Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qo‘mitasida sohani takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda Prezident matbuot xizmati.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. 2019 yil dekabrda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanuvchi normalar joriy etildi.
- Bugungi soliqchilar 3 yil oldingi soliqchilar emas. Zamon ham o‘zgardi, bular ham o‘zgardi: 5 yilda biz mutlaqo yangi soliq tizimini yaratdik. 2020 yilda ko‘p muhokamalardan so‘ng, biz bugungi O‘zbekistonimizga munosib bo‘lgan yangi Soliq Kodeksini qabul qildik. 13 tadan 9 taga soliq turlari kamaytirildi. Mulk solig‘i 5 %dan 1,5 %ga tushdi. QQS 20% dan 15% ga tushdi. 2023 yil 12 % ga tushirishimiz kerak. Buning uchun ko‘p ish qilishimiz kerak. Odamlar qachon bizdan rozi bo‘ladi? Soliq yuki kamayib, daromadlarimiz oshib borsa, rozi bo‘ladi.
Bularning natijasida tadbirkorlarning islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari 4 baravar ko‘paydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 6 mingdan 152 mingtaga yetdi.
Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan.
Davlatimiz rahbari soliq idoralari faoliyatini yaxshilash, buning uchun axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Buning natijasida jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, «yashirin iqtisodiyot» hajmini kamaytirish uchun soliq to‘siqlari bartaraf etiladi, kadrlar salohiyati mustahkamlanadi.
Davlatimiz rahbari dunyodagi tez o‘zgaruvchan, murakkab vaziyatda soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlarga ko‘mak berish zarurligini alohida ta’kidladi.
- Men bu yerga soliq to‘lovchilarning vakili bo‘lib keldim, - dedi Prezident. - Bizga hozir tushum oshishi asosiysi emas. Birinchi navbatda, tizimni to‘g‘ri qilib, bilmaganlarga o‘rgatib, soliq yukini kamaytirib, tadbirkorlarning emin-erkin, halol ishlashini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Soliqchilar jazolovchi emas, ko‘makchi bo‘lishi kerak.
Aytib o‘tilganidek, ayrim hollarda tadbirkorlar yangi dastur va talablarni tushunmagani sababli ko‘plab savollar ham paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ularga yangicha ishlashni o‘rgatish, elektron xizmatlar qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Agar tadbirkor yangicha soliq hisobotini, o‘zgarishlarni bilmasa, unga jazo berish kerak emas, to‘g‘ri yo‘lni o‘rgatish, ishontirish kerak- Shavkat Mirziyoyev
"Faqat biz to‘g‘ri qilyapmiz, deb yurishimiz noto‘g‘ri. Nega endi odamlar norozi bo‘lyapti deb ulardan xafa bo‘lishimiz kerak? Eng katta muammoingiz - tushuntirib bermaganingiz. Bu noto‘g‘ri. Soliq organidagi barcha darajadagi rahbarlar tadbirkorlar, odamlar bilan tez-tez uchrashib, muammolarini eshitishi, tushunmovchiliklarning oldini olishi, ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda kerakli axborotni berishi, o‘rgatishi va yaqin ko‘makchisi bo‘lishi kerak", dedi davlat rahbari.
Soliq tizimi davlat korxonalarini transformatsiya qilishda faol ishtirok etishi, ularga tannarxni pasaytirish va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi kerakligi aytildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari u yerda kadrlar tayyorlash sifatiga e’tibor qaratdi. Soliq idoralari xodimlarini tizimda joriy qilinayotgan yangi IT-dasturlar bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.
Prezident soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va soliq tizimida ishlayotgan 200 nafar mutaxassisni Turkiya, Koreya va boshqa davlatlarda o‘qitish hamda malakasini oshirish bo‘yicha tezroq ro‘yxatni shakllantirish haqida topshiriq berdi.
Izoh qoldirish