Bugun, 24 mart kuni Xalqaro kongress markazida Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi. Uning yalpi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Forum doirasida davlatimiz rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Prezident Surxondaryo viloyati Angor tumanida quvvati 1560 megavattli yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimida ishtirok etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari forumning barcha ishtirokchilarini samimiy qutladi.
"Bundan 5 yil avval biz Harakatlar strategiyasini qabul qilib, uning doirasida keng ko‘lamli demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lini tanladik.
Ushbu islohotlar dasturi davlatimiz va jamiyatimizning barcha sohalarini qamrab olib, qonun ustuvorligini ta’minlash, raqobatni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan.
Biz birinchi navbatda, ilgari investorlarni O‘zbekiston bozoriga kirishi va erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillarni bartaraf etib, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yarata boshladik”, dedi Prezident.
Prezident investorlar uchun yaratilgan keng sharoitlarga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, 2017 yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin konvertatsiyasini joriy qilib, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlangani qayd etildi.
"Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdilar. Dunyo bozorlariga milliy valyutamizda ham xalqaro obligatsiyalar chiqarildi.
Shu bilan birga, biz bank-moliya sohasidagi islohotlarimizni tizimli ravishda davom ettirish zarurligini albatta yaxshi tushunamiz.
Mamlakatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatini yaratdik.
Yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi.
Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston mintaqadagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritgani bugun hech kimga sir emas”, dedi Prezident.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Bu boradagi sa’y-harakatlarimizni amalga oshirish maqsadida alohida Agentlik tashkil etildi.
Bu sohada boshlagan ishlarimizni davom ettirib, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash olib borish yanada kuchaytirilmoqda.
Mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlash va to‘liq himoya qilishni ham eng ustuvor vazifa sifatida belgiladik.
Ikki yil avval O‘zbekistonda Inson huquqlari milliy strategiyasi qabul qilindi va tarixda birinchi marta mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashiga a’zo bo‘lib saylandi.
O‘zbekistonni qonun va adolat mustahkam qaror topgan demokratik mamlakatga aylantirish, mustaqil va kuchli sud-huquq tizimini shakllantirish – eng oliy maqsadlarimizdan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi” – Prezident.
"Islohotlarimizning muhim yo‘nalishi sifatida mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta’minlash, demokratik media makon yaratish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarini “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisob́dorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishmoqdamiz.
Bu boradagi eng muhim yutug‘imiz shuki – biz jamiyatimizda “yopiqlik muhiti”dan qutulib, Yangi O‘zbekiston poydevorini aynan erkinlik va adolat tamoyillari asosida barpo etmoqdamiz.
Ko‘p yillar davomida mamlakatimizni turli “qora ro‘yxat”larga kiritilishi uchun sabab bo‘lgan majburiy, jumladan, bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.
Buning e’tirofi sifatida yaqinda xalqaro “Cotton Campaign" koalitsiyasi hamda jahondagi mashhur brendlar tomonidan O‘zbekiston paxtasi va tekstil mahsulotlariga nisbatan ilgari o‘rnatilgan boykot bekor qilindi".
“Biz islohotlarimizning birinchi kunidan boshlab ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz.
So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi.
Bundan tashqari, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi.
Shu o‘tgan qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi.
Natijada, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oldingi 9 foizdan 28 foizgacha yetkazishga erishildi va bu yo‘nalishdagi ishlarimiz davom ettirilmoqda.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham muhim islohotlar izchil olib borilmoqda”.
“Respublikamizda amalga oshirilayotgan soliq siyosati ham biznes sohasini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda soliqlarning umumiy sonini 13 tadan 9 tagacha kamaytirdik.
Mol-mulk, shaxsiy daromad va ijtimoiy soliq stavkalari ikki barobarga pasaytirildi. Shu bilan birga, 6 mingga yaqin import boj stavkalari ham pasaytirildi.
Shuningdek, o‘tgan 5 yil ichida 200 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki soddalashtirildi.
Tadbirkorlik sub’yektlari zimmasidagi soliq yukini yanada kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirish choralari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
O‘zbekistonda xorijiy investorlar bilan ishlashning “yagona darcha” tamoyili asosida mutlaqo yangi tizimi joriy etilib, sarmoyadorlarga har tomonlama ko‘mak beradigan, barcha hududlar va tarmoqlarni qamrab olgan Investitsiyalar vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi”.
“Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi.
Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi.
Shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati va boshqa ko‘plab sohalardagi qayta ishlash darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga hamda eksportimizning yillik hajmlarini salkam 20 milliard dollarga yetkazishga muvaffaq bo‘ldik.
Ikki yil avval mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambag‘allikni bartaraf etishni Hukumat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylantirdik.
Ushbu yo‘nalishda Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi.
Natijada, qisqa davr ichida yarim milliondan ortiq oilani muhtojlar toifasidan chiqarishga erishdik”, dedi Prezident.
"Islohotlar ortga qaytmaydigan muqarrar tus olgani real haqiqatdir. Umuman olganda, 5 yil davomidagi harakatlarimiz o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Bu fikrni islohotlarimizning dastlabki yillaridayoq, iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi 5 foizni, sanoat sohasida esa – 8 foizni tashkil etgani ham tasdiqlaydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 27 milliard dollardan 35 milliard dollarga yetdi.
Hatto koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020 yilda ham mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘śishida ijobiy dinamika saqlab qolingani, 2021 yilda esa uning o‘sish sur’ati 7 foizdan oshgani – islohotlar yo‘lining to‘g‘ri tanlanganidan dalolat bo‘lib, bizni yangi amaliy marralarga da’vat qilmoqda.
Yangi Strategiyamizning pirovard maqsadi – davlatimiz va jamiyatimizning barcha soha va yo‘nalishlarida “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etish", dedi davlatimiz rahbari.
Prezident investitsiyalarni jalb qilish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.
“Mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘nalishida amaliy takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2022 yildan e’tiboran Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar Kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “kraud-sorsing” platformasi va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda, barcha tarmoqlar va hududlardagi investorlar va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazish amaliyotini davom ettiramiz.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlarimiz natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotimizni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkaziladi.
Biz O‘zbekistonning 2030 yilga borib aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz", dedi Prezident.
"Oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan pandemiya sinovlari, iqtisodiyot sohasidagi mavjud qiyinchiliklar va boshqa muammolar bizni nostandart choralar ko‘rishga, yangicha vaziyatda ishlash va natijaga erishishga o‘rgatmoqda.
Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilganini hech kim inkor qila olmaydi.
Biz investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish bo‘yicha harakatlarimizni yanada jadallashtiramiz.
Islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi eng murakkab vazifa – bu faqat qonunchilikni o‘zgartirish yoki turli strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat emas. Bular albatta muhim, lekin eng asosiysi – odamlarning dunyoqarashi va fikrlashini o‘zgartirish ekanligini, o‘ylaymanki, dunyodagi barcha islohotchilar tan olsa kerak".
"Bugun ushbu zalda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti komandasi a’zolari – vazirlar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlari ham qatnashmoqda.
Ularning hammasi, yuqorida ta’kidlanganidek, yuksak malakali mutaxassislar, zamonaviy dunyoqarashga ega, Yangi O‘zbekiston vakillari bo‘lib, ushbu forumga tayyorgarlik doirasida mendan aniq topshiriqlar olishgan.
Bu rahbarlar forumga tashrif buyurgan Siz, hurmatli mehmonlarimiz bilan amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, yangi loyihalarni ishlab chiqish, eng muhimi – investor va tadbirkorlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish uchun muntazam ishlashga tayyor.
Forum doirasida sizlarning e’tiboringizga O‘zbekistonda o‘z biznesingizni samarali yuritishingiz uchun mavjud sharoitlar va yangi istiqbollar to‘g‘risida keng ma’lumot beradigan 30 dan ziyod tadbirlar bilan bir qatorda 200 dan ortiq jozibador loyiha takliflari ham havola etiladi".
Davlatimiz rahbari hozirgi zamon butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tayotgan, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir davr ekanligini ta’kidladi.
"Biznes va tadbirkorlik, xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun beqiyos imkoniyatlar ochilayotgan mana shunday sharoitda sizlarni qadimiy sivilizatsiya va madaniyat maskani bo‘lgan, bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo‘lidan dadil borayotgan Yangi O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik o‘rnatishga taklif qilaman.
Sizlarning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatingizni ta’minlash O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tomonidan kafolatlanadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident anjumanning barcha ishtirokchilariga forum natijalari bo‘yicha muhim va samarali kelishuvlarga erishishni, kelgusi ishlarida esa yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tiladi.
Izoh qoldirish