“O‘zbekneftgaz” AJ Davlat Soliq qo‘mitasining telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy “Soliq xizmati xabarlari – Rasmiy kanal” kanali orqali e’lon qilingan Davlat korxonalari ham “obnal firma”lar bilan “soxta” bitim tuzgan nomli maqolasi yuzasidan rasman raddiya e’lon qildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ 2020 yil yakunlariga ko‘ra, yirik soliq to‘lovchilarning ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinda qayd etildi. Shu munosabat bilan, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish faoliyatining uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun ochiqlik, oshkoralik, raqobat, mutanosibligi tamoyillari va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik asosida davlat xaridlari sohasida amaldagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilgan holda shartnomalar tuzilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida” gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori (elektron kooperatsion portal – cooperation.uz).
“O‘zbekneftgaz” AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4664-son qaroriga muvofiq, “KPMG” xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etgan holda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ 2020 yilda shubhali xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan hech qanday bitimlar (shartnomalar) imzolamagan va Jamiyat hisob raqamlaridan ularga hech qanday mablag‘lar o‘tkazib berilmagan.
“O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari “yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutada korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomga muvofiq, korporativ bank kartalaridan foydalangan holda kichik moddiy-texnika resurslari, ofis materiallari sotib oladi (AV tomonidan 18.04.2005 yil 1470-son bilan ro‘yxatga olingan).
“O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan materiallar va uskunalar korporativ bank kartalari orqali Davlat soliq qo‘mitasi ro‘yxatiga kiritilgan korxonalarning rasmiy chakana savdo do‘konlaridan sotib olingan va tegishli kassa cheklari olingan va belgilangan tartibda kirim qilgan.
O‘z navbatida, barcha so‘ralgan ma’lumotlar soliq organlariga taqdim etildi, agar kerak bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” AJ davlat xizmatlari organlariga har qanday qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor.
"Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan mezonlarga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ rasman “Ishonchli” korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi «obnal firma»lar bilan «soxta» bitimlar tuzgan davlat aksiyalari bo‘lgan 206 ta korxonalar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ushbu ro‘yxatga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ, "O‘zmetkombinat", "O‘zbekneftgaz", "Turonbank", "Ipak yo‘li bank" , "Trastbank", "Ippodrom" va boshqalar kiritilgan bo‘lib, ularning soni 200 dan ortiq.
Davlat soliq qo‘mitasi «obnal firma»lar bilan «soxta» bitimlar tuzgan davlat aksiyalari bo‘lgan 206 ta korxonalar ro‘yxatida bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham "obnal firma"lar bilan shartnoma tuzish sababini tushuntirdi.
Izoh qoldirish