Barcha davlat organlari va tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari joriy etilmoqda va 2021 yilning 1 oktyabridan barcha davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etila boshlandi, deb xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.
Islohotlarning ijobiy natijasini bugun ushbu yo‘nalishda qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishi, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchining ortishi misolida ko‘rish mumkin.
Jumladan, pora olish jinoyati (O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi) korrupsiyaviy jinoyatlar orasidagi eng og‘ir va ijtimoiy xavfliligi yuqori bo‘lgan jinoyatlardan biri hisoblanib, so‘ngi yillarda ushbu jinoyat, ya’ni pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar sonining kamayishiga erishilmoqda.
Misol uchun, 2019 yilda 177 ta, 2020 yilda 161 ta, 2021 yilda 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, pora olish jinoyati so‘nggi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygan. Yoki bo‘lmasa, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 17 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan 2021 yilning 5 oyiga nisbatan (2021 yilning 5 oyida 57 taga pora olish jinoyati sodir etilgan) 40 taga kam hisoblanadi.
Misol uchun, 2020 yilda 118 ta og‘ir (JKning 210-moddasi 2-qismi), 13 ta o‘ta og‘ir (JKning 210-moddasi 3-qismi) darajadagi pora olish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lsa, 2021 yilda 62 ta og‘ir, 6 ta o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari sodir etilgan.
Ko‘rish mumkinki, 2021 yilda og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 56 taga, o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 7 taga kamayishiga erishilgan.
2021 yilda sodir etilgan pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan 2021 yilda Respublika bo‘yicha 91 ta pora olish jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, 91 nafar shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda:
- Toshkent shahrida – 18 ta;
- Toshkent viloyatida – 13 ta;
- Jizzax viloyatida – 9 ta;
- Andijon viloyatida – 8 ta;
- Qashqadaryo viloyatida – 8 ta;
- Surxondaryo viloyatida – 7 ta;
- Samarqand viloyatida – 5 ta;
- Buxoro viloyatida – 4 ta;
- Namangan viloyatida – 4 ta;
- Farg‘ona viloyatida – 4 ta;
- Xorazm viloyatida – 4 ta;
- Sirdaryo viloyatida – 3 ta;
- Navoiy viloyatida – 2 ta;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 2 ta sodir etilgan.
Pora olish jinoyatlarining 10 tasi viloyat, 81 tasi tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, tuman-shahar miqyosidagi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan pora olish jinoyatlari umumiy pora olish jinoyatlarining 89 foizni tashkil qilgan.
Lavozimlar doirasida tahlil qilinganida, 91 ta pora olish jinoyatidan 49 tasi birinchi darajali rahbarlar, 8 tasi rahbar o‘rinbosari, 34 tasi ijrochi va texnik xodimlar tomonidan sodir etilgani, mansabdor shaxslardan 77 nafari erkak, 14 nafari ayol ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Sohalar kesimida tahlil qilinganda, 91 ta pora olish jinoyatidan 20 tasi ichki ishlar (8 tasi yo‘l harakati xavfsizligi), 12 tasi maktabgacha ta’lim, 10 tasi hokimlik, 6 tasi harbiy, 6 tasi qishloq xo‘jaligi, 4 tasi xalq ta’limi, 4 tasi qurilish, 3 tasi kommunal xizmat (elektr, gaz, suv) va 26 tasi boshqa sohalar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, 91 ta pora olish jinoyatidan 26 tasi yoki 28,5 foizi bevosita sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, umumiy pora olish jinoyatining deyarli uchdan bir qismiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, 91 ta pora olish jinoyatidan 65 tasi ijro tizimiga kiruvchi davlat boshqaruv organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning 18 tasi (19,7 foizi), deyarli beshdan bir qismi ta’lim tizimi xodimlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Lavozimlar doirasida tahlil qilinganida, 91 ta pora olish jinoyatidan 49 tasi birinchi darajali rahbarlar, 8 tasi rahbar o‘rinbosari, 34 tasi ijrochi va texnik xodimlar tomonidan sodir etilgani, mansabdor shaxslardan 77 nafari erkak, 14 nafari ayol ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Eng ko‘p pora miqdori 2 mln. AQSh dollarini (67 mln. so‘m), eng kam pora miqdori 50 AQSh dollari (150 ming so‘m) tashkil etgan bo‘lsa, o‘rtacha pora miqdori 37 819 AQSh dollarini yoki 3,92 mln. so‘mni tashkil etgan.
Codir etilgan 91 ta pora olish jinoyatlarining 75 tasi tezkor tadbir 16 tasi tergovga qadar tekshirish davomida fosh etilgan bo‘lib, pora predmeti bo‘lgan pullar 5 ta holatda vositachilar va 86 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri mansabdor shaxslar tomonidan olingan.
Ushbu 91 ta jinoyatdan 20 tasi ishga qabul qilish, 8 tasi ma’muriy chora ko‘rmaslik, 6 tasi yer ajratish, 4 tasi qurilishga ruxsat berish, 3 tasi yerdan ijara asosida foydalanishga ruxsat berish, 3 tasi avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish, 2 tasi postdan ruxsatnomasiz o‘tkazishga ruxsat berish, 2 tasi pensiya tayinlash, 2 tasi davlat xaridlari bo‘yicha shartnoma imzolash uchun ulush talab qilish, 2 tasi chegaradan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, qolgan 39 ta holatda jinoyatlar boshqa vakolatlardan foydalanish asosida sodir etilgan.
Ko‘rish mumkinki, 22 foiz pora olish jinoyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgan bo‘lib, ularning 15 tasi texnik va ijrochi xodimlarni ta’lim (11 tasi Maktabgacha ta’lim, 4 tasi Xalq ta’limi) muassasalariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq.
Porxo‘rlik jinoyatlari bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash va unga qarshi kurashish yuzasidan Agentlik tomonidan bir qator takliflar ishlab chiqildi. Xususan,
- Pora olish jinoyati bo‘yicha tergov va sud amaliyotini umumlashtirish orqali mavjud muammolarni aniqlash hamda normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish;
Jumladan, aksariyat pora olish jinoyatlari tezkor tadbirlar natijasida fosh etilayotganligini inobatga olgan holda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlaridan takliflar olish va ushbu takliflar asosida O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 25 dekabrdagi “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasini ko‘rib chiqish;
- Korrupsiyaviy jinoyatlarni fosh etishda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi samarali natija berayotganligini inobatga olgan holda pora olish jinoyatlarini fosh etishda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning ichki idoraviy tizimini yaratish lozim bo‘lib, bu jarayonda shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish;
- Korrupsiyaviy jinoyatlar, xususan, pora olish jinoyati haqida xabar berishning tezkor va xavfsiz tizimini yaratish, ushbu tizimdan barcha fuqarolarning foydalanish imkoniyatini yaratish;
- Pora olish jinoyatlarining aksariyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgani va ularning ko‘pchiligi ta’lim tizimiga to‘g‘ri kelgani sababli maktabgacha ta’lim muassasasi va umumiy o‘rta ta’lim maktablariga ijrochi xodimlarni ishga olish jarayoni ustidan nazoratni to‘liq Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligiga o‘tkazish, ish o‘rinlari bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazilishini ta’minlash.
Izoh qoldirish