Prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
O‘tgan yili to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion so‘mga yetib, so‘nggi 7 yilda 4,2 baravar oshgani, 2023 yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar bo‘lgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, oxirgi ikki yilda jahon bozorida to‘qimachilik mahsulotiga bo‘lgan talab kamaygani qayd etildi. Bundan tashqari, asosiy eksport bozorlarimizda valyuta kursi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Shuni hisobiga o‘tgan yilda to‘qimachilik sohasi eksporti kutilgan ko‘rsatkichdan 200 million dollar kam bo‘ldi.
Prezident bugungi kunda to‘qimachilik tarmog‘idagi 6 mingdan ziyod korxona 570 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlayotganiga e’tibor qaratdi. Ya’ni, sanoat tarmoqlari orasida eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan ham, eng ko‘p aholini band qilib turgan soha ham bu – to‘qimachilik sanoati.
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan to‘qimachilikning barcha yo‘nalishlaridagi tadbirkorlar bilan muloqot qilinib, ularni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganildi va yechimlar ishlab chiqildi. Yuzdan ziyod tadbirkor taklif qilingan yig‘ilishda ushbu masalalar tahlil qilinib, yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Tarmoqdagi dolzarb masalalar muhokama qilinar ekan, o‘tgan yili tayyor mahsulot eksporti 1,3 milliard dollarni tashkil etgani bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi yetarli darajada emasligi qayd etildi. Ya’ni, eksportdagi tayyor mahsulotni asosiy qismi narxi past bo‘lgan trikotaj hisoblanadi.
Mamlakatimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28 foiz arzon. Bu o‘zimizda tayyor mahsulotni ko‘paytirish uchun juda katta imkoniyat. Shunga qaramay, jami ishlab chiqarishda tayyor mahsulotlar ulushi kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bizdagi xom ashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solish muhimligi ta’kidlandi.
So‘nggi oylarda to‘qimachilik mahsulotlarimiz 3 ta yangi bozorga chiqdi, eksport geografiyasi 83 ta davlatga kengaydi. Biroq hanuzgacha eksportning qariyb 80 foizi Rossiya, Xitoy va Turkiya bozorlariga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi. Yoki, Yevropaga eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Yevropa, Amerika va boshqa rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun korxonadan xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin, eksportchilarimizning 12 foizigina bunday talablarga javob beradi.
Viloyat hokimlari investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlarining bu boradagi faoliyati sustligi, eksportchilarga ko‘maklashishga e’tiborsizligi tanqid qilindi.
Yirik korxonalarning mahallalarda filiallarini tashkil qilish amaliyotini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Chunki korxona boshqa hududda filial ochsa, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilishi yoki sertifikat olishi shart emas.
O‘z faoliyatini yiriklashtirgan korxonalar bilan ishlashda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan buyon Inspeksiya faqat yirik strategik tarmoqlarga mas’ul bo‘lishi taklif qilindi.
To‘qimachilik korxonalari uchun eng katta masalalardan biri bu – xom ashyo.
Yurtimizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Keyingi 2 yilda yangi loyihalar hisobiga ushbu quvvatlar 1,5 million tonnaga yetadi. Lekin hozirda 1 million tonnaga yaqin tola ishlab chiqarilmoqda.
Bunday sharoitda yakkayu-yagona yo‘l – paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish shartligi ta’kidlandi.
Bundan buyon viloyatda qayta ishlashni birinchi va ikkinchi zanjiri bor to‘qimachilik korxonasi paxta xom ashyosini fermerdan bozor narxida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi va o‘z vaqtida yakuniy hisob-kitobni amalga oshiradi.
Bugungi kunda chetdan yuqori hosildor urug‘lik chigit keltirib, 100 ming gektarga ekish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda Xorazm 8 ming gektarga chigitni to‘liq ekib bo‘ldi. Andijon ekishni yaqinda tugatadi. Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ekish ishlari 10 foiz, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘onada 30 foiz, Buxoro, Jizzax va Sirdaryoda 60 foizga ham bormasligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bu boradagi ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Barcha klasterlar faoliyati tahlil qilinib, ulardagi xomashyo va aylanma mablag‘ bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Chuqur qayta ishlashni joriy qilgani uchun aksariyat klasterlar yaxshi ishlayapti, ularning faoliyatida kreditni qaytarish, ishlab chiqarishning pasayishi bilan bog‘liq muammolar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ayrim klasterlarga esa biroz ko‘mak berilsa, unumdorlik va eksport yanada oshadi. Mutasaddilarga klasterlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Ko‘rib turibsizlar, sohadagi salohiyatdan foydalanilmasa, ishlab chiqarish ham, eksport ham, ish o‘rinlari ham ko‘paymaydi.
Bu borada yagona to‘g‘ri yo‘limiz – mavjud xom ashyoni to‘liq qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va an’anaviy “arzon” bozorlardan – yangi, “qimmat” bozorlarga kirib borish,
- dedi Prezident yig‘ilishda.
So‘ng davlatimiz rahbari tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.
Izoh qoldirish