egallaydi;

ijtimoiy masalada – meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirish samaradorligi, nafaqat qishloq aholisining turmush darajasiga, balki mamlakat barcha aholisining ijtimoiy farovonligini ham oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Yakuniy natijada ushbu islohotlardan pirovard maqsad mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanib, yangi O‘zbekiston rivojlanishining barcha jarayonlarida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ijobiy natijalarida yaqqol namoyon bo‘ladi hamda aholi turmush darajasining oshib borishini o‘zida aks ettiradi.

Shu bilan bir qatorda “... sohada ayniqsa, meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirishda samarali bozor mexanizmlari tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi, ilmiy yondashuvning yetarli emasligi tarmoqning mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmasligiga olib kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish imkoniyati mavjud” (1).

Shuningdek, ushbu mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash hamda eksport qilishda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanib, 8 foizi eksport qilinmoqda, xolos. Ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkichlar hamon pastligicha qolmoqda. Joriy yilda 860 ming tonna yoki 620 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingani bizning imkoniyat va salohiyatimizga mosmi? Yo‘q, albatta! Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bog‘lar va tokzorlarga ishlov beradigan, sabzavot va kartoshka urug‘larini ekadigan va yig‘ishtirib oladigan texnikalar mavjud emas. Fermer, dehqon xo‘jaliklariga yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, urug‘lik yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari talab darajasida tashkil etilmagan” (2).

Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida ma’lumot

Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash

Meva-sabzavotchilik mahsulotlarini nobud qilmay qayta ishlash, mavsumiyligini uzaytirish ham foydalanilmagan imkoniyatlardan biridir. Yangiligicha saqlangan ho‘l mevalar assortimenti mo‘lligi bozorlarda shu turdagi mahsulotlarni tannarxining har yili qishki-bahorgi mavsumda sun’iy ravishda ko‘tarilib ketishini oldini oladi hamda aholi ijtimoiy himoyasiga ijobiy ta’sir etib, turdosh mahsulotlar qishki mavsumdagi importiga hojat qolmaydi.

Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish va uning assortiment tuzilmasini takomillashtirishning eng yuqori omillaridan biri ozuqaviy qo‘shimchalarni mintaqamizda mavjud tabiiy xom ashyo zaxiralarini qayta ishlash asosida keng assortimentini tayyorlashni amalga oshirishdir. Misol uchun, shirin yaxna ichimliklar ozuqaviy qo‘shimchalarning asosiy qismi chetdan valyuta hisobiga keltirilayotgan sun’iy xom ashyolar (nastoyka, ekstratlar) yordamida tayyorlanmoqda. Vaholanki, respublikamizda mavjud xom ashyo potensialini, ho‘l mevalarni qayta ishlash asosida olinishi mumkin bo‘lgan raqobatbardosh, tabiiy sof ozuqaviy qo‘shimchalar xom ashyo bazasi yaxna ichimliklar assortiment turkumining o‘nlab yangi qirralarini ochib berishi mumkin. Shu bilan birga, viloyatlarda import xom ashyoga valyuta mablag‘i bo‘lmagan yuzlab turli quvvatdagi yaxna ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari ish faoliyatini tiklash imkoniyati yaratilishi mumkin.

Tahlillar natijasining ko‘rsatkichiga ko‘ra, meva-sabzavotchilik mahsulotlari hajmlarining yildan-yilga oshib borishi saqlash va qayta ishlash tarmog‘idagi bir qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, sohani isloh qilishda zamonaviy innovatsion, resurs tejaydigan raqamli texnologiyalardan keng foydalangan holda tub burilishni amalga oshirishni talab etmoqda. Xususan:

- respublikada umumiy ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan mevaning 18,9 foizi, sabzavot va poliz mahsulotlarining 5,6 foizi, uzumning 9,5 foizi sanoat korxonalarida qayta ishlanmoqda;

- yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini hududlarda saqlash uchun sovutgichlar bilan ta’minlanganlik darajasi 3,7 foizni (sovutish omborxonalari yil davomida bor-yo‘g‘i 20-22% ga mahsulot bilan ta’minlangan) tashkil etmoqda;

- mavjud sovutgichlarning aksariyati ma’nan eskirgan, texnologik jihatdan yangilanmagan, zamonaviy texnologiya va raqamli innovatsion ishlanmalar lozim darajada tatbiq etilmagan;

- soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga innovatsion yondashuvni taqozo etmoqda. Ilg‘or tajribali zamonaviy uskunalar bilan ishlash qobiliyatiga ega, qayta ishlash, saqlash yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga yetarlicha e’tibor berilmayapti;

- saqlash va qayta ishlash korxonalarining zamonaviy-texnologik talablari va hajmlaridagi mahsulotlar bilan yetarli darajada ta’minlash masalalariga tizimli yondoshilmayapti;

- transport va logistika sohasi zamon talabidan ortda qolmoqda;

- so‘nggi yillarda meva-sabzavotchilikni yuritish intensiv texnologiya asosida olib borilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan resurslar, jumladan, YoMM, kimyoviy vositalar (meva-sabzavot yetishtirish uchun 255 ming tonna fosforli, 290 ming tonna azotli o‘g‘it yetishmaydi) va urug‘lik narxlarining ortib ketishi, qishloq aholisi daromadlarining pastligi, shuningdek, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy vositalarning qo‘llanilishi, og‘ir texnikadan foydalanish, yer resurslari sifatining yomonlashuvi, ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda.

Shu bois, tahlillar va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkilotining (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yig‘ishtirish, tashish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 22-45 foizgacha, isrofgarchiliklar esa 12-18 foizni tashkil etmoqda.

Yana bir muhim masala hududlarda yetishtirilayotgan mahsulotlar haqida xaridorlarga zarur bo‘lgan ma’lumotlarni beruvchi axborot-maslahat markazlari va raqamli texnologiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmaganligidadir. Bundan tashqari respublikada transport-logistika borasidagi mavjud muammolarni hozirgacha hal etilmaganligi mahsulotlarni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va xaridorlarga yuborish muammoligicha qolmoqda.

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti

Eksport qilingan ayrim turdagi mahsulotlar to‘g‘risida Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumoti:

Mahsulot nomi

mln. AQSh dollari

2018 yilga nisbatan, %

meva va rezavorlar

658,1

116,1

sabzavotlar

542,4

170,1

qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari

47,9

156,0

Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Turkiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil yakunida respublika bo‘yicha ishlab chiqarilgan 19,2 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlarining 132 turi sof yoki qayta ishlangan holda 69 ta chet mamlakatlariga (1,4 mln. tonnadan ziyod 1,2 mlrd. dollar qiymatiga yaqin) eksport qilinishini hisobga olinsa, masalaning naqadar muhimligi namoyon bo‘ladi. Meva-sabzavotchilik mahsulotlari eksport hajmining oshishiga barra va qayta ishlangan sabzavotlarning 2018 yilga nisbatan mos ravishda 1,8 va 1,6 barobarga oshgani hamda jami meva-sabzavot tarkibida 46,5 % ni tashkil etishi bilan sezilarli ta’sir o‘tkazgan. Mamlakatimizda aprel-may oylarida ko‘kat, pomidor, bodring, gilos va o‘rik mahsulotlari eksportining 60 foizidan ortig‘i ushbu mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlash joizki, 2019 yil umumiy eksportdagi meva va sabzavotlarning ulushi 6,7% ni tashkil etdi. Meva-sabzavot eksporti qiymatda eng ko‘p Qirg‘iziston Respublikasi hissasiga (jami meva-sabzavot eksportidan 26,7%), natura ko‘rinishida esa Qozog‘istonga eksport hajmi 556,5 ming tonnani tashkil etib Qirg‘iziston Respublikasiga nisbatan 4,4 barobar ko‘pni tashkil etdi (3).

Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport geografiyasi

Davlatlar

2018 yil

2019 yil

ming tonna

mln. AQSh dollari

ulushi* %

ming tonna

mln. AQSh dollari

ulushi* %

1.

Qirg‘iziston

89,9

80,3

9,1

127,0

320,0

26,7

2.

Qozog‘iston

598,1

392,3

44,3

556,5

283,0

23,6

3.

Rossiya Federatsiyasi

238,9

166,3

18,8

245,1

160,6

13,4

4.

Turkiya

23,5

25,1

2,8

65,1

99,3

8,3

5.

Pokiston

29,8

22,2

2,5

76,2

78,8

6,6

6.

Afg‘oniston

73,4

53,2

6,0

45,5

57,5

4,8

7.

Xitoy Xalq Respublikasi

66,9

46,2

5,2

55,3

48,5

4,0

8.

Ukraina

15,1

9,0

1,0

55,2

32,4

2,7

9.

Tojikiston

5,8

3,6

0,4

21,0

13,5

1,1

10.

Eron

13,0

10,0

1,1

16,2

12,4

1,0

11.

Iroq

6,1

6,2

0,7

20,5

12,3

1,0

12.

Belarus

8,5

7,7

0,9

14,3

10,6

0,9

13.

BAA

11,6

5,7

0,6

27,5

9,7

0,8

14.

Turkmaniston

9,5

7,5

0,8

8,5

9,5

0,8

15.

Ozarbayjon

4,3

4,9

0,6

6,5

7,3

0,6

16.

Germaniya

2,7

5,6

0,6

2,9

6,6

0,6

17.

Boshqa mamlakatlar

51,8

40,0

4,5

64,1

38,3

3,2

*qiymat ifodasidan. Davlat statistika qo‘mitasi manbasi

Ma’lumot tariqasida:

Dunyoda organik mahsulotlarga talab o‘sib bormoqda. Yevropa va Osiyo mamlakatlarida xaridor tayyor sertifikatlangan organik mahsulotlar uchun ko‘proq pul to‘laydi. Bizning meva-sabzavot mahsulotlari tabiiy ravishda organik hisoblanadi, biroq aksariyati tegishli sertifikatlash tashkiloti tomonidan sertifikatlanmagan. Shuni hisobiga O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchinchi davlatlar orqali belgilangan xalqaro talablar asosida tayyor yoki qayta ishlangan holda reeksport qilinmoqda.

Xalqaro tajriba

Rivojlangan mamlakatlarda mehnat resurslarining 2-5 foizi, kam taraqqiy etgan aksariyat mamlakatlarda esa 90 foizgacha qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida mehnat qiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi rivojlangan mamlakatlardagiga nisbatan ancha katta rol o‘ynaydi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo‘jaligining salmog‘i rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘rtacha 22 foizni, rivojlangan mamlakatlarda 4 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda rivojlangan mamlakatlarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yarmidan ko‘prog‘i yetishtirilmoqda. BMT ekspertlari fikrlaricha, har yili oziq-ovqat muammosini yechish uchun uning hajmi 6 foiz oshirib borilishi talab etiladi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkilotining (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, Yevropada quritilgan yong‘oq va mevalar savdosi 11 milliard yevroni, quritilgan sabzavotlar esa 8 milliard yevrodan ziyodni tashkil etdi. Vetnam kabi yangi ishtirokchilarning tajribasi shuni ko‘rsatdiki, to‘g‘ri strategiya asosida ish yuritilsa, yiliga 1 milliard yevrodan oshiq hajmdagi mahsulotni eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tahlillarga qaraganda, yurtimizda bog‘ va tokzorlarda hosildorlik juda past. Masalan, qishloq xo‘jaligi rivojlangan AQSh, Xitoy, Italiya, Fransiya kabi davlatlarda bir gektar intensiv bog‘dan 80-120 tonna, ayrim mevalardan 140 tonnagacha hosil olinsa, yurtimizda bir gektardan 10-30 tonna, an’anaviy bog‘-tokzorlardan esa 4-5 tonna mahsulot olinadi. Bu albatta iqtisodiy jihatdan samarasiz qishloq xo‘jaligidir.

Meva-sabzavotchilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirish uchun tavsiya etilayotgan chora-tadbirlar

birinchidan, meva-sabzavotchilik sohasini modernizatsiya qilish, yangilash, sohani barqaror rivojlanishida kuchli turtki beradigan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;

ikkinchidan, dunyo mamlakatlari iste’mol bozorini importga bog‘liqligining kuchayganligi natijasida oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash, agrar sektorni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va boshqarish mexanizmini takomillashtirish;

uchinchidan, yildan yilga suv resurslarining tanqisligi yuzaga kelayotganligi tufayli, sug‘oriladigan yerlardan unumli foydalanish imkoniyatining cheklanganligi sug‘orishning innovatsion texnologiyalarga asoslangan ilg‘or usullaridan foydalanish, xususan, tomchilatib sug‘orishni keng joriy etish masalasiga alohida ahamiyat qaratish;

to‘rtinchidan, meva-sabzavotchilikning barqaror rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillar ichida fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining iqtisodiy, texnologik, huquqiy va boshqa sohalardagi imkoniyatlari va erishgan natijalarini chuqur tahlil qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish orqali mavjud ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni ishga solish;

beshinchidan, aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida mamlakatga import qilinayotgan meva-sabzavotchilik mahsulotlari o‘rnini ichki imkoniyatlarimizdan to‘la va samarali foydalanish hisobiga to‘ldirishni nazarda tutuvchi dasturlarni qabul qilish va boshqalar.

Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribalarining tahlillari ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning kooperatsiyasi va klasterlarini rivojlantirish zarurati borligini ko‘rsatmoqda.

Meva-sabzavotchilik sohasini iqtisodiy tomondan o‘sishi mavjud ichki resurslardan foydalanishni yanada kengaytirish hisobiga bo‘lishi kerak emas, balki mahsulotlarni sifat jihatidan zamon talablariga javob beradigan raqobatbardosh ishlab chiqarish kooperatsiyasi va klasterlar tizimini joriy etish hisobiga erishish mumkin.

O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar

Yuqoridagi tahlildan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston sharoitida sohani barqaror rivojlantirishda quyidagilarga ahamiyat berish maqsadga muvofiq sanaladi:

- qishloq joylarida faoliyat ko‘rsatib, bevosita qishloq xo‘jalik mahsulotlarini innovatsion resurs tejaydigan usulda saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan namunaviy korxonalar faoliyatini moliyaviy rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish, ularga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni joriy etish;

- respublikaning har bir qishloq hududida sanoat korxonalarining ixcham va kichik shoxobchalarini rivojlantirish asosida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik xom ashyo mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va qayta ishlashni ko‘paytirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorga xaridorgir, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan tadbirlarni iqtisodiy rag‘batlantirish (valyuta ajratish, imtiyozli soliq belgilash, kreditlar ajratish va boshqalar) maqsadga muvofiq;

- tadbirkorga eksport jarayonidan oldin kredit ajratish, sug‘urtalash, tashqi bozorlarda o‘rin egallash, “geografik, iqtisodiy, moliyaviy va sifat xavflari”, transport-logistika, tegishli sertifikatlar olish, oziq-ovqat xavfsizligi (XASSP) va standart masalalarida har tomonlama amaliy yordam berish, xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirokini ta’minlashga ko‘mak berish maqsadida eksport-kredit tashkilotlarini tashkil etish yoki ushbu masalalarni hal etishni mas’ul vazirlik va idoraga yuklash;

- raqamli innovatsion texnologiyalarga asoslangan “Agropark” va “Agrosanoat” ko‘p tarmoqli agrologistika majmualarini har tomonlama qulay joylarda tashkil etish. Ushbu majmuada barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ya’ni mahsulot sotish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, biolaboratoriya xizmati, standartlashtirish va eksportgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimini yaratish;

- “Meva-sabzavotchilik klinikasi” xizmatini joriy etish;

- meva-sabzavot va qayta ishlangan mahsulotlarning sifati va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni tartibga soluvchi huquqiy me’yoriy-texnik hujjatlarni ishlab chiqish.

Xulosa

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning hozirgi bosqichida ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish, meva-sabzavotchilikni uzoq muddat barqaror rivojlanishini ta’minlab, tarmoq samaradorligini oshirish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish, uning xavfsizligini ta’minlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda xalqimizning turmush sharoitini oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi mustaqil izlanuvchi

Sobir Xasanov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar