O‘zbekistondagi korxonalarning 57% o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar so‘rovi

O‘zbekistondagi korxonalarning 57% o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar so‘rovi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) noyabr oyida O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini baholash uchun korxonalar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovnomada respublika bo‘yicha 1008 ta korxona ishtirok etdi. Mutaxassislar tadbirkorlardan ularning biznesini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida so‘rashdi.

So‘rovnoma ikki yo‘nalishda o‘tkazildi:

  • biznesning hozirgi holatini sifatli baholash;
  • tadbirkorlarning keyingi 2-3 oy ichida o‘z bizneslarini rivojlantish istiqbollariga bo‘lgan umidlari.

O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitining tahlili shuni ko‘rsatdiki, biznesning hozirgi holati ko‘rsatkichi 27 ballni tashkil etdi, bu esa tadbirkorlarning o‘z biznesining hozirgi holatiga nisbatan o‘rtacha ijobiy fikrlarini tavsiflaydi. Xususan, qishloq xo‘jaligida hozirgi holat ko‘rsatkichi mos ravishda 53 ball, sanoat - 15, qurilish - 29, xizmat ko‘rsatish - 16 ballni tashkil etdi.

Shu yilning noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda korxonalarning 35 foizi biznesning hozirgi holatini “yaxshi”, 52 foizi “qoniqarli” va 14 foizi “yomon” deb baholadi.

Tovarlar/xizmatlarga bo‘lgan talabni korxonalarning 42% - "yaxshilangan", 45% - "o‘zgarmadi", 14% - "yomonlashdi" deb javob bergan.

Xodimlar soni korxonalarning 17 foizida «ko‘paygan», 71 foizida «o‘zgarmagan», 12 foizida «kamaygan».

Keyingi 3 oy davomida biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish ko‘rsatkichi 51 ballni tashkil etdi, ya’ni tadbirkorlarning kelgusi 3 oy ichida o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida umidlari ijobiydir.

Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbollarni kutish ko‘rsatkichi mos ravishda 61 ball, sanoat – 37 ball, qurilish – 29 ball, xizmat ko‘rsatish - 60 ballni tashkil etdi.

So‘rovda qatnashgan 1008 korxonadan 57% o‘z biznesining istiqbollarini "yaxshilanmoqda", 39% - "o‘zgarmaydi" deb baholashdi va atigi 5% "yomonlashadi", taxmin qilishgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tovar/xizmatlarga talab korxonalarning 50 foizida «yaxshilanadi», 42 foizida «o‘zgarmaydi», 7 foizida «yomonlashadi». Korxonalarning 34 foizida ishchilar soni «o‘sishi», 62 foizida «o‘zgarmasligi», 4 foizida «pasayishi» kutilmoqda.

Korxonalarning 45% o‘z mahsulotlarining narxi "o‘zgarmaydi", 34% "bilmayman" deb javob berishdi, 18% korxonalar o‘z tovarlari/xizmatlari narxlarining "ko‘tarilishini" kutmoqdalar va atigi 3% - "pasayadi" deb taxmin qilgan.

Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi 39 ballni tashkil etdi. Ya’ni, mamlakatda ishbilarmonlik muhitining holati yaxshi deb baholanadi.

Mavjud vaziyat va taxminlar qiymatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi yaqin 3 oy ichida davom etishini anglatadi. Xususan, qishloq xo‘jaligida ishbilarmonlik muhitining ko‘rsatkichi mos ravishda 57 ball, sanoatda 26, qurilishda 29, xizmat ko‘rsatishda 37 ballni tashkil etdi.

Joriy yilning noyabr oyida ishbilarmonlik muhitining shu kabi ko‘rsatkichlarini baholash hamkor davlatlar uchun quyidagicha: Turkiya (4) va Rossiya (-5.7), Yevropa hududi (-0.63), Xitoy (2.1), Janubiy Koreya (-15).

Feruzbek Davletov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar