«O‘zbekneftgaz» AJ o‘z tarixida ilk bor London fond birjasida 700 mln AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarini 7 yil muddatga 4,75% stavkada muvaffaqiyatli joylashtirdi, deya xabar qilmoqda kompaniya matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, xalqaro obligatsiyalarni chiqarish doirasida 5 va 8 noyabr kunlari potensial investorlar ishtirokida roadshow o‘tkazildi. Shuningdek, roadshow davomida AQSh, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Osiyo mamlakatlaridan 35 dan ortiq institutsional investorlar bilan telekonferensiya (Global Investor Call) va yirik xalqaro 28 ta investorlar bilan individual uchrashuvlar tashkil etildi.
«Olib borilgan marketing o‘rganishlar natijasida 9 noyabr holatiga tashkilotchi banklar (Bank GPB International S.A., Citigroup Global Markets Limited, J.P. Morgan Securities plc. va MUFG Securities EMEA plc) tomonidan Jamiyatning yevroobligatsiyalarining boshlang‘ich foiz stavkasi 5,00% miqdorida belgilandi», deyiladi xabarda.
Kelib tushgan jami buyurtmanomalar miqdori 1,9 mlrd dollar, tashkilotchi banklar buyurtmanomalarisiz — 1,7 mrd dollarga baholangan. Yakunda «ishtirokchilarning sifat va miqdori tahlili natijasiga ko‘ra» yevroobligatsiyalarning yakuniy foiz stavkasi 4,75% gacha tushirilgan.
Xalqaro obligatsiyalar 120 dan ortiq Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Yevropa xamda Osiyo mamlakatlari investorlari orasida taqsimlanganligi aytilmoqda.
Qayd etilishicha, xalqaro obligatsiyalarni chiqarish doirasida kompaniya tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilgan, jumladan:
- Ernst&Young (Buyuk Britaniya) xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan 2017−2020 yillar va 2021 yilning 1-yarim yilligi uchun jamiyatning MHXSga asosan konsolidatsiyalashgan moliyaviy xisobotlari auditi o‘tkazilgan;
- Fitch Ratings va S&P xalqaro reyting agentliklari tomonidan BB- (barqaror) darajasidagi korporativ reyting va emissiyasiga reyting berilgan;
- obligatsiyalarni chiqarish uchun CITI Group, JP Morgan (AQSh), Mitsubishi UFG (Yaponiya) va «Gazprombank» AJ (RF) kabi tashkilotchi banklar jalb qilingan;
- barcha turdagi yuridik ekspertizalar (auditorlik, moliyaviy, boshqaruv) o‘tkazilgan.
2018 yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» rahbariyatiga korxonaning kredit reytingini olish va tashqi bozorga chiqish uchun ishlarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu bilan birga, kompaniya «Gazprombank»ni xalqaro kapital bozorlarida «O‘zbekneftgaz» AJ yevroobligatsiyalarining debyut emissiyasining ikki global koordinatori va mualliflaridan biri etib tayinlash bo‘yicha mandat kelishuvini imzolaganini ma’lum qildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ quvvatlari hozirda yiliga qariyb 70 milliard kub metr tabiiy gaz va 8 million tonna suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Biroq zahiralarning tugashi va texnologik yo‘qotishlar tufayli so‘nggi 15 yil ichida uglevodorod qazib olish sezilarli darajada kamaygan. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda neft qazib olish 4,9 foizga oshib, 733,6 ming tonnani, gaz qazib olish 17,8 foizga kamayib, 49,739 milliard kub metrni tashkil qilgan.
Izoh qoldirish