O‘zbekistonda tekstil sanoatida loyihalarni amalga oshirish uchun Bangladesh hukumati kredit mablag‘lari ajratadi

O‘zbekistonda tekstil sanoatida loyihalarni amalga oshirish uchun Bangladesh hukumati kredit mablag‘lari ajratadi

23 fevral kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov va Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jahongir Alam (Zahangir Alam) bilan uchrashuv chog‘ida Bangladesh hukumati to‘qimachilik sanoatida loyihalarni moliyalashtirishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lum qilindi.

Uchrashuvdan ko‘zda tutilgan maqsad ehtirom tashrifi bo‘lib, bundan tashqari Bangladeshning to‘qimachilik sanoati va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari hamda istiqbolli loyihalar amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar olib borishdan iborat bo‘ldi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi I.Haydarov tomonidan Respublikamiz to‘qimachilik sohasining salohiyati borasida taqdimot o‘tkazildi, shu jumladan, to‘qimachilik va tikuv – trikotaj mahsulotlari eksportini amalga oshiruvchi davlatlar orasida O‘zbekiston yuqori reytingga ega bo‘lib turganligi va eksport tovarlar nomenklaturasida yigirilgan ip – kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga olganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga, bir qancha masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi, ya’ni bugungi kunda respublikamizda investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, va tadbirkorlar uchun taqdim qilinayotgan imtiyozlar alohida muhokama qilindi.

Janob Elchi suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasining to‘qimachilik sanoatida loyihalar amalga oshirish uchun yaratilgan qulayliklarga qiziqish bildirdi.

Jumladan:

  • Bangladeshlik investor va tadbirkorlarga O‘zbekistonda tekstil sanoatida loyihalar amalga oshirish uchun Bangladesh hukumati tomonidan 50%gacha xarajatlarini kredit mablag‘lari bilan ta’minlab berishga tayyorligini;
  • Bangladesh bilan tajriba almashinuvini amalga oshirish uchun mutaxassislar jalb qilishga tayyor ekanligini;
  • Yurtimizning geografik joylashuvi qulay bo‘lganligi sababli, O‘zbekiston orqali yuk tashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

Hozirda, O‘zbekistonning turli to‘qimachilik korxonalarida ko‘plab bangladeshlik mutaxassis texnologlar ish olib bormoqda. O‘tgan 2020 yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistondan Bangladeshga 10.5 mln.doll. miqdorida mahsulot eksporti amalga oshirilgan.

Bangladesh bugungi kunda dunyoning yirik to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi.

Paxta tolasini yetishtirish yiliga 28 ming tonna tashkil qiladi. Sohada 7 mingga yaqin korxona mavjud bo‘lib, ularda 5,1 milliondan ortiq kishi ishlaydi (ish bilan ta’minlanganlarning 85 foizini ayollar tashkil etadi). Kiyim ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasiga qarashli 4500 fabrikada 4 million ishchi ishlaydi, shundan 80% ayollardir.

Bangladesh tayyor kiyim eksporti bo‘yicha jahon bozoriga Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2018 yilda kiyim-kechak eksporti hajmi 33 milliard dollarni tashkil etdi va jahon kiyim-kechak eksportidagi ulushi 6,4 foizni, Bangladeshning umumiy eksportida kiyim-kechak eksporti 81% ni tashkil qiladi. Tayyor kiyimlarning asosiy bozorlari AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hisoblanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar